Sportchilarimiz Osiyo va jahon rekordini o‘rnatmoqda
Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida III yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Ayniqsa, yengil atletika bahslarida qatnashgan atletlarimiz yuqori natijalarga erishdi. Jumladan, yadro uloqtirishda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Husniddin Norbekov 16,35 metr natija qayd etgan holda jahon rekordini o‘rnatdi va musobaqa g‘olibiga aylandi. Shuningdek, uzunlikka sakrashda Kamolaxon Abdullayeva, nayza uloqtirishda Aleksandr Svechnikov, yadro uloqtirishda Sofiya Burhonova, nayza uloqtirishda Roziya Ergasheva oltin medallarni qo‘lga kiritdi. 200 metrga yugurishda Sabina Suxanova marra chizig‘ini uchinchi bo‘lib bosib o‘tdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Suv sporti turining 100 metr masofaga erkin usulda “S13” yo‘nalishida Islom Aslanov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muzaffar Tursunxo‘jayev kumush hamda Dmitriy Xorlin bronza medali bilan taqdirlandi. Shuni qayd etish kerakki, I. Aslanov nafaqat musobaqa g‘olibi, balki, Paraosiyo o‘yinlari rekordini (51: 71 soniya) ham o‘rnatdi. Mazkur masofada ayollar o‘rtasida o‘tgan bahslarda Fotimaxon Amilova 58,66 soniya natija bilan Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi va delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Ushbu masofada yana bir vakilimiz Shohsanamxon Toshpo‘latova kumush medal sohibi bo‘ldi.
Dzyudo bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda Sherzod Namozov va O‘tkir Nigmatov o‘z vazn toifalarida oltin, Lobar Xurramova kumush, Sevinch Sallayeva esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Pauerliftingda vazni 55 kilogrammgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Roza Qo‘ziyeva 113 kilogramm natijani qayd etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga qo‘tarildi.
Uchinchi kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi medallari soni 31taga yetdi. Vakillarimiz 18ta oltin, 9ta kumush va 4ta bronza medallariga ega chiqishgan. Medallar jamg‘arish bo‘yicha esa Xitoy va Janubiy Koreyadan so‘ng uchinchi o‘rinni egallab turibmiz.
T. ORTIQOVA