Konstitutsiya — hayotimizdagi ulkan o‘zgarishlarning huquqiy asosi
Tarixda shunday kunlar, voqealar bo‘ladiki, ular avlodlar xotirasida muhrlanib qoladi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kun biz uchun ana shunday unutilmas sana hisoblanadi. Shu bois, har yili mamlakatimizda 8 dekabr – Bosh qomusimiz qabul qilingan kun umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Konstitutsiyamiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan demokratik davlatlarning tarixiy tajribasi va jahon konstitutsiyaviy amaliyotiga tayangan holda yaratilgan. Asosiy qonunimiz BMT hujjatlariga, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash joizki, xalqimizning istiqlol va ozodlik uchun olib borgan mashaqqatli kurashi, milliy manfaatlarimiz va intilishlarimizga asoslangan xalqaro huquq normalari bilan qiyoslangan muhim hujjatni qabul qilish bilan O‘zbekiston butun dunyoga inson huquqlarining muqaddasligi va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini rasman e’lon qildi. O‘sha daqiqadan e’tiboran xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, o‘z milliy boyliklariga o‘zi egalik qilishi asosiy Qonunda muhrlab qo‘yildi.
Darhaqiqat, Bosh qonunimiz xalqimizning kelajakka, yorug‘ kunlar kelishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamladi. Uni ezgu maqsadlar tevaragida bir jon – bir tan qilib birlashtirdi, sinovlardan o‘tishida ruhiy va ma’naviy madad bo‘ldi. Inson haqida g‘amxo‘rlik, uning qonuniy mafaatlarini himoya etish, xuquqlarini ta’minlash asosiy tamoyil hisoblanadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi negizida aholini ijtimoiy muhofazalashga qaratilgan yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bosh qomusimizning 45-moddasida “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” deb, ijtimoiy ta’minotga muhtoj qatlam bevosita va bilvosita davlat himoyasida ekani ko‘rsatilgan. Shuningdek, Prezidentimizning “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni, ezgu amallarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi.
Yigirma olti yil ichida shahar va qishloqlarimizning qiyofasidagina emas, balki yurtdoshlarimizning turmish tarzi, tafakkuri, dunyoqarashida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Istiqlol yillarida tug‘ilib, hurlik havosidan bahra olib o‘sgan yangi avlod kamol topmoqda. O‘zbek xalqi murakkab, globallashuv sharoitida dunyo ahli bilan bap-baravar qadam tashlashga qodir millatga aylandi. O‘zbekistonning jahon miqyosida nufuzi ortdi, shon-shuhrati yuksaldi, mustaqillikning siyosiy va iqtisodiy negizi mustaxkamlandi.
Muxtasar aytganda, ulkan mehnat, mashaqqatlar evaziga yaratilgan Bosh qomusimiz nafaqat demokratik taraqqiyotimizning kafolati, balki ijtimoiy hayotimizda sodir bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlarning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilayotir. Negaki, uning bosh g‘oyasi insonparvarlik, fuqarolarning erkin va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratishdan iboratdir.
No‘mon AKBAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati