Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish – istiqboldagi vazifa
Poytaxtimizda «Osiyo Paralimpiya harakatini rivojlantirish» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi va yana bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda Osiyoning 23 davlatidan vakillar hamda 2014 yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkaziladigan Paraosiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi a’zolari qatnashdi. Tadbir doirasida Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi Prezidenti Dato Zaynal Abu Zarin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Paralimpiya rivojiga qo‘shayotgan beqiyos hissasi uchun Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining ordeni bilan mukofotlanganini e’lon qildi.
Turli millatlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi bunday nufuzli tadbirga poytaxtimiz mezbonlik qilishi bejiz emas. Boisi, yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarimizni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb sirlarini puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda paralimpiya harakatini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlash maqsadida zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotir.
Paralimpiya tarixi
Shu o‘rinda, Paralimpiya o‘yinlari tarixiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Paralimpiya o‘yinlari – bu tayanch harakati a’zolari shikastlangan, imkoniyati cheklangan, ko‘zi ojiz va aqlan zaif sportchilarning oliy xalqaro sport forumidir. Paralimpiya so‘zi yunon tilidan olingan bo‘lib, «para» (yonida, oldida va parallel) hamda «olimpic» (olimpiya) Olimpiada o‘yinlari bilan yonma-yon degan ma’noni anglatadi.
1948 yil germaniyalik shifokor Lyudvig Gutman Bakingemshir grafligiga qarashli Stok-Mandevil shahrida umurtqasi shikastlangan nogironlar uchun ham jismoniy ham ijtimoiy reabilitatsiya sifatida sport musobaqalarini tashkil etish g‘oyasini ilgari suradi. Aynan shu yili Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlaridan so‘ng Lyudvig Gutman boshchiligida Stok-Mandevil o‘yinlariga asos solinadi. Dastlabki musobaqada atiga 16 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar ishtirok etadi. Ezgulik yo‘lidagi bu tashabbus oradan o‘n ikki yil o‘tib, xalqaro sport forumiga aylantiriladi. Ya’ni, 1960 yili Rimda 1 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga asos solinadi. Musobaqalarda 23 davlatdan 400 nafar sportchilar yengil atletika, suzish, qilichbozlik, basketbol, kamondan otish, stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs yuritishgan. Oradan to‘rt yil o‘tib, II Paralimpiya o‘yinlariga Tokio shahri mezbonlik qiladi. Mazkur musobaqalarda 22 davlatdan kelgan 390 nafar paralimpiyachilar sportning 11 turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
1963 yil ko‘zi ojizlar, amputantlar va umurtqa pog‘onasi shikastlangan shaxslar uchun xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazishni ta’minlash maqsadida Xalqaro nogironlar sporti tashkiloti (XNST) tashkil qilindi. 1989 yilga kelib, qishki va yozgi Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazadigan Xalqaro tashkilot – Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi (XPQ) tashkil topdi. Hozirgi kunga kelib, 162 ta davlat Milliy Paralimpiya Qo‘mitalari va 4 ta maxsus nogironlar sporti federatsiyasi Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasiga a’zo. 2006 yil O‘zbekiston Nogironlar sport assotsiatsiyasi ham Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi va dunyo miqyosida tan olindi.
O‘zbekistonda Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi 2007 yil 27 fevralda tashkil topgan bo‘lib, shu bugunga kelib assotsiatsiya Markaziy Osiyoda eng faol Paralimpiya tashkilotiga aylandi. Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining 2010 yil Guanchjouda bo‘lib o‘tgan Bosh assambleyasida mamlakatimiz paralimpiya uyushmasi Markaziy Osiyodagi eng faol va rivojlangan uyushma, deb topilgani har bir yurtdoshimiz qalbiga faxr va iftixor tuyg‘ularini jo etadi.
Nufuzli musobaqaga ilk qadam
Shu o‘rinda aytish joizki, sportchilarimizning paralimpiya musobaqalaridagi ilk ishtiroki Gretsiyaning Afina shahrida o‘tkazilgan XII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ri keldi. Mazkur musobaqada yurtimizdan bir nafar sportchi ishtirok etdi. Oradan to‘rt yil o‘tib, Pekin (Xitoy) shahrida o‘tkazilgan to‘rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasi – XIII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ikki nafar sportchimiz ishtirok etdi. Garchi g‘oliblik qo‘lga kiritilmagan bo‘lsada, musobaqa sportchilarimiz uchun katta tajriba va mahorat maktabini o‘tadi.
Shundan so‘ng sportchilarimiz mamlakatimiz hamda xorij mamlakatlarida ko‘plab o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tab, qator xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar, soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor natijasida 2010 yili Guanchjou (Xitoy)da bo‘lib o‘tgan ParaOsiyo o‘yinlarida vakillarimiz 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, o‘zbek sportida yangi sahifa ochdi.
Muvaffaqiyatlar manzili
O‘tgan yili Buyuk Britaniyaning London shahrida o‘tkazilgan XIV yozgi Paralimpiya o‘yinlari esa O‘zbekiston sporti tarixiga zarhal harflar bilan bitiladigan bo‘ldi. Dunyoning 166 mamlakatidan 4200ga yaqin atlet ishtirok etgan mazkur nufuzli musobaqada yurtimizdan 10 nafar sportchi dzyudo, suzish, pauerlifting, yengil atletika kabi sport turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi. E’tiborlisi, buxorolik Sharif Xalilov dzyudo musobaqalarida final bosqichiga qadar yetib borib, kumush medal bilan taqdirlandi. Suzish musobaqalarida qatnashgan 17 yoshli Kirill Pankov yozgi XIV Paralimpiya o‘yinlari tarixidan Osiyo rekordini ikki marta o‘rnatgan sportchi sifatida o‘rin oldi. Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalarda Husniddin Norbekov disk uloqtirishda 52 metru 5 santimetr natija qayd etib, to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 100 metrga yugurishda Muyassar Ibragimova yarim finalga qadar yetib bordi. Bundan tashqari Doniyor Soliyev, Husniddin Norbekov, Miran Sahatov hamda Ivan Panifidin kabi sportchilarimizning ishtiroki ham muxlisu mutaxassilar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
– Bugunga qadar sportda qanday yutuqlarga erishgan bo‘lsam, bularning barchasi istiqlolimiz sharofati, muhtaram Prezidentimizni biz sportchilarga ko‘rsatayotgan yuksak g‘amxo‘rliklarining samarasi deb bilaman – deydi XIV yozgi Paralimpiya o‘yinlarining kumush medal sovrindori Sharif Xalilov. – Har gal xalqaro musobaqalarda ishtirok etarkanman, ota-onam, yaqinlarim, qolaversa, butun xalqimizning chuqur mehrini dildan his etaman. Bu meni yangi marralar sari undaydi, ulkan g‘alablarni qo‘lga kiritishimga katta kuch bag‘ishlaydi.
Yuksalish yo‘lida
Prezidentimizning shu yil 23 fevraldagi «O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori qo‘lga kiritilgan yutuqlarimiz bilan chegaralanib qolmay, galdagi nufuzli musobaqalarga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rish, sportchi va murabbiylar malakasini oshirish, ularning yuqori saviyada mashg‘ulot olib borishlarini ta’minlash, sportchilar zahirasini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
Ayni paytda ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi qoshidagi yengil atletika, pauerlifting, dzyudo, suzish, miltiqdan o‘q otish va qilichbozlik kabi sport turlari bo‘yicha terma jamoa murabbiylari va faollari bilan yaqindan ish olib borilmoqda. Shuningdek, qarorga muvofiq, Toshkent shahridagi «Yakkasaroy» sog‘lomlashtirish sport majmuasi, Toshkent viloyatidagi «Yangiobod» o‘quv mashg‘ulot bazasi, Chirchiqdagi «Kimyogar» sport kompleksi, Bekobod shahridagi «O‘zmetkombinat» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga qarashli suv sport havzasi hamda Namangan shahridagi «Barkamol avlod» sport majmuasi paralimpiya sportchilariga biriktirildi.
– Hozirgi kunga kelib, O‘zbekiston Paralimpiya Assotsiatsiyasi Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi bilan hamkorlikda Paralimpiya harakatini rivojlantirish maqsadida maxsus ta’lim muassasalarida targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib bormoqda. Maqsad – imkoniyati cheklangan insonlarni sportga jalb etish, zahira sportchilarni tayyorlash, shu orqali, xalqaro musobaqalardagi ishtirokimizni yanada yaxshilashdan iboratdir, – deydi O‘zbekiston Paralimpiya Assotsiatsiyasi matbuot kotibi Sa’dullo Lutfullo o‘g‘li.
Bundan tashqari joriy yilning 3-12 may kunlari O‘zbekiston Paralimpiya Assotsiatsiyasi hamda Yaponiya Milliy Paralimpiya qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlikka asosan O‘zbekiston paralimpiya dzyudo terma jamoasi Yaponiyaning Tokio shahridagi Xodokan va Taisho universitetlarida yapon sportchilari bilan birgalikda o‘quv mashg‘ulot yig‘inlari hamda murabbiylar o‘rtasida seminar-treninglar o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda 2013 yil Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan XV Paralimpiya o‘yinlarida dzyudo sport turi bo‘yicha terma jamoa sportchilarini munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida ikki davlat Paralimpiya tashkilotlari o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi. Shu bilan birga, boshqa sport turlari bo‘yicha Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Fransiya hamda Italiya Paralimpiya qo‘mitalari bilan ham mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga javoban, o‘zbek paralimpiya sportchilari oldindagi nufuzli musobaqalarda yanada yuqori natijalarni qayd etib, Vatanimiz nomini xalqaro arenalarda munosib himoya qilishlariga ishonamiz.
Sa’dullo TURSINOV