Endi mutaxassis ish qidirmaydi
Joriy yilning 5 iyunida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda oliy ta’limni yangi sifat darajasiga olib chiqish uchun muhim zamin yaratdi.
Ushbu qaror respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari uchun, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi oliy ta’lim dargohlari uchun dasturilamal hisoblanadi.
Qarorning uchinchi bandiga ko‘ra endilikda kadrlarni ijodiy fikrlovchi mutaxassis sifatida tayyorlash, kasbning, sohaning o‘ziga xosliklariga e’tibor berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Istiqbolda oliy ma’lumotli mutaxassis ish qidirmaydi. Aksincha, ish beruvchi tashkilot, korxona, muassasa o‘z mutaxassisini o‘zi xohlaganday tayyorlab oladi. Uning diplom olishini kutadi va eng maqbul shartlar asosida ishga qabul qiladi. Bu bilan samara ham kutilgandek bo‘ladi.
Qolaversa, mazkur hujjat sohaning barcha muammolarini erkin hal etish, ilmiy izlanishlar olib borish, chet el tajribasini o‘rganish imkonini yaratadi. O‘rni kelganda ta’kidlash joizki, hozirda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida xalqaro tajriba almashinish va xorijlik mutaxassislarni jalb qilish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Jumladan, oliygoh huzurida xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda konferensiyalar, seminarlar, «Mahorat dars»lari va boshqa turdagi tadbirlar tashkil etib borilmoqda. Bunda AQSH, Yevropa, Rossiya kabi davlatlarning tibbiyot sohasidagi olim va mutaxassislari bilan xamkorlik aloqalari ijobiy yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, institutimizda xorijlik talabalarning soni ham ortib bormoqda. Jumladan, 2017-2018 o‘quv yilida institutda 22 nafar xorijlik talaba tahsil olgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida ularning soni qariyb 40 nafarga yetdi. Bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Janubiy Koreya, Isroil, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlardan bakalavriat va magistratura yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar hamda klinik ordinatorlar o‘zining bilimi, salohiyati, intilishi va mehnati bilan institutimizning faol talabalari qatoridan o‘rin olmoqda.
Dilafro‘z BURANOVA,
Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti “Chet tillar, pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri