Mustahkam oila qanday bunyod bo‘ladi?

Oila – muqaddas dargoh. Unda milliy qadriyatlarimiz rivoj topadi, shirindan-shakar farzandlar o‘sib, ulg‘ayadi, kamolga yetadi. Bu oshiyon uning a’zolarida burch va mas’uliyat hissini shakllantiradi. Shu bois, oilani asrab-avaylash har birimizning burchimizdir.

Afsuski, bugun ayrim yoshlarimiz oilani muqaddas bilmay, ro‘zg‘ordagi arzimas bahonalar sabab, ajralib ketmoqda. Bu esa jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan eng asosiy illatlardan biri sanaladi.

Xo‘sh, oila mustahkam bo‘lishi uchun nima qilish lozim? Birinchi galda o‘zaro munosabatlarni tartibga solish darkor. Masalan, ko‘pchilik ayollarimiz mustahkam oila boshlig‘i deganda toparman-tutarman, maoshini ayolidan berkitmaydigan, uyim-joyim deydigan erkakni tushunadi. Erkaklar uchun esa pazanda, epchil, shirinso‘z, uy-ro‘zg‘or yumushlarini bekamu ko‘st ado etadigan ayol eng yaxshi turmush o‘rtoq sanaladi. Albatta, bu nisbatlar ham o‘z o‘rnida to‘g‘ri. Ammo ruhiy yaqinlik, mehribonlik oilani mustahkamlaydigan eng asosiy omillar sirasiga kiradi. Pul topib ro‘zg‘orni ta’minlash va mazali taomlar qilishning o‘zi bilan hayot go‘zal bo‘lmaydi. Demak, oilani mustahkam bo‘lishida er-xotin bir-birini tushunishi, ko‘ngil yaqinligi bo‘lishi muhimdir. O‘zaro muhabbat bor joyda esa moddiy yetishmovchilik va boshqa qiyinchiliklar oson yengib o‘tiladi.

Ishonch. Oila mustahkamligining asosiy mezoni er va xotin o‘rtasidagi ishonchdir. Ishonch oila devorining mus’hakamligiga olib keladi. Er-xotin o‘rtasida yolg‘on oraladimi, bilingki, bu oila baxtga erisha olmaydi. Ro‘zg‘or kamchiliklarini bahamjihat maslahatlashib yechish, bir-birini tushinib yashash oilaning asosiy poydevori hisoblanadi. Kelajakda farzandlar ham shu muhitda tarbiyalanib kamol topadi. Bir so‘z bilan aytganda ishonch – mustahkam oila kaliti hisoblanadi.

Muomala. Har qanday vaziyatda ham so‘zingiz sehrli, tilingiz shirin bo‘lsin. Xatolaringiz haqida gapirilganda to‘g‘ri qabul qilishga odatlaning. Keragidan ortiq so‘z aytmang. Kamchiliklarni tuzatishga kirishing. Keyingi safar xatoga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiling. Har doim o‘zingizdan kattalarni hurmatini joyiga qo‘ying. Bu esa sizning yutug‘ingiz.

Saranjom-sarishta. Oila mustahkamligining eng nozik jihati tozalikdir. Uyga mehmon bo‘lib kelgan kishi ostonadan uy bekasining qandayligini bir ko‘rishda biladi. Shuning uchun uyqudan vaqtli uyg‘oning, ishni tozalikdan boshlang. Oshxonani o‘zingiz uchun asosiy ishxonaga aylantiring. Shinam, toza oshxona sog‘lik garovi. Unutmang, hammayoq saranjom bo‘lsa, ko‘ngil ham xotirjam bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Kichkintoyingiz o‘jarmi: bu uning his-tuyg‘ularga boy ekanligidan darak

Pazanda bo‘ling. Mehnatdan qochmang! Kun bo‘yi ishlab keldim deb, yotib olmang. Farzandlaringiz, oilangiz uchun sizni charchashga haqqingiz yo‘q. Ishdan kelgan zahoti bir oz dam olingda, shirin ovqat qilishga kirishing. Kechda nima taom tayyorlashni oldindan rejalashtirib qo‘ying. Farzandlaringiz uchun ham qo‘li shirin pazanda bo‘ling. Oson va mazali pishiriqlar pishirib, ularning ko‘ngilini oling. Kechki ovqatni oila davrasida jam bo‘lib yeyishga nima yetsin! Ko‘nglingiz ochiq, qo‘lingiz shirin bo‘lsin!

 

 

Farzand tarbiyasi. Farzandlarni tarbiyalashda juda ham e’tiborli bo‘ling. Ularga mehr bering. Erkalashlarni ham me’yorida bajaring. bolalarni yoshlikdan mehnat qilishga o‘rgating. Sizga uy yumushlarida yordamlashsa, rag‘batlantiring. Jahlingiz chiqqanida ularni urishmang. aks holda jizzaki bo‘lib qoladi. Bolalarni bo‘sh qolishiga hech imkon bermang.

 

Oila hisobchisi. Oilaning bosh hisobchisi ekaningizni unutmang. Ro‘zg‘orga mablag‘ni yetkazish sizning zimmangizda. Maoshni taqsimlaganda hech ham adashmang, hatto, orttirishga harakat qiling. Bu ham sizning yutug‘ingiz. Shundagina ro‘zg‘orda baraka bo‘ladi. Bu bilan siz oilaning haqiqiy bekasiga aylanasiz.

 

Vafodorlik. Oila a’zolaringizni e’zozlang. Hurmat qilsangiz, izzat topasiz. Ulardan shirin so‘zingizni ayamang. Jufti halolingizni jahli chiqqanida jim turing. Bu o‘tib ketadigan holat. Ishdan kech kelganida so‘roqqa tutishga shoshilmang. Keyinroq o‘ziga kelganida kechikkanining sababini sizga aytib beradi. Har doim kiyimlari toza tursin. Sizdan hech qachon ayb topmasin. Boringizga shukr qilsin. Farzandlaringizga ham shuni o‘rgating. Chunki qush uyasida ko‘rganini qiladi.

 

Bahslashmang. Hech qachon bir-biringiz bilan bahslashmang. Oilaga darz ketadi. Tinglashni ham o‘rganing. Turmush o‘rtog‘ingizning gapini hech qachon noto‘g‘ri demang. Siz haqsiz deyishga harakat qiling. Uzr so‘rashni unutmang. Birovlarni oldida nafsoniyatiga tegmang. Undan kamchilik axtarmang.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, inson yolg‘izlikda baxt va halovat topa olmaydi. Bu – hayotda isbot talab qilmaydigan haqiqat. Shunday ekan oila mustahkamligiga hali oila qurmasdan avval harakatni boshlang.

 

Dilfuza AZIMOVA

tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: