O‘yinchoq o‘rdak saratonga qarshi kurashda ko‘mak beradi

Saraton xastaligi bilan og‘rigan bolalar xavfli o‘sma bilan kurashda ham jismonan, ham ruhan qattiq aziyat chekadi. XXI asr kelib dunyoda ushbu xastalikka qarshi kurashga katta e’tibor qaratilayotgan bo‘lsada, ammo kasallikni davolashda ulkan yutuqlarga erishilgani yo‘q.

Yaqinda robotlar bo‘yicha mutaxassis Aoran Xorovits bu borada ajoyib o‘yinchoq ixtiro qildi. Ushbu o‘yinchoq bolaga xastalikka qarshi davolanish hamda kimyoterapiya muolajasidan so‘ng yuzaga keladigan yoqimsiz holatlarga qarshi kurashda yaqindan ko‘mak beradi. Ixtiro “My Special Aflack Duck” (“Mening maxsus Aflak o‘rdagim”) deb nomlandi. Bir qarashda ixtiro odatiy, yoqimtoy o‘rdak ko‘rinishini eslatadi, ammo u o‘zida bir qancha imkoniyatlarni jamlagani bilan e’tiborlidir.

O‘rdakning asosiy vazifasi – kasallik bilan davom etadigan uzoq va murakkab kurash davrida bolaga ruhiy tetiklik baxsh etishdan iborat. O‘yinchoq sokin yurak urishiga monand ovoz chiqaradi, u esa bolaning orom olishiga ijobiy ta’sir etadi. Yana unda tabiatdagi mavjud turli yoqimli ovozlar ham jamlangan bo‘lib, ayniqsa, kompleks nafas olish va meditatsiya mashqlari kichkintoylarni tinchlantirib, ularni ortiqcha hayajondan asraydi. Bu hali hammasi emas. O‘rdakchaga ineksiya qilish mumkin. Bunda u kulguli qichqiradi, ammo o‘zini qat’iyatli tutadi. Uni ko‘rgan kichkintoy ham bu kabi muolaja qo‘llanilganda o‘zini xotirjam tutadi hamda keyinchalik qilinishi kerak bo‘lgan davomli muolajalardan qo‘rqmaydi.

Ushbu ixtiroga turli his-tuyg‘ularni ifodalashi uchun bir qancha xatti-harakatlar dasturi joylangan bo‘lib, unga teginish bilan sensor vositasida o‘yinchoq harakatlanishi, boshini qimirlatishi mumkin. O‘rdak nafaqat ijobiy, balki salbiy his-tuyg‘ularni ham ko‘rsata oladi. Xususan, xastalikka qarshi ma’lum davolash muolajasidan so‘ng kichkintoy yaqinlari bilan suhbat qurishga kuch topa olmaydi Shunday paytlarda o‘rdakcha yordamida hech qanday ortiqcha harakatlarsiz bolajon o‘z holatini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladi.

Ixtiro yordamida o‘tkazilgan barcha harakat muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Amaliyot AQSH shifoxonalarida davolanayotgan bolalar ishtirokida o‘tkazildi va samarali natija berdi. E’tiborlisi, Xorovits o‘z ixtirosi uchun hech qanday pul talab qilmayapti, u kasallikdan aziyat chekayotgan bolajonlar uchun mutlaqo tekin.

 

Vasila PO‘LATOVA

Yana o‘qing:  Obodlik – obod qalblardan nishona

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: