Xalq tabobati – tibbiy yordamning qo‘shimcha usuli

Ilgarilari issiq jonning issig‘i chiqsa bemor tabibga borgan. To‘g‘ri, bugun zamonaviy tibbiyotning imkoniyati qanchalik keng va kuchli bo‘lmasin, odamlar orasida hali-hanuz tabibga murojaat qiladiganlar ham oz emas.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, keng ko‘lamli yangilanish va rivojlanish bosqichlari, tatbiq etilayotgan maqsadli dasturlar bilan bir qatorda, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan xalq tabobati ham o‘z yo‘lida taraqqiy etib kelmoqda.

Biroq amalda ko‘p hollarda zamonaviy tibbiyot bilan xalq tabobati o‘zga-o‘zga qutbda ish ko‘rdi: ularning kuch va salohiyatini birlashtirish yoki imkoniyatidan uyg‘un holda foydalanish masalasi hech kimni qiziqtirmadi. Oqibatda xalq tabobati arosatda yashadi. Tabiblar tomonidan ko‘rsatadigan xizmatlar fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita daxldor bo‘lgani sababli, ularning faoliyatini huquqiy tartibga solish va xalq tabobatining huquqiy maqomini belgilash zarurati mavjud edi.

Shu kunga qadar qonunchiligimizda hamda Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Adliya vazirligida “tabib” mutaxassisligi bo‘yicha biror bir me’yoriy hujjat ro‘yxatga olinmagan hamda xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida “tabib” mutaxassisligi kiritilmagan edi.

Yaxshi bilasiz, bir sohada huquq bo‘lsa, majburiyat ham tayin. Biroq xalq tabobati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda birorta ham huquq va majburiyatlar belgilanmagan edi. Tabiblarning yagona reestri ham mavjud emasdi.

Xalq tabobati sohasida ko‘p sonli tabiblar faoliyat yuritayotgani hamda ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmining kattaligiga qaramasdan, mamlakatimizda ular faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy bazaning mavjud emasligi tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan, kasbiy malakasi haminqadar har qanday shaxs­larning xalq tabobati faoliyati bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratgan edi. Bu o‘z navbatida, ularning faoliyatidan olinadigan haqiqiy daromadlarini yashirgan holda byudjetga soliqlarni to‘lamasligiga imkon yaratardi.

Bundan tashqari xalq tabobati faoliyati davlat organlari tomonidan nazorat qilinmasdi ham, muvofiqlashtirilmasdi ham. Shu tufayli ularning aholiga ko‘rsatadigan xizmatlarida xatarlilik va xavflilik darajasi yuqori bo‘lib, odamlarning hayoti va sog‘lig‘i xavf ostida qolgan paytlar ko‘p uchradi. Ushbu sohada ko‘rsatilayotgan tabiblik xizmatlari hamda bu xizmatlarga baholarning shakllanishi mutlaqo mavhumligi turli suiiste’molchilik holatlarining kelib chiqishiga zamin yaratgani ham bor gap. Tabiblar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar iste’molchilarining qonuniy huquq va manfaatlari buzilishiga sabab bo‘layotgani ham hech kimga sir emas edi.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar (2015-351)

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 12 oktyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respub­likasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohani tom ma’noda huquqiy jihatdan tartibga solish va yanada rivojlantirishga bevosita xizmat qilishi bilan birga, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan muammolarni bartaraf etib, turli qarama-qarshiliklar va qonunchilikdagi bo‘shliqlarga barham beradi.

Qaror bilan xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etildi. Tegishli vazirlik va idoralarga xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi joriy etish, xalq tabobati usullarida foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar o‘z faoliyatining natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanishini ta’minlash bo‘yicha bir qator vazifalar yuklatildi. Shuningdek, xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun javobgarlikni belgilash, xalq tabobati sohasida yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog‘lomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosida xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish vazifalari belgilandi.

Bundan tashqari qarorda respublika tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiyot-pedagogika ishi” bakalavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv siklini joriy etish, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida Xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kursini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda Prezidentimizning mazkur qarori va ushbu qarorga asosan ishlab chiqiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar mamlakatimizda ajdodlarimizdan bizgacha meros bo‘lib kelayotgan xalq tabobati sohasi yanada rivojlantirish, aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Qahramon MIRZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: