Shaxmat malikalari musobaqasi yakunlandi
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Xalqaro shaxmat federatsiyasi, mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi hamda «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan xotin-qizlar o‘rtasidagi FIDE Gran-prisining uchinchi bosqich bahslari nihoyasiga yetdi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi olti xalqaro turnirdan iborat FIDE Gran-prisi jahon shaxmat toji uchun kurashish imkonini beradigan musobaqadir. 2013-2014 yillarda o‘tkaziladigan ushbu turnirda umumiy hisobda 18 nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Har bir bosqichda 12 nafardan shaxmatchi o‘ynaydi. Shu tariqa ularning har biri Gran-pri seriyasidagi to‘rttadan turnirda qatnashadi. Yakunda eng ko‘p ball jamg‘argan shaxmat ustasi 2015 yilda amaldagi jahon chempioni bilan shaxmat toji uchun o‘n partiyadan iborat uchrashuv o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.
Gran-pri bosqichlariga Jeneva, Dilijan, Toshkent, Xanti-Mansiysk, Tbilisi va Erdenet shaharlari mezbonlik qiladi.
Poytaxtimizda o‘tgan nufuzli turnirda o‘n ikki nafar kuchli shaxmatchi – Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlari kumush medali sovrindori, xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova, jahon shaxmat olimpiadasi, jahon va Yevropa chempionati sovrindori gruziyalik Bela Xotenashvili, qizlar o‘rtasida ko‘p karra jahon chempioni hindistonlik Xampi Koneru, Osiyo chempionati kumush medali sovrindori va Xitoy chempioni Szyu Venszyun, jamoaviy jahon chempionati, Yevropa chempionati g‘olibasi, tezkor shaxmat – blits bo‘yicha jahon chempioni ukrainalik Katerina Lagno, jahon va Yevropa chempioni bolgariyalik Antoaneta Stefanova, 20 yoshgacha qizlar o‘rtasida jahon chempioni hindistonlik Xarika Dronovalli, jahon va Yevropa chempioni, jahon shaxmat olimpiadasi ikki karra g‘olibasi rossiyalik Aleksandra Kostenyuk, Yevropa chempionati sovrindori va olti karra Armaniston chempioni Elina Danielyan, 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida jahon va Yevropa chempioni rossiyalik Olga Girya, 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida jahon chempioni xitoylik Chjao Syue, xalqaro turnirlar g‘olibasi qozog‘istonlik Gulisxon Nakboyeva ishtirok etdi.
Musobaqa qoidasiga ko‘ra, FIDE Gran-prisi bosqichida shaxmatchilar bir davrali tizimda jami 11 partiya o‘yin o‘tkazdi. Nafisa Mo‘minova qozog‘istonlik Gulisxon Nakboyeva va xitoylik Szyu Venszyunni mag‘lubiyatga uchratdi. Armanistonlik Elina Danielyan va ukrainalik Katerina Lagno bilan durang o‘ynadi.
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida o‘tgan taqdirlash marosimida 8 ochko bilan birinchi o‘rinni egallagan Xampi Koneruga oltin medal topshirildi. Kumush medal Bela Xotenashvili, bronza medal Katerina Lagnoga nasib etdi.
FIDE Gran-prisining to‘rtinchi bosqichi 2014 yilning 2-16 may kunlari Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahrida bo‘lib o‘tadi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov ishtirok etdi.
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri