Malakali murabbiy kam, ammo bu birgina muammo emas

Iste’dodli sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda erishgan g‘alabalari sharafiga madhiyamiz yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarilganda beixtiyor qalbimiz g‘ururga to‘ladi. Bunday muvaffaqiyatga go‘yo o‘zimiz erishgandek qalbimizda bir olam shodlik tuyamiz.

Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, mamlakat sportchilarini xalqaro arenalarda munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Quvonarlisi, joriy yilning noyabr oyiga qadar respublika miqyosida 483 ta musobaqa va 52 ta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazildi. Shuningdek, 1 ta qishki Olimpiya o‘yinlari, 81 ta xalqaro va 4 ta kompleks sport musobaqalari, 14 ta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda 3 ta ilmiy-amaliy konferensiya va kongresslarda mamlakatimiz sportchilarining ishtiroki ta’minlandi.

Xususan, joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yin­larida sportchilarimiz 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza – jami 70 ta medalni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimiz medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egallagani o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar o‘tkaziladigan 48 ta jahon chempionati va 14 ta Osiyo chempionatlarida terma jamoamiz a’zolarining muvaffaqiyatli ishtirok etish­larini ta’minlash maqsadida puxta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Yutuqlarning mavjudligi diqqatga sazavor, ammo ushbu sohada yetarli darajada kamchiliklarning mavjud ekanligini ham qayd etish joiz. Xususan, aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportning ommaviy turlari bilan shug‘ullantirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda ta’lim muassasalaridagi sport ob’yektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmaganini alohida qayd etish joiz. Malakali murabbiylar kamligi, xususan, qishki sport turlari bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligi ham asosiy muammolardan biridir.  Bu kabi masalalarni ijobiy hal etish maqsadida vazirlik tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yurtimizda xorijiy davlatlarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish yuzasidan olib borilayotgan qator ishlar yuqoridagi muammolarni hal etishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

E’tiborlisi, ayni paytga qadar Sankt-Peterburg shahridagi P.Lesgaft nomidagi Jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy universiteti hamda Rossiya Jismoniy tarbiya, sport, turizm va yoshlar universiteti rahbariyati o‘rtasida ushbu oliy ta’lim muassasalarini O‘zbekistonda filiallarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilib, kelishuv imzolandi.  Shu bilan birga Xitoy Xalq Respublikasi bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida Sport tibbiyoti bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochish, yengil atletika, suv sporti va qishki sport turlari bo‘yicha mohir atletlarni tayyorlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, 2018 va oldingi yillarda ma’lum sabab­larga ko‘ra qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan va foydalanishga topshirilmagan ob’yektlarni 2019 yil manzilli dasturiga kiritish, shuningdek, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasining 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan 5 yillik manzilli dasturi loyihasini shakllantirish ustida ish olib borilmoqda.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda ilk bor odam jigar bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi

Tizimda sportchi o‘quvchilarni ovqatlantirish uchun ajratilayotgan byudjet mab­lag‘laridan oqilona va samarali foydalanish hamda yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini yanada yaxshilash maqsadida sinov tariqasida 2018 yilning oktyabr oyidan boshlab Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida o‘quvchilarni autsorsing asosida ovqatlantirish tizimi joriy etildi.

Oybek QOSIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari:

– Sport ta’lim muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bazasida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli trenerlar uchun maxsus sirtqi bo‘limni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuning­dek, Nukus shahrida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti filialini tashkil etildi. 2020–2021 o‘quv yilidan boshlab esa mazkur filiallarga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Respublika oliy sport mahorati maktablarining ish faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Sport turlarini ommaviylashtirish, iqtidorli atletlarni saralash ishlarini muvofiqlashtirish, respublikada faoliyat yurituvchi barcha sport ta’lim muassasalari va nodavlat tashkilotlari bilan sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni ta’minlash mexanizmi yaratildi.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: