Yuksak natijalar bilan

XVIII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan bir guruh sportchilar yurtimizga qaytdi

Mamlakatimizda yosh avlodning jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida sportchilarimiz nufuzli musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egallab kelmoqda. Buning misolini atletlarimizning XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida qayd etayotgan yuksak natijalaridan ham ko‘rish mumkin.

Kuni kecha mazkur musobaqaning sport gimnastikasi, slalomda eshkak eshish, ushu, suzish, taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tgan bahslarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, sport muxlislari kutib oldi. Ular orasida taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tgan 80 kilogramgacha vazn toifasidagi bellashuvlarda barcha raqiblarini yengib, Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylangan Nikita Rafalovich, taekvondochilarimizdan kumush medal sohiblari Dmitriy Shokin va Madinabonu Mannopova, bronza medali sohibalari Nigora Tursunqulova va Svetlana Osipova, ushu bahslarida kumush medal sohibasi Darya Latishevalar bor.

Sportchilarimizning bu kabi yuksak natijalarni qo‘lga kiritishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risidagi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Aytish kerakki, Indoneziyaning Jakarta va Pelembang shaharlarida o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida og‘ir atletikachilarimiz ham yuqori natijalarni qayd etishdi. Jumladan, so‘nggi yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, – 105 kg vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Ruslan Nuriddinov dast ko‘tarishda 191 kg, siltab ko‘tarishda esa 230 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, umumiy 421 kg natija bilan raqiblaridan ustun keldi. Ruslan shu bilan birga Osiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi. Shuningdek tennis bo‘yicha bahslarda Denis Istomin finalda xitoylik Yibing Vuni 2: 6,6: 2,7: 6 hisoblarida mag‘lub etdi va Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Badiiy gimnastika bo‘yicha Sabina Toshkenboyeva yakkalik bahslarida yarim finalda eng yaxshi natijani qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi. Ammo u finalda 65,850 natija bilan kumush medal oldi. O‘zbekistonlik yana bir badiiy gimnastikachi Nuriniso Usmonova esa to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Yana o‘qing:  Sifatli ta’lim uchun zamonaviy boshqaruv kerak

Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston boks jamoasining ringga chiqqan uch vakili ham o‘z janglarida g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqdi. Jasur Latipov (-52 kg), Shunqor Abdurasulov (-60 kg) va Bobousmon Baturov (-69 kg) 31 avgust kuni yarim final janglarida ishtirok etishadi.

2018 yilning 28 avgust sanasi O‘zbekiston sporti tarixiga zarhal harflar bilan bitilajak. Boisi, shu kuni yozgi Osiyo o‘yinlari tarixida birinchi marotaba o‘zbek kurashi ustalari g‘oliblik uchun gilamga chiqishdi.

Aslida milliy kurashimizni Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritish yo‘lidagi sa’y-harakatlar ancha oldin boshlangan va ilk bor 2002 yili Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan XIV yozgi Osiyo o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqish namoyish etilgandi. Oradan to‘rt yil o‘tib, Qatarning Doxa shahri mezbonlik qilgan XV yozgi Osiyo o‘yinlarida kurashimizni musobaqalar dasturiga kiritish yo‘lida muhim qadamlar tashlandi.

O‘zbekiston kurash terma jamoasining barcha vakili Indoneziyada turli darajadagi medallarga sazovor bo‘ldi. Bu bilan polvonlar O‘zbekiston hisobiga eng ko‘p medal keltirgan jamoaga aylanib olishdi. Xususan, – 66 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qiltgan Ma’ruf G‘aybulloyev saralashda indoneziyalik Timur Aprilianda Adini, nimchorak finalda filippinlik Lamas Al Rolanni, chorak finalda turkmanistonlik Marat O‘razovni, yarim finalda eronlik Ganbari Ganbaralini mag‘lub etib, finalga chiqdi. Unga finalda O‘zbekistonning shu vazn toifasidagi boshqa vakili Ruslan Bo‘riyev qarshi chiqdi. R. Bo‘riyev finalga qadar mo‘g‘ulistonlik Basandash Jargalsayxon, nepallik Tapa Upendra, afg‘onistonlik Muhammad Yusuf Shuayb va xitoy taypeyilik Chan Xaochengni mag‘lubiyatga uchratgandi. O‘zbekistonlik ikki sportchining o‘zaro bahsida M. G‘aybulloyevning qo‘li baland keldi va kurashdagi ilk oltin va kumush medal rasmiylashtirildi.

+90 kg vazn toifasida ham o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Nurbek To‘rayev saralash bosqichida livanlik Fadel Jadni, nimchorak finalda mo‘g‘ulistonlik Bayarsayxon Temulinni, chorak finalda afg‘onistonlik Abdulbosir Rahmoniyni mag‘lub etdi. Ammo u yarim finalda eronlik Jafar Pahlavoniyjagarhga yutqazdi va bronza medal bilan kifoyalandi. Shu vazn toifasidagi yana bir o‘zbekistonlik sportchi Muhsin Hisomiddinov esa oltin medalga ega chiqdi. U ishtirokini nimchorak finalda boshlab, yaponiyalik Tatsumi Kavaguchi, xitoy taypeyilik Li Poyen, afg‘onistonlik Mansur Sarvarini mag‘lub etib finalga chiqdi. Finalda esa u yarim finalda Nurbek To‘rayevdan ustun kelgan Jafar Pahlavoniyjagarhga qarshi gilamga chiqib, g‘alaba qozondi.

Yana o‘qing:  ULUG‘DIR USTOZ DEGAN NOM

Ayollar o‘rtasida – 52 kg vazn toifasida Gulnora Sulaymonova ham oltin medalga sazovor bo‘ldi. U finalgacha indoneziyalik Maya Sari Sembiring, qozog‘istonlik Akjo‘l Kayipxan va mo‘g‘ulistonlik Gerelma Erdenetsogtni mag‘lubiyatga uchratgandi. Finalda esa hindistonlik Pinski Balhara taslim etildi. Shu vazn toifasidagi Oysuluv Abdumajidova esa bronza medal bilan kifoyalandi. Bahslarga nimchorak finaldan kirishgan Oysuluv Abdumajidova dastlab turkmanistonlik Anastasiya Makeevani, keyin eronlik Tahira Azarpayvandni yengdi. Ammo yarim finalda hindistonlik Pinski Balharaga mag‘lub bo‘ldi.

Ayni vaqtga kelib o‘zbekistonliklar qo‘lga kiritgan medallar soni 38 taga yetgan – 9 oltin, 15 kumush va 14 bronza.

 

Sarvar IS’HOQOV,

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mutaxassisi

 

Ruslan NURIDDINOV,

XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining oltin medal sohibi:

2010 yilgi Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘la olmagan edim. 2014 yilgi qit’a birinchiligida esa jarohatim sabab qatnasholmagandim. G‘alaba qozonishim 2018 yilga nasib qilgan ekan. Olimpiadaning shukuhi boshqacha, lekin ayni damdagi hissiyotlarimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman.

Ishonasizmi, bahs oldidan murabbiylar bilan ozgina tortishib qoldik. Qaysi ma’nodaki, 222 kg. tosh ko‘targanimdan keyin chempionlik naqd bo‘lgach, ular 230 kg. og‘irlikni ko‘tarib nima qilasan, oldinda jahon chempionati ham bor, o‘zingni asragin, deyishdi. Men esa bunga rozi bo‘lmadim va aynan mana shu og‘irlikni ko‘tarishni istadim. Ochig‘ini aytsam, tosh ko‘targanimdan so‘nggina Osiyo o‘yinlari tarixida og‘ir atletika bo‘yicha rekord o‘rnatganimni bildim va bundan juda xursandman. Olimpiadadan so‘ng orada ancha tanaffus bo‘ldi, shu sababmi bugungi musobaqada biroz hayajon bo‘ldi, ammo barcha rejalar uddalandi.

 

Nikita RAFALOVICH,

XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining oltin medal sohibi:

Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, Prezidentimiz va xalqimizning ishonchini oqlaganimdan xursandman. Musobaqada har bir jang men uchun juda qiyin o‘tdi. Biroq, murabbiyim Akmal Ergashevning maslahatlari va g‘alabaga bo‘lgan intilishim ushbu qarshiliklarni yengib o‘tishda menga yordam berdi. Maqsadim Olimpiya o‘yinlarida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishdir.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: