Yangi konsepsiya sog‘liqni saqlash sohasi muammolariga yechim bo‘ladi.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi va mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida “Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni isloh qilish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, JSST, BMT, YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida 9 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda tibbiyot tizimini isloh qilishning 2025 yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan edi. Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ushbu hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo ekspert guruhlari tashkil etildi. JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi va mamlakatimizdagi vakolatxonasi ekspertlari ham konsepsiya bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Konferensiyada mazkur konsepsiya loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash bo‘yicha harakatlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Konsepsiyada tibbiyot sohasida qonunchilikni takomillashtirish, sog‘liqni saqlashni tashkil qilish va boshqarishni takomillashtirish, tibbiy yordam sifatini oshirish kabi ustuvor vazifalar qamrab olingan. Xususan, sohada qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Tibbiy yordamning kafolatli hajmi to‘g‘risida”gi qonun, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi kodeks loyihalarini ishlab chiqish, majburiy tibbiy sug‘urta sohasiga tegishli me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Alisher ShODMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri:
– Soha islohotlarining asosi bo‘lgan yangi konsepsiyani tatbiq etish orqali tizimda yechimini kutayotgan masalalar hal etilib, onalar va bolalar o‘limini 15 foizga, chaqaloqlar va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini esa 30 foizga kamaytirishga erishish mumkin. Shuningdek, tibbiy-ilmiy muassasalarni bazaviy va dasturiy moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish, soha manfaatlariga tegishli strategik boshqaruvni barqarorlashtirish kabi masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jujanna YAKAB,
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori:
– O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasi izchil rivojlanmoqda. Xususan, emlash dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha davriy islohotlar ishlab chiqilayotgani aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqish imkonini bermoqda. Buni mamlakat kelajagi yo‘lida kiritilgan eng yaxshi investitsiya ham deyish mumkin. Tashkilotimiz bu boradagi tashabbus va harakatlarni, tibbiyotni moliyalashtirishdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.