Bugun haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi?
Ilgari Toshkentdan Samarqandgacha ot-ulovda deylik, bir hafta yo‘l yurishgan. Hozir mashinada uch soatda yetib boramiz. Lekin o‘tmishdagilar bilan solishtirsak, bizning ixtiyorimizda bir hafta “bo‘sh vaqt” qolmaydi. Aksincha, baribir ko‘p narsaga vaqtimiz yetmaydi…
Texnika taraqqiyoti tufayli imkoniyatlarimiz ko‘p martaga ortdi, ammo yalqovligimiz ham shuncha martaga kuchaydi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra Alisher Navoiy zamonida bir odamning miyasi oltmish yilda qabul qilishi mumkin bo‘lgan axborot hajmini bugungi asr odami taxminan bir haftada qabul qilishi mumkin ekan. Ammo bu hisob bilan har haftada shuncha hajmdagi axborotlarni qabul qilayotgan bolalarning aksariyati 12 yoshidayoq akademik bo‘lib ketishlari kerak edi. Biroq, nega shuncha imkoniyatlarga qaramay bizda yana Navoiylar yo‘q?
Ko‘plab muammolarning yechimi topildi, hayot kechirish uchun qulayliklar ortib borayapti. Shu bilan birga yangi-yangi muammolar, mushkulotlar ham paydo bo‘lmoqda…
Masalan, quyidagi holatlarga hech e’tibor berdingizmi?!
Mol-davlatimiz ortdi, ammo huzur-halovatimiz yo‘qoldi. Qulayliklar ortdi, ammo vaqtimiz kamaydi. Dorilar ko‘paydi, kasalliklar ozaymadi. Kech yotib, saharda charchoq bilan uyg‘onamiz. Kam kitob o‘qiymiz, ko‘p televizor ko‘ramiz. Ko‘p gapiramiz-u, kam e’tibor beramiz. Pul topishni o‘rgandik, sarfni eplolmadik. Oyga uchib qaytishni bilamiz, lekin qo‘shnimiz holidan xabar olish uchun ikki qadam bosmaymiz. Fazoda nima bo‘layotganini bilamiz, lek ichki kechinmalarimizdan bexabarmiz. Rejalar tuzamiz, natijalar ko‘rinmaydi. Shoshilishni o‘rgandik, sabrni esa yoddan chiqardik. Tanishlarimiz ko‘p, do‘stlarimiz kam. Yutuqlarimiz ko‘p, quvonchlarimiz kam.
Bugun bunday savollar, millati va dinidan qat’i nazar, juda ko‘pchilik insonlarni o‘ylantirmoqda. Mana, amerikalik hajviy yozuvchi Jorj Garlinning hajviy bo‘lmagan fikrlari:
Davrimiz g‘alati ziddiyatlarga boy: binolarimiz baland, qadrimiz past, yo‘llarimiz keng, sabrimiz tor. Ko‘p sarflaymiz, oz narsaga ega bo‘lamiz. Ko‘p narsa sotib olamiz, ammo quvonchimiz oz. Uylar katta, oilalar kichik, qulayliklar – ko‘p, vaqt – kam. Ma’lumotimiz yaxshi, aqlimiz qosir. Mutaxassislarimiz ko‘p, muammolar undan ham ko‘p…
Odam umriga yil qo‘shishni o‘rgandik, lekin yillarga hayot bag‘ishlashni bilmaymiz. Atomni bo‘ysundirdik, lekin o‘z xudbinligimizni bo‘ysundira olmadik.
Davrimiz:
Ko‘p yeyish va yomon hazm qilish, katta odamlar va tor fe’llar, oilaviy daromad va ajralishlarning o‘sishi, chiroyli uylar va vayrona qalblar davri. Bir martalik taglik (pampers)lar, bir martalik axloq, bir kechalik visol…
Ortiqcha vaznlar, odamni ehtirosga soluvchi, tinchlantiruvchi, o‘ldiruvchi… tabletkalar davri.
Yaqinlaringizni seving! Chunki hech kim Siz bilan abadiy birga bo‘lmaydi. Bir-birimizga g‘animatmiz, axir! Go‘daklarni seving! Sizdan o‘tgan iliqlik u bilan birga ulg‘aysin! Sevimli insonlaringizni issiq bag‘ringizga mahkam bosing. Bu, Siz berishingiz mumkin bo‘lgan eng qimmatli tuhfa va u mutlaqo tekindir.
Sevish va samimiy muloqot uchun vaqt toping. Chunki, umr faqatgina nafas olish va nafas chiqarish bilan o‘lchanmaydi. Inson umri zavq-shavqli damlar bilangina qadr-qimmat va mazmun kasb etadi.
Bebaho hayotdan rozi bo‘lib yashang!
Baxtiyor HAYDAROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi