Jamiyatda o‘zbek ayollarining roli qanday?
“Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarning roli: o‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ushbu masala keng muhokama etildi.
Dunyoning 30 ga yaqin davlatidan xalqaro ayollar institutlari vakillari, siyosat, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol bo‘lgan ayollar ishtirok etgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston xotin-qizlarining jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rni, ularning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalardagi faolligini xalqaro hamjamiyatga yaqindan tanishtirish, o‘z navbatida, xorij tajribasini o‘rganish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva va BMT koordinatori hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer ochib berdi.
Tadbirda davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning roli va ahamiyati, ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida hamkorlik o‘rnatish, xotin-qizlarning mavjud salohiyatini hayotga tatbiq etish shakllari va imkoniyatlari muhokama etildi. Shu bilan birga xotin-qizlarni ularning ishtiroki bo‘lmagan yoxud kam bo‘lgan sohalarga jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish hamda gender tadqiqot natijalari to‘g‘risida o‘zaro ma’lumot almashildi. Imkoniyati cheklangan xotin-qizlar uchun ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida o‘zaro tajriba almashish, qo‘mitaning xalqaro aloqalarini kengaytirish masalasi ham anjumanning muhokama mavzusi bo‘ldi.
Konferensiya ishi uchta plener yig‘ilishdan iborat bo‘lib, ularda gender tengligi, ayolning davlat boshqaruvidagi roli va imkoniyatlari, ayollar bandligi va tadbirkorligi, ularning ijtimoiy himoyasi muhokama etildi.
Tanzila NORBOYEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:
– Mamlakatimizda xotin-qizlarning baxtli va saodatli yashashini ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Boshlangan ezgu ishlarga javoban O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda nafaqat ichki imkoniyatlardan foydalanish, balki bu borada xalqaro aloqalarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Qo‘mitaning Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Xitoy, Germaniya kabi davlatlar bilan ayollar masalasiga oid yo‘nalishlarda o‘rnatilgan o‘zaro hamkorlik aloqalari bunga yaqqol misoldir.
Natalya GERMAN,
BMT Bosh kotibining maxsus vakili,
Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha BMTning mintaqaviy markazi rahbari:
– Bugungi anjumanda davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning roli va ahamiyati masalalari xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirokida muhokama etilayotgani e’tiborga molik. Chunki bugun O‘zbekistonda nafaqat ayollar masalasi, balki barcha jabhalarda ulkan o‘zgarishlarni kuzatmoqdamiz. Ayniqsa, Xotin-qizlar qo‘mitasining ayollarning davlat boshqaruvidagi mavqeini oshirishdagi tajribasi va xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashayotganida katta ma’no bor. Bu yurtingizda ayollarning barcha sohalarda teng huquqqa egaligidan dalolat beradi. BMT mamlakatingizda ayollar tengligi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va bu borada hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdori.
Elmira BOSITXONOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari:
– Ayollarni ijtimoiy himoya qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish borasida yurtimizda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, respublikamizda mavjud 204 ta tumanda Xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan tashkil etilgan «Ayollarmaslahat markaz»lari ish olib bormoqda. Mazkur markazlarda malakali mutaxassislar, psixolog, xuquqshunos va tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi. Shu bilan bir qatorda qizlar va fertil yoshidagi ayollarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Respublika qizlar salomatligi markazi, hududlarda esa Qizlar salomatligi markazlari tashkil etilgan bo‘lib, bu onalik va bolalik muhofazasida, xususan, onalar va bolalar o‘limi sonini kamaytirishda o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘ladi.
Ushbu tadbirni muntazam tashkil etilishi, yurtimizning barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini yanada oshiradi, albatta.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri