OITSga qarshi kurashish samaradorligi oshadi

Respublikamiz tibbiyot tizimida aholiga ko‘rsatilayotgan e’tiborning amaliy ifodasini Yurtboshimiz tomonidan imzolangan «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni misolida ham ko‘rish mumkin. Qonun 23 sentyabrdan e’tiboran rasman kuchga kirdi.

Ta’kidlash joizki, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda sog‘liqni saqlashning milliy modeli vujudga keldi. Bu o‘z navbatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining oshishiga va aholi salomatligi ko‘rsatkichlari hamda turmushining yaxshilanishiga imkon bermoqda. Shu ma’noda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga doir chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi tufayli aholi salomatligini saqlashning mustahkam normativ-huquqiy asosi shakllandi. Tibbiy xizmat ko‘rsatishning yaxlit tashkiliy tuzilmasi yaratildi. Shuningdek, aholini turli yuqumli kasalliklardan ishonchli himoya qilish borasida ularni ijtimoiy xastaliklarga chalinib qolmasliklari uchun amaliy chora-tadbirlarni qo‘llash bugungi kunga kelib yanada kuchaytirildi.

Ma’lumki, ijtimoiy kasalliklar qatorida OIV va OITS xastaligi tobora avj olib borayotgan global muam­molardan biri hisoblanadi. OITS aholining mehnatga qobiliyatli qismini zararlashi, kasallikka chalinganlarni ijtimoiy himoya qilish majburiyati va unga ketadigan sarf-xarajatlarning kattaligi, shuningdek, mamlakatning demografik holatiga ta’sir qilish orqali iqtisodiy taraqqiyotga xavf tug‘diradi. Bu o‘z navbatida milliy taraqqiyot va barqarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

E’tirof etish kerakki, ushbu kasallikning oldini olish borasida mamlakatimizda ham bir qator tizimli ishlar olib borilmoqda. Sohaga oid barcha munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi ham bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Ayniqsa, OITSga qarshi kurash markazlarining moddiy-texnik bazasi yildan-yilga mustahkamlanib, mazkur yo‘nalishda yangi diagnostika va davolash uslublari tatbiq etilayotganligi, shuningdek, qon xizmati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajarilayotganligi e’tiborga molik.

Bugungi kunga kelib xalqaro miqyos­da OIV kasalligi tarqalishiga qarshi kurash masalasiga yondoshuvlar keskin o‘zgardi. Bir qator qo‘shni davlatlarda epidemiya tarqalishi jadallashib bormoqda. Mamlakatimizda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi bois ushbu kasallik barqaror bo‘lishiga erishilmoqda. Lekin chegaradosh mamlakatlar ayniqsa, Afg‘oniston orqali noqonuniy narkotrafik vaziyatning xavfi yuqori bo‘lganligi, chegaralarimiz ochiqligi, sayyohlar soni oshishi, migratsiya erkinligi bu masalaga ko‘proq e’tibor qaratishni taqozo etmoqda. Mamlakatimizda odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy munosabatlar davlat tomonidan tartibga solinishi, kasallik yuqtirib olgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, infeksiyani yuqtirganligi uchun javobgarlikni takomillashtirish, infeksiya tarqalishiga qarshi kurash faoliyatini olib boruvchi davlat idoralarining vakolat va vazifalari, bu borada o‘zini o‘zi bosh­qarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokiga oid masalalarni qayta ko‘rib chiqish zarurati vujudga keldi.

Yana o‘qing:  Odam savdosi – asr muammosi

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2008 yil 26 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori yuqoridagi qonunning qabul qilinishiga huquqiy asos bo‘ldi.

Amalda bo‘lgan 1999 yil 19 avgust­dagi «Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun OITS bilan kasallanishning oldini olishga qaratilgan bo‘lsa, imzolangan qonunda odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha munosabatlar tartibga solingan. Inson huquqlari ta’minlanishini ifoda qiluvchi tegishli xalqaro hujjatlarda belgilangan kasallikka chalinganlarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarning maxfiyligini saqlashga oid qoidalarga rioya qilish haqidagi talablarga ko‘ra ixtiyoriy tibbiy tekshiruvdan o‘tish shart ekanligi yoki shaxsni tibbiy tekshiruvdan majburan o‘tkazilishi haqidagi qoidalar avvalgi qonunda belgilanmagan bo‘lsa, yaqinda qabul qilingan qonunda ushbu munosabatlarning huquqiy asosi yaratildi.

Shuningdek, qonunda O‘zbekiston va chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarda OIV kasalligi aniqlangan taqdirda maxfiylikka amal qilgan holda ixtiyoriy ravishda yashirin yoki oshkora tibbiy tekshiruvdan o‘tishi, OIV tasdiqlansa, oqibatlari, ya’ni ular qon va boshqa biologik suyuqlik, odam a’zolari va to‘qimalarning donori bo‘la olmasligi belgilangan.

Ushbu qonunning yana bir e’tiborli tomoni shundaki, ushbu virusni yuqtirib olgan shaxslarga tibbiy yordamni tashkil qilish, o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda infeksiyani yuqtirib olish xavfi ostida bo‘lgan tibbiyot xodimlarining ijtimoiy muhofazasini belgilash, ushbu kasallikni yuqtirib olganlar huquqi cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalari o‘z yechimini topgan.

Yana bir muhim jihati, OIV tar­qalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish huquqiy asosini belgilash maqsadida qonunda davlat byudjeti, shuningdek, qonun hujjatlari bilan ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Bu borada aholining mazkur kasallik bo‘yicha tibbiy bilimlarini oshirish hamda jamoatchilik orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bugungi kundagi asosiy vazifamizdir.

Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan mazkur qonun OITS xastaligiga chalingan bemorlarning huquqlari qonuniy himoya qilinishiga, kasallik tarqalishi bo‘yicha epidemiologik holatning yaxshilanishiga hamda unga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Olim O‘SAROV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: