Xalq salomatligi yo‘lida hamkorlik
Do‘stlik – odamiylik mayog‘i, tinchlik, xotirjamlik demak. U bor joyda mehru oqibat, yaxshilik, ezgulik hukm suradi. Ayniqsa, bemor insonlarga dalda bo‘lish, ojizlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi oliyjanob fazilatlar birodarlik mezoni sanaladi.
Quvonarlisi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasida hukm surayotgan o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini asrash, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish, yurt taraqqiyoti yo‘lidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
E’tiborlisi, Koreya Respublikasi bilan mustaqillikning ilk yillarida o‘rnatilgan do‘stona aloqalarimiz yildan-yilga yangi mazmun kasb etib bormoqda. Jumladan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Koreya Respublikasining “Siloam Senter for the Blind” xayriya tashkiloti mana bir necha yildirki, o‘zaro hamkorlikda mamlakatimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga muruvvat yordamlarini ko‘rsatib kelmoqda. Joriy yilning 21-28 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan xayriya dasturlari ham ana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Kuni kecha koreyalik mutaxassislar Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Arirang” qariyalar uyiga tashrif buyurdi. Dastlab “Siloam Senter for the Blind” tashkilotining musiqiy jamoasi koreys xalqining milliy kuy va qo‘shiqlaridan iborat konsert dasturini yig‘ilganlarga havola etdi. So‘ng mehr va e’tiborga muhtoj nuroniylar bilan do‘stona davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning keyingi qismi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tdi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda “Siloam Senter for the Blind” xayriya tashkiloti xodimlari tomonidan markazda davolanayotgan bemorlarga 45 ming AQSH dollaridan iborat texnik uskunalar topshirildi.
– Keyingi yillarda koreyalik hamkasblarimiz bilan o‘zaro aloqalalarimiz tobora mustahkamlanib borayotgani quvonarli, albatta, – deydi markazning ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umida Komilova. – O‘ylaymanki, yaqin hamkorligimiz, aholi salomatligi yo‘lidagi xayrli ishlarimiz bundan keyin ham davom etadi.
Delegatsiya a’zolarining navbatdagi manzili poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar maxsus maktab-internati bo‘ldi. Bu yerda koreyalik mutaxassislar o‘quvchilar bilan uchrashib, ta’lim maskanida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Aytish kerakki, suhbat yuqori kayfiyatda o‘tdi. Iqtidorli o‘quvchilar koreyalik mehmonlarga ingliz tilida yurtimiz haqida so‘zlab berishdi.
– Biz o‘zaro hamkorlikda qator xayrli loyihalarni amalga oshirib kelmoqdamiz. O‘tgan davr mobaynida yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, farzandlarimiz o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida juda ko‘p yutuqlarga erishdik. Kelajakda ushbu ezgu ishlarni yanada kengaytirib, unga yangi mazmun baxsh etamiz, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi Svetlana Inamova.
– Ushbu bilim dargohiga uch yil avval kelgan edim. O‘tgan vaqt ichida bu yerdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, boshim osmonga yetdi. Ayniqsa, ta’lim maskanida tahsil olayotgan bolalarning kayfiyati, ulardagi kelajakka bo‘lgan ishonch, so‘zlaridagi dadillik bizga ham o‘zgacha kuch-quvvat bag‘ishladi, – deydi “Siloam Senter for the Blind” xayriya tashkiloti direktori Choi Dongik.
Koreyalik mutaxassislar 27-28 oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib, u yerda ham bir necha xayriya tadbirlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida
2009–2018 yilar davomida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Koreya Respublikasining nufuzli klinikalari va xayriya tashkilotlari hamkorligida Koreyada tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan 119 nafar bemor bola sog‘lomlashtirildi.