Til – ko‘ngil mulki

O‘rta maxsus ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari uchun til bayrami tadbirnomasi

Til – millatning o‘zligidir. Tarixi bir necha ming yillarga borib taqaladigan ona tilimiz boshidan ko‘p sinovlarni, og‘ir kunlarni o‘tkazdi. O‘zbek farzandlari o‘z tilida gapirishdan mahkum etilgan kunlar ham bo‘ldi. Ammo barchasi barham topib, Ona tilimiz yorug‘likka yuz tutdi. Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 24 yil to‘ldi. Bu ulug‘ bayram barchamizning ruhimizga esh. Qutlug‘ sanani hamma shod xurramlikda nishonlamoqda. Qo‘yida «Til – ko‘ngil mulki» deb nomlangan bayram kechasi ssenariysini e’tiboringizga havola etamiz.

(Musiqa sadolari ostida ikki boshlovchi chiqib keladi)

1-boshlovchi:

Bu hayotning ziynati baxt-u bashorat, assalom,

San’ati so‘z naqshi bu, nur-u hidoyat, assalom,

Hislati birla jahon ahliga ne’mat assalom,

Jumlayi insonga barobar yaxshi odat, assalom!

2-boshlovchi: Assalomu alaykum, aziz mehmonlar, mehribon ustozlar va bilimga chanqoq o‘quvchilar! Ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganiga bu yil 24 yil to‘ldi. Ana shu sanaga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan bayram tadbirimizga xush kelibsiz!

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

So‘ngra «Til – dil tarjimoni» mavzusida 5 daqiqalik ma’ruza tinglanadi.

1-boshlovchi: Bugungi bayram kechamizda ilm maskanimizning iqtidorli o‘quvchilaridan tuzilgan guruhlar quyidagi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashadilar. Marhamat, ularni davraga taklif qilamiz.

O‘quvchilar o‘zlariga ajratilgan joylarni egallaydi. Boshlovchi muassasaning faol o‘qituvchi-murabbiylaridan iborat hay’at a’zolarini e’lon qiladi. Hay’at a’zolari har bir shartni 5 ballik tizimda baholashadi. Bellashuv boshlanadi. Shartlar e’lon qilinadi.

2-boshlovchi: 1-shart: «Tanishtiruv». Bu shartda o‘quvchilar o‘z guruhlarining nomini ta’riflab, o‘zlarini tanishtiradilar.

Reglament -5,7 daqiqa.

1-boshlovchi: 2-shart: «Pantomima orqali iboralarni ko‘rsatib berish».

Reglament -5,7 daqiqa.

2-boshlovchi: 3-shart: «Tezkor savol-javoblar». Ushbu shartda ishtirokchilar ona tili fanidan o‘tilgan mavzulari bo‘yicha tezkor savollarga javob beradilar.

Reglament -5,7 daqiqa.

1-boshlovchi: 4 – shart: «Kelishiklar asosida gap tuzib mevalarni tariflab berish».

Reglament -5,7 daqiqa.

1-shart bo‘yicha ikki guruh navbati bilan guruh nomini ta’riflab o‘zlarini tanishtiradi.

2-shartda quyidagi iboralar fantomima orqali guruhlarga ko‘rsatiladi, guruh ishtirokchilari pantomimada qanday ibora yashiringanini topadilar:

1– guruhga:

1-boshlovchi:

Yana o‘qing:  E’tirof

«Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi»,

«Kapalagi uchdi»,

«G‘aflat bosdi»…

2-guruhga:

2-boshlovchi:

«Chuchvarani xom sanadi»,

«Suvdan quruq chiqdi»,

«Boshiga ko‘tardi»…

1-boshlovchi: Hay’at a’zolari Pantomima shartini baholab bersangiz!

Hay’at a’zolari tomonidan ikkinchi shart baholanadi va e’lon qilinadi.

1-boshlovchi:

Bulbulning boyligi chamandir,

Vijdonning boyligi imondir,

Taxmondir kelinning boyligi –

Mezbonning boyligi mehmondir.

2-boshlovchi:

Yurakning boyligi siridir,

O‘zbekning boyligi elidir,

Bulardan tashqari odamning

Eng katta boyligi tilidir!

1-boshlovchi: Navbatdagi shartimizda har bir bosqich talabalari ona tilidan o‘tilgan mavzulari bo‘yicha tezkor savollarga javob beradilar.

Diqqat, 1-guruh uchun savollarni o‘qib eshittiraman:

Eski o‘zbek adabiy tiliga xos bo‘lgan so‘zlar hozirgi o‘zbek adabiy tilida qanday atalishini aytib bering.

Cherik – askar,

huvaydo – ayon, ravshan,

qopungda – eshigingda,

pasha – kasb, hunar,

ulus – el, xalq,

bilmon – bilmayman,

butradi – tarqaldi, ketdi,

behbud– sog‘lomlik…

1-guruh a’zolari bir ovozdan javob beradi.

2-boshlovchi: Bizga ma’lumki, o‘zbek tili lug‘atining boyish manbalari ichki va tashqi manbalarga tayanadi. 2-guruh berilgan so‘zlarni qaysi tildan olinganini aytib berishlari kerak. Marhamat, so‘zlarni o‘qiyman…

Kitob – arabcha,

paravoz – ruscha,

anor – fors-tojikcha,

klub – inglizcha,

tuman – mo‘g‘ulcha,

limon – ispancha,

manti, lag‘mon – uyg‘urcha,

palto – fransuzcha,

poydevor – fors-tojikcha,

milliy – arabcha…

1-boshlovchi: Hay’at a’zolari marhamat, ushbu shartimizni baholab bersangiz!

Hay’at a’zolari tomonidan uchinchi shart baholanadi va e’lon qilinadi. Sahnaga o‘quvchilar tomonidan chizilgan mevalar rasmi olib chiqiladi.

1-boshlovchi: Hozir qaysi fasl?

Tomoshabinlar bir ovozdan javob berishadi: «Kuz fasli». Birinchi boshlovchi gapida davom etadi.

Azizlar, ayni shu faslda bog‘larda tilni yorar mevalar g‘arq pishadi. Serquyosh zaminimiz haroratidan to‘yingan olmalar larzon-larzon bo‘lib pishadi. Anorlar tars yorilib, yoqut donalari ko‘zni quvontiradi.

2-boshlovchi: Hozirgi shartimizda har bir guruh rasmda tasvirlangan mevaning nomi ishtirokida kelishiklarga asoslanib gap tuzadi. Bunda tuzilgan gapning mazmun-mohiyatiga, uning ega-kesimiga alohida e’tibor beriladi. Hay’at a’zolari esa shartni baholab boradilar.

Hay’at a’zolari tomonidan so‘ngi to‘rtinchi shart baholanadi va umumiy ballar e’lon qilinadi.

Tadbir so‘nggida guruhlar «faxriy yorliq» va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Yana o‘qing:  Yoshlar salomatligiga qaratilgan loyiha

1-boshlovchi: Shirin so‘z – jon ozig‘i! Dar­haqiqat, bir-birimizga mehru muhabbatimizni, cheksiz hurmatimizni, qadr-qimmatimizni til orqali bayon qilamiz. Ona tilimiz bizning baxtu iqbolimiz, shunday emasmi?

Birinchi boshlovchi ikkinchi boshlovchiga yuzlanadi.

2-boshlovchi: Albatta, til millatimizning boyligi, faxri va g‘ururi. Uni asrab-avaylash, qadr-qimmatini oshirish biz yoshlarning zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. O‘zbek tilining Davlat tili maqomini olganiga yigirma to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan siz azizlarni yana bir bor muborakbod etamiz!

Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy g‘azaliga bastalangan mumtoz qo‘shiq yangraydi va tadbir yakunlanadi.

Zeboxon SAIDAHMEDOVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at litseyining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: