Tanangizda sezuvchanlik ortib ketdimi?
Insonda turfa allergenlarga nisbatan paydo bo‘ladigan allergik reaksiyalar turli vaqtda paydo bo‘ladi. Ushbu reaksiyalarning vujudga kelish mexanizmlarini uch turga bo‘lish mumkin.
To‘satdan paydo bo‘luvchi allergiya
Xastalikning bu turida allergen odamga ta’sir etgandan so‘ng 20 daqiqada paydo bo‘ladi. Unga pollinoz yoki pichan isitmasi, shuningdek, astma (ziqqinafas) xuruji, ekzema (temiratki), anafilaktik shok va shu kabi allergik kasalliklar kiradi.
Ortga surilgan reaksiyalar
Bemor allergen bilan muloqotda bo‘lganidan so‘ng oradan 4-6 soat vaqt o‘tgach, bu kabi allergik reaksiyalar yuzaga keladi. Chunki organizmda ushbu allergen sababli turli salbiy, autoimmun o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Ya’ni, tizimli “qizil bo‘richa” kasalligi, revmatoidli artrit, tarqoq skleroz kabi autoimmun xastaliklar.
Asta-sekin yuzaga keladigan dard
Ushbu holatda allergik reaksiyalar odam organizmiga allergen tushganidan so‘ng oradan 48-72 soat vaqt o‘tgach paydo bo‘ladi. Bunday turdagi allergik xastalikga kontakt dermatit kiradi. Xasta kishi kimyoviy kir yuvish vositalari, turli dori-darmonlar, shuningdek, turfa xil bakteriya va viruslar (sil mikobakteriyalari, brutsellyoz – oqsim) bilan muloqotda bo‘lsa, uning tanasida sezuvchanlik oshib ketadi.
Yuqorida berilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdi-ki, ba’zi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan allergik reaksiyalar bir kecha-kunduz yoki ikki kundan so‘ng ham paydo bo‘lar ekan. Bunday reaksiyalar asta-sekin paydo bo‘lishi bilan ajralib turadi. Shifokor-allergolog esa bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yishi uchun barcha ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega.
GULSHIRIN