Ko‘rinmas balo yoxud bir yilda 10000 nafardan ziyod o‘zbekistonlik yostig‘ini quritgan “vabo”

Globallashuv jarayonida dunyoning istalgan chekkasidagi voqea-hodisadan zumda boxabar bo‘lish mumkin. Agar fojiali holat bo‘lsa, bu xabarning tarqalishi yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlarni zabt etadi. Buning qiziq va achinarli jihati shundaki, ba’zan bir kishining vafoti yoki bitta avtohalokatni oylab muhokama qilamiz, ijtimoiy tarmoqlarda jar solamiz. Ammo minglab insonlarni asta-sekin oramizdan olib ketayotgan ayrim ko‘rinmas balolar haqida deyarli o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Endi e’tiboringizga bir ma’lumotni havola etsak, 2016 yilda o‘zbekistonlik 8000 nafar erkak, 4300 nafar ayol spirtli ichimlikning zarari sabab vafot etgan.

Tibbiyotga ixtisoslashgan dunyodagi nufuzli “The Lancet” jurnalida Vashington universiteti va Geytslar fondi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra dunyoning 195 mamlakatida 1990–2016 yillar davomidagi alkogol iste’moli miqdori va uning salomatlikka ta’sirini o‘rgangan. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra aynan spirtli ichimliklarning iste’moli natijasida birgina 2016 yilda o‘zbekistonlik 8000 nafar erkak, 4300 nafar ayol vafot etgan. Bundan tashqari, ushbu jurnal tomonidan e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi ayollarning 53 foizi, erkaklarning 65 foizi alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishi qayd etilgan. Ishonish qiyin, ammo bu fakt.

Eng achinarlisi, shundaki, ushbu zararli mahsulotlar iste’moli oqibatida vafot etgan erkaklarning 1507 nafari yoki 19 foizini 15 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etgan. Alkogol tufayli hayotdan ko‘z yumgan 330 nafar ayol 15-34 yosh oralig‘idagi yoshlar bo‘lgan.

Afsuski, bu baloning kulfati kun sayin ortmoqda. O‘zining ko‘rinmas ta’siri natijasida har kuni oramizdan bir necha kishini bu yorug‘ olamdan olib ketyapti. Bundan tashqari, ushbu illatning yana bir qancha zararlari ham mavjud.

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatimizda spirtli ichimliklar uchun kishi boshiga bir oyda 2252 so‘m, bir yilda 27024 so‘m sarflanarkan. Boshqacha aytganda, yurtimizda umumiy hisobda bir yilda 882 milliard 332 million so‘m mablag‘ aynan alkogol ichimligi uchun sarf etiladi. Endi bir tasavvur qilib ko‘ring, xuddi shu mablag‘ evaziga qanday savobli ishlarni amalga oshirish mumkin. Yurtimizda ushbu zahar uchun ishlatilgan mablag‘ evaziga 110 ming 292 nafar talabaning to‘lov shartnoma pulini to‘lab berish mumkin. E’tibor qiling, so‘nggi to‘rt yillik o‘quv yili uchun to‘lov shartnoma asosida 190 ming 863 nafar talaba o‘qishga qabul qilingan. Ya’ni, yurtimiz bo‘ylab kontrakt asosida tahsil olayotgan qariyb 58 foiz talabaning bir yillik shartnomasini qoplash mumkin. Ha, bir qaraganda bu ma’lumotlar kishini hayratga soladi, ammo yaqinlarimizdan biri kunda uning o‘ljasiga aylanayotganiga bee’tibormiz. Masalan, uyimizda turgan yoki biror tanishimiz olib ichayotgan alkogolga hech qanday e’tiroz bildirmaymiz va bunga oddiy holatdek qarashga o‘rganib qolganmiz. Ammo minglab xonadonlarda aza tutilishiga, yosh go‘daklarning bo‘zlab qolishiga sabab bo‘layotgan illat ham ayni shu zahri qotil emasmi?..

Yana o‘qing:  Immunitetni oshiruvchi sabzi sharbati

Endi masalaning yana bir jihatiga to‘xtalsak. O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan “Alkogol va tamaki sohasini boshqarish tizimini takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasida ta’lim, sport va diniy muassasalardan 200 metrdan ortiq masofada joylashgan do‘konlarda alkogol va tamaki mahsulotlari sotishga ruxsat etish taklif etilmoqda. Hozirgi holatda bu 500 metr masofani tashkil qiladi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, bu degani ta’lim muassasalarining shundoqqina ro‘parasida spirtli ichimliklar sotishga ixtisoslashgan do‘konlar qad rostlaydi, o‘quvchi-yoshlarimiz har kuni bu mahsulotlarga yuzma-yuz bo‘ladi. To‘g‘ri, alohida do‘konlarda sotildi-ku dersiz, ammo har kun alkogolga ro‘baru bo‘ladigan qiziqqon yoshlar kun kelib undan ta’tib ko‘rishga qiziqmaydi, deb kim ayta oladi?

Xo‘sh, ta’lim muassasalariga yaqin hududda alkogol mahsulotlarining sotilishiga aholi qanday munosabatda?

Spirtli ichimliklar sotuvining tobora ta’lim muassasalariga yaqinlashishi bu nafaqat ta’lim sifatiga, balki butun xalq, butun kelajak avlod hayotiga jiddiy xavf soladi, – deydi poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktor o‘rinbosari Nig‘mat Mirzohidov. – Endi o‘ylab ko‘ring, kunda alkogol do‘koni yonidan o‘tadigan yoshlar uni iste’mol qilib ko‘rsa, keyinchalik o‘z-o‘zidan bunga o‘rganib qolmaydimi?! Bu holatda biz yoshlardan kelajakda qanday komillikni, qanday sog‘lomlikni kutamiz.

Endi o‘quvchi-yoshlar har kun ta’lim muassasasi yaqinidagi alkogol do‘koni yonidan o‘tishini tasavvur qilib ko‘raylik. Tabiiyki, hech qaysi ota-ona farzandi ana shunday muhit ta’sirida voyaga yetishini xohlamaydi.

Ichkilik oqibatida jamiyatda shunday jirkanch jinoyatlar sodir etiladiki, ba’zan uni aytishga odam xijolat bo‘ladi. Yoki bo‘lmasam jannatning rayhonlari bo‘lgan bolalar ham ayni shu ichkilik oqibatida yetim qolishmoqda, – deydi poytaxtimizdagi Islom ota jom’ye masjidi imom-xatibi Jasur Raupov. – Bu ichimlik oqibatida kishi o‘zi va o‘zgalarga ham jabr yetkazadi. Vaholangki, dinimizda o‘ziga va o‘zgalarga zarar yetkazishning gunohi og‘ir ekanligi haqida aytiladi. Bundan tashqari unga sarflanadigan qanchadan-qancha mablag‘larni oilasiga, yaqinlariga yoki bo‘lmasa ehtiyojmandlar uchun sarflasa, shuning o‘zi katta savob-ku.

Bu bor yo‘g‘i bizning tahlillarimiz. Aslida alkogolning kulfati bundan-da yirik. Shunday ekan o‘zingiz va atrofingizdagilarni bu zahri qotildan asrang!

 

Yana o‘qing:  O‘zgarishlar, avvalo, aholi salomatligini himoya qilishga qaratilgan

Sulaymon HAYDAROV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: