Obodlik – obod qalblardan nishona

Nukus shahriga borganmisiz? Keng va ravon yo‘llar, fayzli ko‘chalar, muhtasham binolar, shinam uylar, istirohat bog‘lari-yu, bolalar maydonchalari, xullas, yashashga ishtiyoqni yanada oshiradigan maskan. Quvonarlisi, keyingi yillarda shahar yanada chiroy ochib, butunlay o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda. Ko‘plab zamonaviy inshootlar, turar joy binolari, sport inshootlari qad rostladi. Bu yangilanishlar esa Nukus ko‘rkiga yanada ko‘rk bag‘ishlamoqda.

Albatta bunday ezgu va xayrli ishlarga ko‘plab yaxshi insonlarning zahmatli mehnati singgan. Ana shunday fidoyi yurtdoshlarimizdan biri Bayram Utegenovdir.

Qahramonimiz 1982 yil Nukus shahrining Kebrovul mahallasida tug‘ilgan. Otasi Quvonchboy aka 35 yil quruvchi bo‘lib ishlagan. Onasi Tursunoy opa maktabda 35 yil yoshlarga ta’lim bergan. Quvonchboy aka va Tursunoy opa 6 nafar farzandni oq yuvib, oq tarab, el orasiga qo‘shdi. O‘zlaridagi bor bilimni farzandlariga ham ulashib, ularni jamiyatga foydasi tegadigan insonlar etib tarbiyaladi. Hozirda katta o‘g‘li Marat o‘qituvchi, Bayram quruvchi-injener, Damir esa dizaynerlik sohasida faoliyat olib bormoqda. Qizlari Venera va Elmira ham o‘qituvchilik kasbi orqali ona Vatanimizga sidqidildan xizmat qilmoqda. Yana bir qizi Raisa esa bola tarbiyasi bilan mashg‘ul. Bir so‘z bilan aytganda bu oilani Nukusdagi eng ibratli xonadonlardan biri, deyish mumkin.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat unverstetitining injenerlik-qurilish fakultetida tahsil olgan Bayram aka o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lish uchun ustozlari yonida bir muddat mehnat qildi. Shundan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini boshladi. U 2011 yildan hozirgi kunga qadar “Akmangit Paraxat” qurilish korxonasi rahbari sifatida ishlab kelmoqda.

Ayni kunlarda Bayram Utegenov rahbarligidagi korxona quruvchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq davlat dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘rsida”gi qarori asosida Nukus tumanidagi “Baqanshakli” OFYda aholi uchun namunali uylar qurmoqda. Qolaversa, hududda joylashgan 26-umumta’lim maktabi ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Endi o‘quvchilar keng va shinam sinfxonalarda chuqur bilim olish imkoniyatiga ega. Shuningdek, joriy yil quruvchilar tomonidan mahalladagi 240 ta uy-joyni ta’mirlash, bolajonlar uchun yangi maktabgacha ta’lim muassasasi binosini qurish rejalashtirilgan.

 

– Bayram aka bilan uzoq yillardan buyon qadrdonmiz, – deydi Madenboy Esbug‘anov. – U bilan ishda ham, hayotda ham hamfikrmiz. U qo‘l ostida mehnat qilayotgan insonlarning xonadonidagi shart-sharoitidan xabar olishni o‘zining burchi deb biladi. Yordamga muhtoj insonlardan sira ko‘magini ayamaydi. Shu bois ham barcha ishchilar Bayram akani o‘z og‘asidek yaxshi ko‘radi. Ular biror ishni yarim yo‘lda qoldirgan emas. Qishning izg‘irinida ham, yozning jaziramasida ham ishchilar bilan yonma-yon mehnat qiladi.

 

Yana o‘qing:  ILM ChO‘QQILARI SARI

Darhaqiqat, qahramonimiz o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashadi. Ishda ham, oilada ham halovat topgan Bayram aka bugun Bibigul opa bilan baxtli hayot kechirmoqda. Ular Abbos, Begiz, Yunus ismli uch o‘g‘ilning mehribon ota-onasi. Farzandlar ham kelajakda otasidek halol, elparvar, ishbilarmon va samimiy insonlar bo‘lishni niyat qilishadi. Biz esa qahramonimizning kelgusidagi ishlarida omad yor bo‘lishini tilaymiz.

 

Oygul RAZZOQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: