Eng katta tomosha charxpalagi
«Nippon Moon» deb nomlanuvchi ulkan tomosha charxpalagining loyihasi Yaponiya, Gollandiya va Italiya kompaniyalari guruhi tomonidan yaratildi.
Loyihachilarning so‘zlariga ko‘ra, tomosha charxpalagi balandligi 135 metr keladigan «London Eye»dan kamida ikki baravar balandroq bo‘lishi kerak. Charxpalak shaffof, sig‘imli «kapsulalar» ko‘rinishidagi 32 ta kabinkadan iborat bo‘ladi, ularning ichida 12-15 kishi bemalol harakatlana oladi. Ularda istalgan odam smartfon yordamida «qo‘shimcha real voqelik» (AR) funksiyasidan foydalanishi mumkin, ya’ni smartfon deraza ortidagi manzaraga qaratilganida uning ekranida xuddi shu tasvir qo‘shimcha ma’lumotlar, animatsion suratlar va personajlar bilan birga paydo bo‘ladi.
Charxpalak 40 daqiqa ichida bir marta aylana yasaydi. Hozircha ushbu inshoot qaysi shaharda barpo etilishiga aniqlik kiritilgani yo‘q. Shuningdek, uni qurish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘lar miqdori ham ma’lum emas.