Kulgu-shifo (2013-39)
Tog‘da geolog cho‘pondan so‘rabdi:
Otaxon, mavsumda qo‘ylaringiz qancha jun beradi?
– Oqlarimi yoki qoralari? – debdi cho‘pon.
– Deylik, oqlari.
– Ikki kilo.
– Qora qo‘ylarchi?
– Ular ham ikki kilo.
– Otaxon, aytingchi, bir kunda ularga qancha yem kerak?
– Oqlarigami yoki qoralariga?
– Deylik, oqlariga.
– Bir kilo yem ketadi.
– Qoralarigachi?
– Ularga ham bir kilo.
Geologning jahli chiqibdi:
– Ie, qanaqasiz otaxon, oq qo‘ylarmi, qora qo‘ylarmi deb, miyamning qatig‘ini chiqardingiz-ku!
– Axir oq qo‘ylar menikida, – debdi cho‘pon.
– E, shunday demaysizmi otaxon, qoralarichi?
– Qoralari ham meniki…