Arosat yo‘li armonga eltar

Oy to‘lgan kecha. Uning shul’asi atrofga cho‘mgan qorong‘ulikni sutdek yoritmoqda. Odamlar esa shirin uyquda. Shu payt osudalikni buzib, chaqaloqning yurakni ezadigan achchiq yig‘isi eshitildi. Murg‘ak go‘dak qismatidan nolibmi yoki uni tashlab ketayotgan onasini ortiga qaytarish uchunmi bor ovozi bilan chinqirardi. Darvoza oldiga chiqqan qorovul yerda yotgan chaqaloqni ko‘rdi-yu, tezda uni qo‘liga olib choponiga o‘radi. So‘ng atrofga bir qur nazar soldi. Afsuski, hech kim yo‘q. “Qanday bemehr ona o‘z bolasini qarovsiz ko‘chaga tashlab ketadi-ya? Axir hayvonlar ham shunday qilmaydi-ku! Yo‘q, bular inson emas!”. Qorovul shunday hayollar bilan go‘dakni ichkariga olib kirib ketdi…

So‘nggi paytlarda bola savdosi bilan shug‘ullanayotgan, o‘z farzandini qarovsiz holda ko‘chaga tashlab ketayotgan bemehr onalar haqidagi noxush xabarlar tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘ldi. Bularni eshitgan har bir inson biyextiyor o‘z-o‘ziga savol beradi: bugun o‘z bolasini ko‘chaga tashlayotgan ayol chindan ham onamikan? Uning bunday razil ishga qanday qo‘li bordi? Axir u ham inson-ku! Nahotki, o‘z jigarporasiga rahmi kelmasa? Dunyoda tirnoqqa zor, farzand atalmish ulug‘ ne’matga yetisholmay armonda o‘tayotgan insonlar qancha! Essiz, ayollik sha’ni, Essiz, onalik martabasi! Essiz…

Aslini olganda bu salbiy holatlarni muammo deb bo‘lmaydi. Bu – illat. Jamiyatdagi sog‘lom muhitga ziyon yetkazadigan, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibatning ko‘tarilishiga sabab bo‘ladigan mudhish voqea, fojeadir. Bu illatni tag tomiri bilan qo‘porib tashlashning yagona yo‘li bor, u ham bo‘lsa, mehrdir. Bolalikdan mehr ko‘rgan insongina kelajakda o‘z farzandiga mehr ko‘rsata oladi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yning e’tibori bilan bolalar sog‘lom va barkamol inson bo‘lib ulg‘ayadi. Afsuski, mehrsizlik, yaqinlar taqdiriga befarqlik sabab, bugun ko‘p bolalar o‘z onasi bag‘rida emas, Bolalar uylarida yig‘lamoqda.

Bu maskanda ishlash men uchun og‘ir, – deydi Toshkent shahar Bolalar uyi bosh shifokori Ozoda Islomova. – Chaqaloqlar boshini chayqab, ona ko‘kragini izlaydi. Ularga qo‘l uzatsangiz, jajji qo‘lchasi bilan barmog‘ingizdan ushlab, og‘zini katta ochadi. Uni onasining ko‘ksi deb his etadi. Men shifokor sifatida ko‘p muassasalarda ishlaganman. Ammo bu yerdagi faoliyatimning biror bir kuni yig‘isiz o‘tmaydi. Beg‘ubor go‘daklarga qarab, yuragim eziladi.

Bu yerdagi tarbiyachilar suhbat asosida ishga olinadi. Ularning bari shirin so‘z, mehribon insonlar. Tarbiyachilar chaqaloqlarni o‘z bolalaridek parvarishlaydi. Tunda uyg‘onganlarini bag‘riga bosib, uxlatishadi.

Yana o‘qing:  “Tar” gajeti klaviatura, geympad yoki monipulyator o‘rnini bosadi

Tashlab ketilgan chaqaloqlarning aksariyati ayanchli ahvolda muassasaga olib kelinadi. Ularning ranglari qorayib, ochlikdan yig‘lashga ham xoli yo‘q, majolsiz bo‘lishadi. Ba’zilarining badaniga yara toshgan, ayrimlarining etlari tirnalgan. Ularga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Doimo shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi. Sog‘lomlashtirilgandan so‘ng boshqa bolalar safiga qo‘shiladi.

Muassasamizda bola asrab olish uchun kelganlarning ro‘yxati tuzilgan. 2018 yilda ellik nafardan ziyod odam bu masala bo‘yicha bizga murojaat qilgan. Ular o‘z bolasi bo‘lishini yillab kutishmoqda. Hatto, ular orasida bolasini tashlab ketib, keyinchalik o‘zi ham bola asrab olish istagida navbatga turgan onalar ham bor. Chunki endi uning salomatligi farzand ko‘rishga to‘sqinlik qiladi, – deydi O. Islomova.

Farzand – Yaratgan tomonidan berilgan eng oliy ne’mat, omonatdir. Shuning uchun ham keksalarimiz bolalarni e’zozlash, bu ne’matning qadriga yetish kerakligini uqtiradi. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s. a. v) “Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda bo‘lgan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomon munosabatda bo‘lgan uydir”, – deganlar.

Bolalar uyidagi pok qalbli tarbiyachilar go‘daklarga mehr ulashib, tun-u kun ular atrofida parvona. Ularga berilayotgan oziq-ovqatlarning sifati a’lo darajada. Shu bois, bolalar har tomonlama sog‘lom bo‘lib ulg‘aymoqda. Shirintoylarning ranglari tiniq va sog‘lom. Ularning orasida nogiron bolalar ham bor. Bemor bolajonlarning ayrimlari oliy toifali shifokorlar tomonidan o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng, sog‘lom hayotga qaytadi.

Muassasada bo‘lganimizda egizak bolalarni uchratdik. Bir yarim yoshga to‘lgan Fotima va Husan ko‘zni quvontirgudek shirin bolakaylar. Ozoda opaning aytishicha, egizaklarni asrab olayotgan oila hafta so‘nggida ularni olib ketishmoqchi. Biz ham ularning kelajagi porloq, hayoti zavqqa to‘lishini tilaymiz!

Bugun davlatimiz tomonidan ota-ona mehriga zor bolalarga yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Ularga zarur barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Biroq, har qancha g‘amxo‘rlik qilinmasin, ota-ona mehrini hech nima bilan bosib bo‘lmaydi. Buni oila qurish arafasida turgan yoshlar chuqur anglamog‘i, his etmog‘i lozim.

 

Ma’lumot o‘rnida

Bolalar uyida 2017 yilnin to‘qqiz oylik hisobotga ko‘ra chaqaloqlar soni 59 nafar bo‘lgan. Joriy yilgi to‘qqiz oyda esa 55 nafar go‘dak parvarishlanmoqda.

 

Yana o‘qing:  Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida yangi suzish havzasi ish boshladi

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: