Eng yaxshi maktab psixologi aniqlandi
Kuni kecha poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 319-umumta’lim maktabida «Yilning eng yaxshi maktab psixologi – 2013» respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tanlov bolalarning qobiliyat va imkoniyatlarini o‘rganish, ularning o‘zi qiziqqan sohalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida psixolog xizmatlarini kengroq joriy etishga hamda bu soha faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi tanlovda mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan psixolog-mutaxassislar ishtirok etdi. Ularning 14 nafari mintaqaviy bosqichlarda g‘olib bo‘lib, respublika bosqichida o‘z bilim va ish tajribasini namoyish etdi.
Tanlovda hay’at a’zolari ishtirokchilarning bilim darajasi, muammoli vaziyatlarda tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmasi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid savodxonligi, muayyan mavzu bo‘yicha trening mashg‘ulotlarni tashkil etishga oid tajribasiga alohida e’tibor qaratdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra I o‘ringa Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 4-maktabning amaliyotchi-psixologi Zamira Saydinova munosib deb topildi. II o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi 6-maktab amaliyotchi-psixologi Xolisxon Masharipova egalladi. III o‘rin esa Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 1-maktab amaliyotchi-psixologi Dilnoza Shertoyevaga nasib etdi.
– Mazkur tanlov soha mutaxassislarning ishiga yanada jiddiyroq yondashishiga, o‘z ustida ko‘proq mehnat qilishga undaydi. Aytish mumkinki, mazkur tanlovdagi ishtirokim men uchun juda katta tajriba maydoni bo‘ldi. Undan orttirgan tajribalarim kelajakdagi faoliyatim davomida qo‘l kelishiga ishonaman, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi 6-umumta’lim maktabi amaliyotchi-psixologi Xolisxon Masharipova.
Tanlov g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
M.TOLIPOVA,
«Sog‘lom avlod» muxbiri