Tutun ichidagi “gullar” yoxud qizlar nega tamaki chekadi?

Homiladorligimning uchinchi oyi shifokor ko‘rigiga bordim. Qabulga navbatda turar ekanman, deraza yonida buruqsitib tamaki tutatayotgan o‘rta yoshlardagi ayolga ko‘zim tushdi. Unga boshdan-oyoq diqqat bilan razm soldim. Ko‘rinishidan o‘zbek ayoliga o‘xshardi. Erta-indin yangi mehmon kutadigan holatda. O‘sha damda o‘zining onasi tomonidan hali tug‘ilmasidanoq zahar yutishga majburlanayotgan mitti vujudni o‘ylab, unga ich-ichimdan achindim. Turli savollar menga sira tinchlik bermasdi: nega o‘zbek ayoli tamaki chekmoqda? Biz qachon shu holga kelib qoldik?

Shifokor qabuliga kirgach, ulardan chekishning ona qornidagi homilaga zarari haqida so‘radim. Mutaxassis bir so‘z bilan “Bunday holatda chaqaloq 99 foiz miyasi falaj tug‘iladi” deb javob berdi. Shuningdek, shifokor homilador ayol hatto, ko‘chada tamaki tutunining isini tuysa, homila 24 soat davomida uyqusiz bo‘lishini, bunda tug‘ilajak bola asab kasalligi bilan dunyoga kelishini ta’kidladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, bu zararli illat insonning mehnat qobiliyatiga salbiy ta’sir etadi. Muntazam chekish esa asab tizimi hujayralarini holdan toydiradi. Buning oqibatida miyaning axborot yig‘ish xususiyati erta izdan chiqadi, xotira esa susayadi.

…Bu yil maktabni bitirganimizga ikki yil to‘lishi munosabati bilan sinfdoshlar bilan yig‘iladigan bo‘ldik. Stol atrofida men va uch dugonam birga o‘tirdik. Ularga qarab, biroz hayratlandim. Ko‘z atrofiga ajin tushgan, qizilga bo‘yalgan lablari orasidan sarg‘aygan tishlari ko‘rinardi. Yuzlari so‘lg‘in. Shu payt uchchalovi ham sumkasidan sigaret olib, buruqsitib cheka boshladi. Men esa barchasini tushunganday edim…

–  Ommaviy axborot vositalari orqali chekishga qarshi turkum ko‘rsatuvlar, ijtimoiy roliklar, maqolalar berib borilmoqda, lekin afsus­ki, buning samarasi unchalik ham sezilmayapti, – deydi psixolog Durdona Sayfullayeva. – Hatto, tamaki qutilariga “Chekish bu – o‘lim!” qabilidagi so‘zlar yozilganiga qaramay, kashandalar safi yildan-yilga ortmoqda. Ba’zan o‘zim faoliyat olib boradigan maktabdagi yuqori sinf o‘quvchilarining chekka-chekka joylarda tamaki chekib turganiga guvoh bo‘laman. Ularning orasida qiz bolalarning borligi esa yanada achinarlidir. Bir kuni ana shunday qizlardan 3-4 tasini yonimga chaqirib, dildan suhbatlashdim. Ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdim. O‘quvchilar oilasidagi notinch vaziyat, ota-onalarining o‘zaro janjalidan beziganliklarini aytib, ovunchoq sifatida tamaki chekishlarini ta’kidladi. Shundan so‘ng ularning ota-onalari bilan ham tushuntirish ishlari olib bordim. Lekin shu o‘rinda bunday muammolarga bir tomonning harakati bilangina yechim topilmasligini aytib o‘tmoqchi edim. Agar oila kattalari o‘z farzandlari kelajagiga befarq va loqayd bo‘lsa, bolalarning yurish-turishi, odob-ahloqida qusurlar yuzaga chiqaveradi.

Chekuvchilar, sigaret siqilishni  ketkazadi, muammoni hal etishga yordam beradi, deb o‘ylaydi. Aslida bu jiddiy xato. Inson chekkan vaqtda tanasi huzur qilgani bilan birozdan so‘ng boshi lo‘qqillab og‘riydi. Bu zararli illat yurak qon-tomir tizimi faoliyatiga jiddiy ta’sir etadi. Immunitetni izdan chiqarib, tanani turli kasalliklarga qarshi kurashuvchanlgini pasaytiradi. Hatto, kashandalik insult (miyaga qon quyilishi)gacha olib keladi.

Yana o‘qing:  Stomatologik muolaja orqali kasallik yuqishi mumkinmi?

Ma’lumotlarga qaraganda sigaret bilan aloqador kasalliklar natijasida jahonda har yili 5 milliondan ortiq odam vafot etadi. Bu borada amerikaliklarning jiddiy bir hazili bor: “Bizda har kuni mingta odam chekishni tashlaydi. Chunki har kuni shuncha odam vafot etadi”.

Tunov kuni avtobusda ketayotib, beixtiyor ikki kishining suhbati qulog‘imga chalindi:

– Og‘ayni avvallari juda ko‘p tamaki chekarding. Kunda bitta qutini tugatganingga o‘zim guvohman. Eshitishimcha, bu odatingni tashlagan emishsan. “Qayoqdan kun chiqdi”, – dedi ulardan biri. – Har kuni ishdan qaytayotganimda sigaret chekib uyga kirardim, – deydi o‘rta yoshdagi hamroh. – Kelganimda uch yoshli qizcham yugurib kelib bo‘ynimdan quchar va “dadajon sizdan shirin hid keladi” derdi. O‘sha paytda bu so‘zlarga unchalik ham e’tibor bermasdim.

Bir kuni televizor ko‘rib o‘tirgan payt sigaret chekayotsam, qizim uning tutunini shunday huzur bilan ichiga tortdiki, buni ko‘rib dahshatga tushdim. Anchagacha bu voqea ko‘z oldimdan ketmadi. Shu-shu sigaretni og‘zimga olmay qo‘ydim.

O‘z xatosidan xulosa chiqarib, uni tuzatish eng to‘g‘ri qarordir. Ammo o‘sha ota xatosini o‘z vaqtida anglab yetmaganida nima bo‘lardi?!

Yana bir misol. Avtobus bekatlarining birida tasodifan qo‘shni qiz Hilolaning tamaki chekib turganining guvohi bo‘lib qoldim. U meni ko‘rdi-yu tezda qo‘lidagi zormandani ariq ichiga tashlab yubordi. Hilola bilan salomlashgach, biroz piyoda yurishni taklif qildim. Gapni uzoqdan boshlab, ke­yin muddaoga o‘tdim. Uni qiynayotgan muammolarni bilishga intildim. Ma’lum bo‘lishicha, kollejning 2-bosqichida tahsil oladigan bu qizni yaqinda yoqtirgan yigiti tashlab ketibdi. Unga eng alam qilgani yigit va yaqin dugonasi xiyonat qilibdi. O‘zining aldangani, yolg‘izlanganini his qilgan qiz alam bilan tamakiga ruju qo‘ygan. Oldiniga o‘zini chalg‘itish uchun topgan “mashg‘ulot”i borib-borib butkul ovunchog‘iga aylanibdi.

Ahamiyat beryapsizmi, balog‘at yoshidagi qiz o‘zini yolg‘is his etgan. Unga sirdosh dugona bo‘lishi lozim bo‘lgan ona esa boshqa yumushlar bilan band. Shu sabab farzand o‘zi uchun ko‘chadan dugona va yaqin inson qidirgan. Oila kattalari hayot sinovlari bisyor ekani haqida o‘git bermagani bois, u kichik bir dovondan ham o‘tolmagan.

Xulosa o‘rnida shuni aytishni istardikki, agar oilada ota qat’iyatli, ona esa farzand­larga mehribon va do‘st bo‘lsa, qizlar ko‘cha hayotidan mehr izlamaydi. Qiyin kunlarida suyanchig‘i borligini his etish qiz bolaga katta kuch va iroda bag‘ishlaydi. Shunday ekan, aziz ota-onalar, farzandlaringizning orzu-intilishlari, ularni qiynayotgan muam­molarga quloq tuting! Jondan aziz dilbandlaringizga o‘rnak bo‘ling va ular qalbiga oila mehrini singdiring!

Yana o‘qing:  Mitoxondriya DNKsi autizm rivojlanishiga ta’sir o‘tkazadi

Ma’lumot o‘rnida

Hozirda yer kurrasida erkaklarning 60 foizi, ayollarning doimiy ravishda tamaki chekadi.

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: