Milliy qadriyatlar – bebaho boyligimiz
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida «Milliy qadriyatlarimiz – beqiyos boyligimiz!» shiori ostida milliy sport turlari va xalq o‘yinlari festivali bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar hokimligi, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, madaniyat va sport ishlari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan mazkur festivalda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarning o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.
«Obod turmush yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tashkil etilgan «Milliy qadriyatlarimiz – beqiyos boyligimiz!» shiori ostida milliy sport turlari va xalq o‘yinlari festivalining o‘tkazilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni milliy qadriyatlarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalash, hayot tarzimiz, ma’naviy-axloqiy qarashlarimizga begona xatarli ta’sirlardan ishonchli tarzda himoya qilishdan iboratdir.
Tadbirda musobaqalarda faol ishtirok etgan jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘z muxbirimiz