Donorlik – insonparvarlikning yuksak namunasi
Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Bu murg‘ak qalbning shodon kulgisi uchun dunyoni baxshida etsang arziydi.
Har bir ota-ona farzandining sog‘lom, baquvvat bo‘lishini, hech kimdan kam bo‘lmasligini, yaxshi o‘qib, komil inson bo‘lishini xohlaydi. Xalqimiz asl baxtni farzandlari salomatligi, baxtu kamolida deb biladi. Lekin bu hayot. Uning turli sinovlari, o‘nqir-cho‘nqirlari bor. Biror bir dardga yo‘liqqan bolajonlarning salomatligi uchun kurashish, ularning oyoqqa turishi uchun bor imkoniyatini ishga solishga tayyor turgan ota-ona uchun bu istakning amalga oshishi hayot-mamot masalasi. Qon xastaliklari, jumladan, og‘ir darajadagi kamqonlik, qon saratoni (leykoz), qon ivish tizimi ishining buzilishi (gemofiliya) kabi kasalliklar bilan og‘rigan bolalar, albatta donorlar ko‘magiga muhtoj.
Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida ayni paytda shu turdagi kasalliklar bilan og‘rigan yuzlab bolalar davolanmoqda. Ular qalbida ezguliklar jo‘sh urgan insonlar – donorlar muruvvatini kutib yashamoqda.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi arafasida respublikamizning barcha hududlarida tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemor bolalarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan an’anaviy xayriya aksiyasini o‘tkazdi.
Ushbu yirik loyiha “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalari hamda Toshkent shahridagi Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida o‘tkazildi. Mazkur beg‘araz donorlik aksiyasida turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qon almashtirishga muhtoj bemor bolalarga jon bag‘ishlash, ularning hayotga qaytishlariga yordam berish, og‘ir bemor bolalarning umidvor ko‘ngillariga malham bo‘lish, bu yorug‘ dunyo go‘zalliklariga intiq ko‘zlarga nur ato etish hamda ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli va savobli ishga bel bog‘lagan mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ixtiyoriy ravishda qon topshirdilar. Jumladan, Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutda bo‘lib o‘tgan ana shunday aksiyada ishtirok etish uchun yuzlab fuqarolar ko‘ngilli ravishda hozir bo‘lishdi.
Mamlakatimizda qon va qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori. Har kuni minglab insonlar donor qoniga muhtoj bo‘ladi. Afsuski, qonni sun’iy tarzda ishlab chiqishning imkoni yo‘q. Uning yagona manbai beg‘araz donorlardir. Bugun yurtimizdagi butun aholining 0,4 foizgina qon topshiradi. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 3-4 foizni tashkil qiladi. Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarida esa donorlar aholi sonining kamida 1 foizini tashkil etishi lozimligi belgilagan. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham mamlakatimizda beg‘araz donorlikni rivojlantirish, uning ahamiyatini keng omma o‘rtasida targ‘ib qilishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi va yiliga ikki marta xayriya aksiyalari o‘tkazishni an’anaga aylantirgan.
Qon berib, bemorlar hayotini saqlab qolgan donorning qalb iftixorini hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi. Aksiyada fuqarolar bag‘rikenglik namunasi sifatida tibbiy ehtiyojlar uchun qon topshirdilar, ular insonparvarlik va mehr-shafqat ko‘rsatgan holda mamlakat aholisi salomatligini himoya qilishga munosib hissa qo‘shdilar.
Farrux ABDUHAMIDOV