“Ona tili”mizni tilshunoslik iskanjasidan qutqaraylik!

Hammamiz maktabda fizika, kimyo, matematika predmetlarini o‘qiganmiz. Ulardan qoyillatib besh baho olganmiz. Ammo ko‘p hollarda oddiygina elektr chirog‘i patronini o‘rnatishni ham, biror narsaning hajmini hisoblashni ham eplay olmaymiz. Nega? Javobini o‘zingiz bering. Muammomi? Unda yechimi haqida Siz ham o‘ylang. Endi o‘zimizning “Ona tili”mizga kelaylik. Maktabda ona tilimizning ahvoli qanday? Boshi ham, adog‘i ham yo‘q, buning ustiga darslikdan darslikka o‘tish, sinfdan sinfga ko‘chish bilan o‘zgarib turadigan son-sanoqsiz ilmiy (lingvistik) qoidalarni yodlaganmiz – suv qilib ichganmiz. Matnning, berilgan gaplarning “avra-astar”ini chiqarib, ipidan ignasigacha tahlil qilganmiz. Biroq, bu “bilim”lar og‘zaki va yozma nutqimizga qay darajada ta’sir qilganligi haqida o‘ylab ko‘raylik. Nutqimiz qanday?

Tutilamiz, duduqlanamiz. “Anaqa”, “haligi”, “nima desamikin”, “o‘shade” kabilarni har ikki so‘z orasida go‘yo “bog‘lama” sifatida qo‘llaymiz va bundan [ijolat ham bo‘lmaymiz. Arizani qoyillatib yozib, fikrimizni lo‘nda va aniq tushuntirib bera olmaymiz. Davralarda mikrofon tutqazib qolishsa biror so‘zni yolchitib ayta olmaymiz. Lekin unli tovushning til oldi va til orqaligi, lablangan-lablanmaganligi, quyi keng, o‘rta keng, yuqori torligi, til undoshning lab-lab, lab-tish, til oldi, til yoni, til o‘rta, til orqa tovushining yaqin, chuqur til orqaligi haqidagi bilim shaxsning tildan foydalanish malakasini qanday va qanchalik ta’minlashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Yaqinda bir qo‘shnimning ingliz tili chuqurlashtirilgan sinfida o‘qiydigan 11 yoshli o‘g‘li yonimga kelib, so‘radi:

 

Amaki, oyimyning aytishicha siz professor ekansiz?

– Haa, nima uchun so‘rayapsan.

– Qaysi fan bo‘yicha professorsiz?

– Hmm… Ona tili bo‘yicha.

– Amaki, ona tili qiyinmi?

– Nega unday deyapsan?

– Chunki ustozim menga ona tilini yaxshi bilmaysan, deydi. Axir, men ona (o‘zbek tili demoqchi) tilimizda yaxshi gapiraman-ku?

– Masalan, ustozing so‘raganida sen nimani bilmay qolding?

– Kelishiklarni. Tushum kelishigining qo‘shimchasini bilmay qoldim, keyin undosh harflarni ham sanab berolmadim. Lekin gapirganimda ularni ishlataman-ku. Shu bilganim emasmi?

–…

– “Ona tili”dan natijam 28, lekin ingliz tilidan 78 ball bo‘ldi.

– Ingliz tilida yaxshi gaplashasanmi, o‘zbek tilida?

– Voy, amaki, nima devossiz, o‘zbek tilimizda-de! Uyda hammamiz o‘zbekcha gaplashamiz-u!

 

Bolaning gaplarida o‘zi bilmagan ulkan tabiiy mantiq bor edi. U hayotni ham, ta’limni ham, tilni ham musaffo ko‘rar edi. Bu suhbat bizni uzoq vaqtlardan beri qiynab yurgan narsani yozishga majbur qildi. Chunki mavjud holatga ziyoli, mutaxassis sifatida befarq bo‘lish mumkin emas. Murg‘ak bolalar shunday fikrga kelyaptimi, demak, muammo pishib yetilgan. Aslida ta’lim oluvchini ona tilining beqiyos imkoniyatlaridan bahramand qilish maqsadi yillar o‘tishi bilan ikkinchi o‘ringa surilib, nazariy bilimlar bilan qurollantirish esa birinchi o‘ringa chiqib oldi. Shuning uchun mutaxassislar sifatida “Ona tili”mizni tilshunosligimiz kishanlaridan xalos etish kerak” degan qarorga keldik. Nimadir qilish kerak, muammoni bunday qoldirib bo‘lmaydi.

 

Ona tili ta’limida qayerga kelib qoldik o‘zi?

Bugungi “Ona tili” aslida soddalashtirilgan tilshunoslik fanining o‘zi. Ammo har qanday muammoning ildizlari, sabablari bo‘ladi. Muammoni “zaruriyat va uning an’anaviylashuvi” qonuniyati asosida tushuntirish mumkin. Bir narsa bir vaqtlar zarurat maqomida bo‘lib, keyinchalik uning zarurat ekanligi unutiladi – zarurat bo‘lmay, ammo an’ana sifatida saqlanib qoladi. Zarurat va uning an’anaviylashuviga hamma uchun tushunarli bir misolni keltiramiz.

Ma’lumki, XIX asrning keyingi yarmida Yevropa va G‘arbda sanoatlashuv davri boshlandi. Sanoqli kishilar ishlaydigan kichik sexlar, artellar, ustaxonalar, do‘kon-dastgohlar, kichik manifakturalar o‘rnini katta-katta, zamonaviy zavod va fabrikalar egallay boshladi. Ularda mamlakatning turli burchaklaridan kelgan har xil sheva vakillari bo‘lgan ming-minglab ishchilar ishlashar, tabiiyki, ularning o‘zaro muloqotlarida, zamonaviy texnika bilan “tillasha” olishlarida, albatta, muammolar mavjud edi. Mehnat unumdorligiga erishish uchun ishchilar savodli bo‘lishlari, loyihalarni o‘qiy olishlari, dastgohlarning texnik yo‘riqnomalaridan foydalana bilishlari, zarur hollarda texnik ta’lim olabilishlari kerak edi. Shu tariqa sanoat ishlab chiqarishidagi shiddatli yuksalish milliy tillarning adabiy me’yorlarini ishlab chiqish, yagona adabiy tillarni shakllantirish va uning ta’limini tashkil etish zaruratini kun tartibiga qo‘ydi.

Yana o‘qing:  Barvaqt nobud bo‘lgan bolalar

Bu holat O‘zbekistonimiz uchun ham begona emas edi. O‘tgan asrning ilk choragida hali hozirgi o‘zbek adabiy tili (aslida tili emas, balki nutqi) shakllanmagan, me’yorlari ishlab chiqilmagan, busiz esa na ta’limni, na ish yuritishni yo‘lga qo‘yib bo‘lar edi. Adabiy til taraqqiyot uchun suv va havodek zaruratga aylandi. Ma’lumki, adabiy til umumxalq tilining me’yorlashtirilgan ko‘rinishi bo‘lib, bu me’yorlar orfoepik (talaffuz), orfografik (imlo) va grammatik (gap qurilishi) hamda uslubiy (so‘z tanlash va qo‘llash) turlarni o‘z ichiga oladi. Adabiy til ilmiy asoslangan me’yorlardan iborat bo‘ladi. Shuning uchun ilk boshlang‘ich sinflar tashkil etilib, o‘quvchilarga adabiy tilning zarur qoidalari singdirila boshlagan. Ya’ni harf va tovushlar, undosh tovushning turlari va o‘zgarishi, imlosi, bo‘g‘in va urg‘u, so‘z ma’nolari, so‘z turkumlari, shakl yasovchi qo‘shimchalar va ularning imlosi, gap bo‘laklari, sodda va qo‘shma gap, tinish belgilari, talaffuz va imlo qoidalari, til birliklarining uslubiy xususiyatlari kabilar. Adabiy nutqqa o‘rgatish uchun shuning o‘zi, uning ta’limi uchun boshlang‘ich sinf yetarli edi. Bu bilimlar to‘la ma’nodagi ZARUR VA ISHLAYDIGAN BILIM edi. Keyinchalik yetti yillik ta’limga o‘tildi. Ana shu vaqtdan adabiy til ta’limidagi zaruratning an’anaga aylanishi yuz bera boshladi. Yuqori to‘rt (4-7) sinf uchun yangi talab va maqsad qo‘yilmasdan, o‘ziga xos ta’lim mazmuni ishlab chiqilmasdan, boshlang‘ich sinflar uchun belgilangan zaruriy bilimlar nozarurlari bilan chuqurlashtirilaverdi. Ta’limidagi miqdor o‘zgarishlari natijasida sifat o‘zgarishlari yuz bera boshladi – adabiy til ta’limi tilshunoslikning nazariy asoslariga aylanib ketaverdi. Adabiy nutq ta’limi lingvistik bilimlar soyasida qola boshladi. O‘n, keyinchalik o‘n bir, bora-bora o‘n ikki yillik o‘rta ta’limga o‘tilgach, ilk zarurat butunlay unutildi – ona tili ta’limi o‘zining asl mohiyatini yo‘qotib, natijada to‘la-to‘kis tilshunoslikka aylanib qoldi.

Ortiqchadek tuyulsa-da, yana bir bor eslatib o‘tamiz. Masalan, sof lingvistik bilim bo‘lgan undosh tovushlarning nutq apparati qaysi qismida hosil bo‘lishini bilishning nutq amaliyoti uchun qanchalik foydasi bor? Unlilarning lablangan-lablanmaganligi, yuqori tor, o‘rta keng yoki quyi keng ekanligi, undoshlarning portlovchi yoki sirg‘aluvchi ekanligini bilish o‘quvchiga nima beradi?

So‘z turkumlarini farqlash nutq uchun zarur. Otlarning turdosh yoki atoqli ekanligini bilish imloda kerak. Lekin otning yakka yoki jamlovchi, aniq yoki mavhum ekanligini bilish, farqlash (buni, kerak bo‘lsa, manaman degan til-adabiyot o‘qituvchisi ham oxirigacha farqlay olmaydi) o‘quvchiga qanday naf berishini aqlimizga sig‘dira olmaymiz. Oliy o‘quv yurtiga kiruvchilar uchun test topshiriqlarida yuzlab so‘z yasovchi qo‘shimchalar bo‘yicha ming-minglab savollar bor. Lekin biz aslida so‘z yasaymizmi yoki tayyor (tub-yasama) so‘zlardan foydalanamizmi? Boshqalarni qo‘ya turaylik, atoqli so‘z san’atkorlaridan kimlar qanday yangi so‘z yasagan? Ikkilanmasdan aytish mumkinki, nutqimizda so‘z yasash nazariyasi bo‘yicha egallagan bilimlarimiz qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi so‘z yasash amaliyotimiz yo‘q va bo‘lmaydi ham. Yangi so‘z yasamas ekanmiz, so‘z yasalishi haqidagi amaliy tatbiqdan xoli cheksiz bilimlar o‘quvchi uchun nimaga kerak? Bunday dalillarni “Ona tili”ning “Grammatika” bo‘limidan yana istagancha topishingiz mumkin.

Yana o‘qing:  Harbiy hayot mening taqdirimda…

 

“Maktab” va maktab

Ona tili bo‘yicha umumiy bilimlarimiz aslida ikki guruhga bo‘linadi. Ya’ni, maktabdan tashqaridan o‘zlashtiriladigan bilimlar (fonetik, grammatik, leksik bilimlar) va maktabda o‘zlashtiriladigan bilimlar (to‘g‘ri talaffuz, imlo, uslub, so‘z san’ati (yangi so‘zlarni o‘zlashtirish, so‘zlarni tanlash, so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash).

Biz nutq tovushlarini, grammatik qo‘shimchalarni, kundalik muloqot uchun o‘ta zarur bo‘lgan so‘zlarni ta’limdan tashqaridan o‘rganamiz. Til jamiyati o‘ziga xos ona tili “maktab”idir. Bunga maktab ko‘rmagan va ko‘rgan kishilarning nutqini qiyoslash asosida amin bo‘lish mumkin. Ammo ona tili ta’limida beriladigan bilimlar silsilasida juda katta vaqt byudjeti maktabdan tashqaridan, til jamiyatidan egallangan bilimlarning ilmiy asoslarini o‘rgatishga sarflanadi.

Har bir sinfda bir mavzu bir necha marta takrorlanadi, har bir turkumdagi so‘zlarning grammatik ma’no turlari talqiniga juda katta miqdordagi soatlar ajratiladi. Lekin o‘quvchining nutqida bu bilimlar asosida yuz bergan biror sezilarli o‘zgarishni kuzatmaganman.

Bir o‘ylab ko‘raylik, quyidagilarni “bilib olish” yoki “bilib olmaslik”ning ona tili imkoniyatlaridan foydalanish, so‘zni his etish, ta’sirchan nutq so‘zlash, savodxon bo‘lishga foydasi qay darajada:

 

Bilib oling. Nisbat va bo‘lishsizlik shakllari yetakchi fe’l tarkibida ham, ko‘makchi fe’l tarkibida ham kelishi mumkin. Zamon, shaxs-son qo‘shimchalari, fe’lning vazifa shakllari faqat ko‘makchi fe’llarga qo‘shiladi.

 

Buni “bilib olmagan” o‘quvchi mazkur qo‘shimchalarni qo‘shishda adashadimi?

 

Bilib oling. Qaratqich kelishigi shaklidagi so‘z – qaratqich, qaratqich bog‘lanib kelgan so‘z esa qaralmish deyiladi. Qaratqich kelishigi qaratqichni qaralmishga tobelashtirib bog‘lab keladi va qaralmishda ifodalangan narsa-hodisa, belgi-xususiyat, harakat-holatlarning qaratqich shaklidagi ismlarga qarashli ekanligini bildiradi.

 

Bu bilimni egallagach, o‘quvchining nutqiy malakasida, mayli, aynan shu grammatik shaklni qo‘llashida qanday “yuksalish” sodir bo‘ladi? O‘quvchi ona tili ta’limi mobaynida mingga yaqin ana shunday qoida va ta’riflarni o‘zlashtirishi kerak. Bundan taxminan yarmi uning til jamiyati “maktab”idan egallagan malakalarining qayta tavsifi, samarasiz ilmiy tus berilgan ko‘rinishi, xolos.

O‘qituvchi bunday og‘ir lingvistik yuklamani o‘quvchiga yetkazishga, uning bilimiga aylantirishga urinar ekan, faqat maktab ta’limi uchun xos bo‘lgan asosiy vazifa – o‘quvchida to‘g‘ri talaffuz, imlo, uslub, so‘z san’ati (yangi so‘zlarni o‘zlashtirish, ularni tanlash, to‘g‘ri qo‘llash)ga doir ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, ko‘nikmani malakaga, malakani odatga, odatni tabiatga aylantirish muammosiga o‘z-o‘zidan keyingi darajali masala sifatida qaraydigan bo‘lib qoldi. Bu quyidagilarda ko‘rinadi: Avvalo, eng a’lochi o‘quvchi ham shaxsning so‘z boyligini ko‘rsatuvchi, o‘zi o‘qiyotgan, hatto, maktab dasturiga kiritilgan badiiy asardagi junbushga kelmoq, chapdast, rutubat, jarohat, yara, ohanrabo, habib, hassos, quralay, megajin, g‘avvos, tunamoq kabi minglab so‘zlarning ma’nolarini tushunmay o‘tib ketaveradi. O‘quvchilarning yangi so‘zlarni egallashi, so‘z boyligini oshirib borishi zarurati unutilib ketganligini hatto, ona tilidan lug‘at daftari yuritilmasligining o‘zi ham ko‘rsatadi. Ona tili mashg‘ulotlarida lug‘atlar bilan ishlashga yo‘naltiradigan mashq va topshiriqlar deyarli yo‘q. O‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos, o‘zbek tilining har birdavrdagi xususiyatlarini o‘zida aks ettiradigan va vazirlik tomonidan tasdiqlangan o‘quv lug‘atlari chop etilmagan. Maktab darsliklarining ilovasida egallanishi, o‘zlashtirilish lozim bo‘lgan so‘zlarning emas, balki lingvistik terminlar lug‘atlarining ilova qilib kelinayotganligi ham ona tili mashg‘ulotlarining tilshunoslik darslariga aylanib qolganligini ko‘rsatadi.

Yana o‘qing:  Bolada immunitet pasaysa...

So‘z, ibora, maqol, matallar, ularning qo‘llanishi, imlosi kabi masalalar maktab ona tili ta’limi mazmunining asosi, o‘zagini tashkil etishi lozim.

