Bilim – nur, uni egallash saodat
Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida ta’lim-tarbiya sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning barchasi yoshlarimizning har tomonlama sog‘lom, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikr sohiblari bo‘lib voyaga yetishlarida katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Samarqand viloyati Ishtixon pedagogika kollejida 1561 nafar o‘quvchi-yoshlarga «Boshlang‘ich ta’lim», «Maktabdan va sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlar tashkilotchisi», «Musiqa ta’limi», «Jismoniy tarbiya va bolalar sporti» yo‘nalishlari bo‘yicha 110 nafar malakali va tajribali pedagoglar zamon talablari asosida ta’lim-tarbiya berishmoqda. Ular zamonaviy texnika bilan jihozlangan 29 ta o‘quv xonasi, shuningdek, kimyo, fizika, biologiya laboratoriyalari, kompyuter, lingofon xonalarida turli fanlardan chuqur bilim olishadi.
Muassasada o‘quvchilarning salomatligini nazorat qilish uchun mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yuz kishiga mo‘ljallangan oshxona va yangi zamonaviy yotoqxonada o‘quvchilar dam olishi, hordiq chiqarishi uchun barchaga qulayliklarning yaratilganligi kelajak avlodga bo‘lgan e’tiborning yana bir yorqin ko‘rinishidir. Internet tizimiga ulangan axborot-resurs markazi 17 ming 995 ta kitob fondi hamda 195 ta elektron darsliklarga ega.
Bilim maskanida «Kamolot» YOIH tomonidan yoshlar o‘rtasida «Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish», «Qizlarning erta turmushga chiqishi hamda qarindoshlar o‘rtasida nikohning salbiy oqibatlari», «Sog‘lom ona – sog‘lom bola», «Odam savdosi – dolzarb muammo» mavzularida suhbatlar o‘tkazilib turiladi. Turli bayram kechalarida «Zulfiyaxonim izdoshlari», «Siz qonunni bilasizmi?», «Quvnoqlar va zukkolar», «Qizlar davrasi», «Yosh rassomlar» ko‘rik-tanlovlari, bir-biridan qiziqarli sport musobaqalarining muntazam o‘tkazilishi o‘quvchilarning ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlarida turtki bo‘lmoqda.
Kollejimiz Samarqand davlat universiteti, Samarqand chet tillar instituti, tuman xokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi, «Kamolot» YOIH tuman kengashi, tuman bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish va ish bilan ta’minlash bo‘limlari bilan sherikchilik munosabatlarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Mustaqillik yillarida bunyod etilgan bilim maskanimizda o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida sport sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish maqsadida sport zali, futbol, voleybol, qo‘l to‘pi, basketbol, gimnastika maydonchalari, yugurish yo‘lakchalari, katta tennis maydoni bunyod etilgan. Shu yilning may oyida Toshkent viloyatining Qibray tumanida sportning armrestling turi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda murabbiy O.Primovning shogirdlari Malika Usmonova, Maftuna Saidolimova, Munisa Xayidmurodovalar g‘olib bo‘lishdi va Polshada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Hozirda ular Vatanimiz sharafini himoya qilish maqsadida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Shuningdek, sportning kurash yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro turnir g‘olibi Anvar Abdunazarov, boks bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Shakarboy Xudoyqulovlar ustozlari ishonchini oqlashmoqda.
O‘quv yili davomida har bir kafedra o‘zining faoliyat turlarini tayyorlab uslubxonaga topshirib boradi. Maxsus fan o‘qituvchisi Dilrabo Jamilova «Qorako‘l terisidan ayollar ustki kiyimiga ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish» va aniq fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Jahongir Ahmedov «Taqdimotlar yaratish» mavzusidagi ilmiy qo‘llanma ustida ishlagan.
Kollejdagi «Yosh qalamkashlar» to‘garagi doimiy faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yoshlar ijodi umumlashtirilib «Miyonqol mavjlari» she’riy to‘plami nashr etildi. Hozirda shu kitobning 2-nashrini chop etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ta’lim jarayoni va kollej faoliyati aks ettirilgan maqola hamda ijodkor yoshlar qalamiga doir she’r va hikoyalar tuman va respublika gazetalarida chop etiladi.
Yoshlarning tabiatga mehr va e’tiborini mustahkamlash maqsadida ta’lim maskani hovlisida pedagoglar jamoasi hamda o‘quvchilar yordamida mevali va manzarali daraxtlar ekilib, parvarish etilmoqda. Qayin, kashtan va archa daraxtlarining to‘rt xil turi, terak, mevali daraxtlar hamda rang-barang gullar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashadi.
Biz kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodning mustahkam bilim egasi, jismonan sog‘lom va ona-Vatanini ko‘z qorachig‘idek asraydigan, ustozlari va ota-onasi ishonchini oqlaydigan, mehnatsevar, barkamol avlod etib tarbiyalashdek mas’uliyatli va ayni damda sharafli kasbimizni sidqidildan ado etishga kamarbastamiz.
Ne’mat Abiyev,
Ishtixon Pedagogika kolleji direktori