Buyrak-tosh kasalligi bolalarda qanday kechadi?
Buyrak ikki juft a’zo bo‘lib, peshob ajratuvchi tizimning markazi bo‘libgina qolmay, turli xildagi endokrin gormonlarni ham ishlab chiqaradi. Bu gormonlarning (renin, eritropoetin, urokinaza, D5 vitamini) qonga o‘tishi natijasida arterial bosim maromda bo‘ladi. Organizmda qizil qon tanachalari, qonning suyilishi va ivishi, shuningdek, uning tomirlarda ravon oqishi ta’minlanadi.
Buyrak qopchalaridan bir soatda 7 litr, bir kecha-kunduzda 150-200 litrgacha birlamchi peshob ajraladi. Organizm tashqi muhitdan o‘ziga kerakli oziq moddalarni qabul qilib oladi. Ushbu moddalar me’da-ichak tizimi orqali qonga so‘riladi. Qon tarkibida oqsillar, uglevodlar, yog‘lar, fermentlar va murakkab tarkibli mineral birikmalar hosil bo‘ladi. Ular esa to‘qimalar va hujayralarga ozuqa bo‘ladi. Biologik jarayon vaqtida hujayralarda paydo bo‘lgan keraksiz chiqindilar qonga ajralib chiqaradi. Mana shu zararli va organizm uchun keraksiz moddalar peshob orqali tashqi muhitga chiqib ketadi. Agar bemorda bolalikda boshlangan buyrak va peshob yo‘llari xastaligi o‘z vaqtida davolanmasa bir necha yildan keyin bu dard surunkali turga o‘tib, vaqti-vaqti bilan qo‘zg‘ab turadi.
Buyrak va siydik yo‘llari tosh kasalliklari sababli organizmda moddalar almashinuvi buzilishi natijasida ushbu a’zoda bitta yoki bir nechta toshchalar paydo bo‘ladi. Hosil bo‘lgan yot jismlar peshob yo‘llarini to‘sib, uning turib qolishiga sabab bo‘ladi. Natijada ushbu holat buyrak faoliyatining buzilishiga olib keladi.
Buyrak-tosh kasalligi insoniyatga qadimdan ma’lum. Uning paydo bo‘lishida tashqi muhitning ahamiyati katta ekanligidan dalolat beradi. Ayniqsa, ichki sabablardan biri – buyrakning shamollashi natijasida uning yallig‘lanishi va faoliyatida surunkali buzilishlar kuzatiladi. Yallig‘lanish esa oqsil chiqindilarining ko‘plab paydo bo‘lishiga olib keladi. Bular ham chiqindi bilan tiqilib qolgan qilnaychalar devorlariga o‘ta boshlaydi. O‘z navbatida ular tuzlar bilan to‘yinadi. Shu sababli ham toshning o‘lchamlari asta-sekin kattalasha boshlaydi. Toshlar tariqdek, moshdek, chigitdek ba’zan bedana tuxumidek kattalikda bo‘lib, sirti silliq, g‘adir-budir yoki qirrali shakllarda bo‘ladi. Ushbu toshlar buyrak jomidan peshob yo‘liga o‘tadi va keyin qovuqqa ham tushadi. Vaqt o‘tishi bilan uning o‘lchamlari ham kattalasha boradi. Bu xastalikning kelib chiqish sabablari juda ko‘p, ya’ni polietilogikdir. U yosh bolalarda tug‘ma holda ham uchrab turadi. Buyrakdan chiqayotgan peshob chiqaruvchi naychaga quyiladigan joyida torayish qo‘shimcha qon tomirining naycha ustidan bosib o‘tib, qiyshayib qolishi u yoki buralib qolganda siydikning turib qolishi ham asta-sekin tuzlarning cho‘kma holida chiqishiga olib keladi. Moddalar almashinuvining buzilishi peshob tarkibining muvozanatini buzilishiga olib keladi. Cho‘kkan tuzlar bir-biri bilan yopishib har xil kattalikdagi toshlarni hosil qiladi. Toshlarning tez hosil bo‘lishiga bir xil yoki vitaminsiz ovqat yeyish, kam xarakat qilish, tashqi muhitning salbiy ta’siri, qattiq ichimlik suvi, buyraklar, qovuq yoki siydik chiqaruv yo‘llarining yallig‘lanishi, organizmda endokrin kasalliklari natijasida suv-tuz almashinuvi buzilishiga sabab bo‘ladi.
Buyraklarda tosh paydo bo‘lganda bemorning bel sohasida yoqimsiz og‘riq vaqti-vaqti bilan kuzatiladi. Agar tosh ko‘chib, peshob yo‘liga tushsa og‘riq kuchayadi, siydikda qon paydo bo‘ladi. Og‘riq belda boshlanib chov, tashqi jinsiy a’zolarga o‘tadi. Tosh peshob yo‘lini to‘sib qo‘ysa og‘riq kuchayib, buyrak sanchig‘iga olib keladi. Buyrak jomiga tosh tiqilsa siydik tutilishiga hamda buyrak jomining kengayishi, ya’ni gidronefroz kasalligiga sabab bo‘ladi. Bemorning tana harorati ko‘tariladi. U qayt qiladi, siyishi keskin kamayadi. Ko‘pincha bolalar ko‘chada o‘ynab yurganlarida, sakraganda ularni to‘satdan qorinida, belida kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Bunday holatda tosh joyidan siljib, siydik yo‘lini to‘sib qo‘yadi.
Buyrak-tosh kasalligi bilan og‘rigan bemor birinchidan ko‘p ovqat iste’mol qilmasligi zarur. Shuningdek, xasta semirib ketishdan saqlanishi va doimo jismoniy harakatda bo‘lishi, xamir ovqatlar, non, qand, shakarni iloji boricha kam yeyishi kerak. Dardmand odamda yurak qon-tomir xastaligi mavjud bo‘lmasa bir kunda ikki litr suyuqlik ichishi mumkin. Chunki suyuqlik tuzlarni yuvadi. Spirtli ichimliklarni ichish aslo mumkin emas. Ichkilik organizmdagi tuzlarni erishiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari bemor parhezga qattiq rioya qilishi zarur. Parhezni esa shifokor buyuradi.
Hozirgi vaqtda yosh bolalar orasida keng tarqalgan buyrak-tosh kasalliklari asosan sistinuriya – sistin amino-kislotaning almashinuvi buzilishidan kelib chiqmoqda. Buning oldini olish va davolanishning eng muhim usuli parhezdir. Bemorlarga oqsilli mahsulotlardan baliq, go‘sht, sut va tuxum shuningdek, kartoshka, olma, limon, behi sharbatlarini ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Dori-darmonlar va parhez bilan buyrak-tosh kasalliklarini oldini olsa bo‘ladi. Kasallikka beparvo qarash buyrakda suv yig‘ilib qolishiga sabab bo‘ladi. Bunday bemorlar astoydil sabr bilan uzoq vaqt davolanishlari lozim.
Ma’lumot o‘rnida
Hozirda O‘zbekistonda har yuz nafar katta yoshli odamning beshtasida, har 10 000 nafar bolaning 17-18 tasida buyrak tosh kasalligi uchraydi.
Shavkat NURMATOV,
Ulug‘bek BERDIYEV,
ToshPTI Bolalar xirurgiyasi va onkologiyasi kafedrasi 2-bosqich magistrlari