 

Muammoli vaziyatdan chiqish yo‘li

Muammoli vaziyatdan chiqish uchun quyidagilarni yo‘lga qo‘yish lozim. Avvalo, adabiy og‘zaki va yozma nutq uchun zarur, o‘quvchi to‘la ma’noda ishlatadigan lingvistik minimum ajratib olinishi kerak va bu lingvistik bilimlar zinhor chuqurlashtirilmasligi, amaldagi darsliklardan eng zarurlari og‘zaki va yozma mantiqiy nutqni rivojlantirish maqsadi nuqtai nazaridan qat’iy mezonlar asosida tanlab olinishi kerak. Masalan, “Kelishik qo‘shimchalari” mavzusi ostida o‘quvchilarning quyidagilarni bilishi yetarli. Kelishik qo‘shimchalarini, ularning yozilishi va undagi tovush o‘zgarishlari, belgisiz qo‘llanishi sabablari hamda ularining ma’nodoshligi va ma’no farqlari. O‘quvchidan kelishik haqida talab qilinadigan umumiy ma’lumot bundan ortiq bo‘lishi kerak emas. Kelishiklarning ta’rifi, ma’nolari, qaysi gap bo‘laklarini shakllantirishi, qanday so‘z turkumlari bilan kelishi kabi bilimlar zarur emas.

Bu masalalar boshlang‘ich sinflardan keyin darslarning mavzusiga olib chiqilmasligi, quyida taklif etiladigan tavsiyalar doirasidagi sarlavhalar zamiriga singdirib yuborilishi lozim.

Boshlang‘ich sinfdan keyin asosiy e’tibor, ta’lim mazmuni so‘z bilan ishlash (lug‘atlardan so‘z qidirish, uni tanlash, ma’nolarni aniqlash va izohlash, imlo va talaffuz, og‘zaki va yozma nutq, lug‘atlar bilan ishlash, so‘z boyligini oshirish, nutq va muloqot madaniyati, notiqlik) ga qaratilishi lozim.

O‘quvchini so‘z saltanatiga olib kirish uchun til va adabiyot fanlari integratsiyasi masalasini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish lozim. Har bir sinf uchun ona tili ta’limining umumiy mohiyatini xususiylashtirish, ta’lim mazmuni, usuli va vositalarini “O‘quvchilarning ijodiy, mantiqiy, obrazli va assotsiativ tafakkur qilish, uning mahsulini og‘zaki va yozma shakllarda nutq sharoitiga mos ravishda to‘g‘ri va ravon ifodalash kompetensiyalarini rivojlantirish” bosh maqsadidan kelib chiqqan holda izchil va tizimli, aniq amaliy natijalarni olish nuqtai nazaridan tashkil etish ta’lim samaradorligini ta’minlashning kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb muammosidir.

O‘quv lug‘atlari zarurligi haqida ko‘p gapirib va yozib kelinmoqda. O‘quv lug‘atlari yaratilmas, o‘quvchilarning stolida ona tilidan uning yoshiga mos ko‘plab o‘quv lug‘atlari turmas, buning uchun o‘quv leksikografiyasi nazariy va amaliy soha sifatida tizimli yo‘lga qo‘yilmas ekan, ona tili ta’limi o‘zining haqiqiy mohiyatidan begonaligicha qolaveradi.

Mamlakatimizda o‘quv lug‘atchiligi sohasi eng oqsoq sohalardan. Uning yetarli darajada shakllanmaganligi lug‘atlarni tayyorlash va nashr qilish bilan bog‘liq ilmiy va moliyalashtirish tizimi yaratilmaganligi bilan bog‘liq.

Ko‘rinadiki, bugungi ona tili ta’limida uning asl maqsad va mohiyati unutib yuborilgan. “Ona tili” butunlay tilshunoslik iskanjasiga tushib qolgan. Uni zudlik bilan bu kishanlardan xalos qilish, davlatimizning bu sohada maqsadsiz sarflanayotgan mablag‘larini saqlab qolish va undan oqilona foydalanish mutlaqo kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarimizdan.

Ona tili ta’limidagi farzandlarimizning kuchli, bilimli, dono, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrli bo‘lib voyaga yetishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar haqidagi bu taklif va mulohazalarimizga hamda ularning yechimiga bevosita yoki bilvosita daxldor soha mutasaddilari, mutaxassislari, umuman, ta’lim fidoyilari befarq bo‘lishmaydi. Shuningdek, ular o‘zlarining xolis munosabatlarini bildirishadi degan umiddamiz.

 

Baxtiyor MENGLIYEV,

Alisher Navoiy nomidagi ToshDTAU O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: