Muqaddas qo‘rg‘on
Oila – Vatan ichra kichik Vatan deb bejizga aytilmagan. Zero, farzandlarimizning oilada olgan tarbiyasi ertaga ularning komil inson bo‘lib voyaga yetishini ta’minlaydi.
Ammo so‘nggi paytlarda oila qurishga jiddiy yondashmaslik, tibbiy savodxonlikning yetishmasligi va o‘tkinchi orzu-havas ta’sirida qarindoshga quda bo‘lish yoki erta turmush qurish holatlari ham uchrab turibdiki, bu kishi dilini g‘ash qiladi. Ana shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida respublikamizda ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu masalalar yuzasidan bizning Shayxontohur tuman FHDYo bo‘limimizda olib borilayotgan ishlar ham anchayin salmoqli.
Jumladan, qarindoshlar o‘rtasida nikohni cheklash, balog‘at yoshiga yetmagan yigit-qizlarning oila qurishlarini tartibga solish borasida aholiga kerakli tavsiyalar berilib, tushuntirish ishlari olib borildi. Bo‘lajak kelin-kuyovlarni to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish orqali turli xil irsiy kasalliklarning oldini olishga ham erishilmoqda. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash borasida sog‘liqni saqlash muassasalari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan olib borilayotgan hamkorlikdagi ishlar qo‘l kelmoqda.
O‘tgan oyda «Shofayz» MFY bilan hamkorlikda «Oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish omillari», «Sog‘lom oila – sog‘lom farzand», «Oila – tarbiya o‘chog‘i», «Bo‘lajak va yosh kelin-kuyovlarning ma’naviy qarashlari» mavzularida mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazildi.
Muqaddas qo‘rg‘on atalmish oilaning mustahkamligi va abadiyligini ta’minlash ko‘p jihatdan o‘zimizga bog‘liq. Shunday ekan barchamiz birlashib, shu yo‘lda harakat qilsak, oilalarimiz mustahkam, turmushimiz yanada obod bo‘lib boraveradi.
Ozoda ABDUAZIZOVA,
Shayxontohur tuman FHDYo bo‘limi mudirasi