“Qarz”ga berilgan “quvvat” yoxud energetik ichimliklarning zarari
Yaqin tanishimning farzandi kasalxonaga tushib qoldi. Uyiga hol-ahvol so‘ragani borsam, dugonam ko‘zlarida yosh bilan dardini doston qildi:
– O‘g‘lim maktabda ovqatlanish uchun bergan pullarimizni yig‘ib, “quvvatbaxsh” ichimliklardan olib ichaveribdi. Tunov kuni yonimga kelib, “Ona, yuragim tez-tez urib, tanam holsizlanib ketayapti” degandi, jon-ponim qolmadi. Kasalxonaga borsak, shifokor bularning bariga energetik ichimliklar sababligini aytdi. Farzandimdan so‘rasam, “Do‘stlarimga qiziqib, bir-ikki marta olib, ichgandim” deydi. Ey, qurib ketsin, o‘sha “quvvatbaxsh” ichimligi ham…
Bugun yurtimizda tanaga qo‘shimcha quvvat bag‘ishlaydigan, tetiklantiradigan ichimliklarning bozori chaqqon. Shu sabab ularning har xil nom bilan ataluvchi turlari ko‘paydi. E’tiborlisi, ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari orqali peshma-pesh berilayotgan reklamalar ushbu mahsulotning yanada xaridorgirligini ta’minlamoqda. Hatto, “quvvatbaxsh” ichimliklar ishlab chiqaruvchi firmalar kim o‘zarga turli aksiyalar, yutuqli sovrinlar tashkillashtirib, o‘z mahsulotlari targ‘ibotiga katta kuch sarflamoqda. Bundan tashqari ishlab chiqaruvchilar ichimlikning idishiga “fitness” so‘zini qo‘shib yozish orqali energetik ichimliklarni fitness mashqlaridan avval iste’mol qilishni “targ‘ib” etmoqdalar. Natijada o‘smirlar bunday kokteyllarga yanada “mehr” qo‘ymoqda.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: “quvvatbaxsh” ichimliklar chindan ham inson tanasiga tetiklik baxsh etadimi? energetik kokteyllar tarkibida qanday “foydali” moddalar borki, odamlar, ayniqsa, ba’zi o‘smirlar ularga butunlay bog‘lanib qolmoqda?
Ishlab chiqaruvchilarning fikriga ko‘ra energetik ichimliklar organizmning ichki zahira quvvatlarini qo‘zg‘ash hisobiga tanadagi ish qobiliyatni oshiradi. Aslida esa ushbu kokteyl organizmdan quvvatni tez va ko‘p miqdorda oladi hamda kerakli a’zoga yetkazadi. Bu esa eng avvalo, insonning asab tizimini ishdan chiqishiga, tanada moddalar almashinuvining buzilishiga sabab bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli tuman tibbiyot birlashmasida quvvat beruvchi ichimliklarning inson salomatligiga salbiy ta’sirini aniqlash va yoshlarga buning amaliy tasdig‘ini ko‘rsatish maqsadida yoshlar ishtirokida tahliliy tekshiruv o‘tkazildi. Unda shifokorlardan biri tajriba sub’yekti sifatida ishtirok etdi. Ichimlikni iste’mol qilishdan avval uning EKG tahlili va qon bosimi o‘lchandi. Hammasi me’yorda. Energetik ichimlik ichgandan so‘ng qayta tekshiruv o‘tkazilganida uning qon bosimi oshgan, yurak faoliyati tezlashgani aniqlandi. Shifokorlarning aytishicha tarkibida kofein miqdori ko‘p bo‘lgan energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qiluvchilar kelajakda ruhiy faollashuvchi moddalarni tez-tez qabul qilishga odatlanadi.
Energetik ichimliklarning inson organzmiga ta’siri to‘g‘risida boshqa mamlakatlarda ham qator tajribalar o‘tkaziladi. Xorij olimlarining aniqlashicha bu ichimlikka o‘rganganlar depressiya (ruhiy tushkunlik)ga tez tushadi. Yurak urishi izdan chiqib, hatto erta o‘limga olib keladi.
– Insonda yurak ritmini tezlashtiruvchi melotanin gormoni energetik ichimliklarning asosini tashkil etadi, – deydi fitness bo‘yicha murabbiy Dilshod To‘rayev. – Bunday mahsulotlar yurakni zo‘riqtirish evaziga tanaga vaqtinchalik tetiklik beradi. Ammo bu holat yakunda yurak kasalliklarini keltirib chiqaradi. Tomirlar zo‘riqishi natijasida asab tizimida salbiy o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Bora-bora insonda holsizlik, mushaklarning bo‘shashishi kuzatiladi. Bugun mashg‘ulotlarga kelayotgan yoshlarga eng birinchi navbatda energetik ichimliklardan voz kechishi lozimligini tayinlayman. Qandaydir kokteyllardan emas, mashg‘ulotlardan kuch olish mumkinligini anglab yetganlar bu ichimlik bilan boshqa “do‘st”lashmaydi.
Shu o‘rinda ma’lumot: energetik ichimliklarning har bir idishida qiymati 3 finjon qahva, 14 qoshiq shakar ta’mini beruvchi kimyoviy moddalar mavjud. U maniyaga yetaklovchi adaptogen, kofein, teofilin, teobrimin, glyukoza, saxaroza va boshqa zararli kimyoviy moddalar bilan to‘yintirilgan.
Mutaxassislar bunday ichimliklarga bog‘lanib qolish oqibatida inson tanasida gipertoniya, asabiylik, kislorod yetishmasligi, taxikardiya kabi kasalliklar kelib chiqishini ta’kidlamoqda. Ichimlikni ko‘p iste’mol qilganda bosh og‘rig‘i, qayt qilish, uyqusizlik va boshqa salbiy holatlar yuzaga keladi. “Quvvatbaxsh” kokteyllarning me’yordan ortig‘i esa og‘ir asoratlarga, hatto, o‘limga olib kelishi mumkin. Bundan ko‘rinib turibdiki, 18 yoshga to‘lmaganlarga bu kabi mahsulotlarni sotishga alohida e’tibor qaratish va buni nazorat qilish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdilar. Unga ko‘ra energetik ichimliklarni 18 yoshga yetmagan shaxslarga sotish taqiqlanadi. Talab bajarilmagan holda, jismoniy shaxslarga eng kam oylik ish haqining 5 dan 10 barobarigacha, yuridik shaxslarga esa 7 dan 15 barobarigacha jarima belgilanadi. Shuningdek, energetik ichimlik reklamasida uning jismoniy va aqliy faoliyatni oshirishi, samarasi haqida ma’lumot bo‘lishi mumkin emas.
Xo‘sh, qonunlarda belgilangan talablar to‘liq va samarali bajarilmoqdami? Afsuski, bunga ijobiy javob berish dushvor. O‘ylaymizki, mutaxassislar bu masalaga yanada jiddiy e’tibor qaratishadi.
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri