Tibbiyot va ijod mushtarakligi

Tibbiyotga oid 250 dan ortiq ilmiy maqolalar, 50 ga yaqin ilmiy ixtirolar hamda ratsionalizatorlik takliflari muallifi bo‘lgan Jumanazar Beknazarni xalqimiz yaxshi taniydi.

Yoshlik davri Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Qamay qishlog‘ida kechgan Jumanazar Beknazar betakror bolalik damlarini, qalbida ilmga, adabiyotga, kitoblarga ilk havas uyg‘ongan lahzalarni unuta olmaydi. U kishi badiiy asarlarni o‘zgacha zavq bilan mutolaa qilar, kitoblar uni butunlay o‘ziga maftun etgan edi. Maktabni tugatish arafasida muallimlari va tengdoshlari uni adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirsa kerak, deb o‘ylashardi. Chunki bunga asos ham bor edi. U qalamkash yoshlardan sanalardi. Yozganlari matbuotda ko‘rinib turardi. Ammo, Jumanazar shifokor bo‘lishni, odamlar sog‘ligini tiklashga yordam berishni diliga tukkan edi.

“Adabiyot bilan jarrohlikni qo‘shib olib borsa bo‘larkan-ku. Balki, adabiyotdan ko‘ra jarrohlik ilmi odamlarga ko‘proq foyda berishi mumkin. Axir, shifokor bo‘lsam, adabiyotdan ajralmayman-ku!” degan fikr xayolidan o‘tdi. Maktabni tugatgach Toshkent davlat tibbiyot institutiga hujjatlarini topshirdi. Unga omad kulib boqdi. Talabalar safidan o‘rin oldi. Yana kitoblar mutolaasi… Tibbiyot sohasiga oid fanlar, badiiy asarlar… xullas, Jumanazarning qo‘lidan kitob tushmadi.

 

Insonning ma’rifatli, ma’naviyatli, madaniyatli bo‘lishida kitobning o‘rni benihoya katta. Bunday insonlardan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Ziyoli odam o‘zining bilimini, tajribasini, amaliy ko‘nikmalarini boshqalarga ham o‘rgatishga harakat qilib, o‘sha o‘rgangan insonning o‘zidan biron narsani o‘zlashtirganini ko‘rgan paytda uning quvonchi ichiga sig‘may ketadi. Mana shu shodlik, quvonch hislari faqat adabiyotdan bahramand bo‘lgan odamlarda paydo bo‘lishi mumkin, – deydi Jumanazar Beknazar.

 

Ham ilmiy ish, ham badiiy ijod bilan shug‘ullanish bir-biriga xalaqit qilmaydimi? – degan savolimizga javoban Jumanazar Beknazar shunday fikrlarni bayon etdi:

 

Aslo, balki bir-birini to‘ldiradi. Masalan, Ivan Sichenovning tibbiyotda kashf etgan bir qonuni bor. Bunga asosan, agar siz birorta ish bilan mashg‘ul bo‘layotgan mahalingizda o‘sha ishingizdan charchab, boshqa ishga mashg‘ul bo‘lsangiz, dam olar ekansiz. Demak, agar ilmiy ish bilan shug‘ullangan mahalda toliqish sezsangiz va shu jarayonda badiiy ijod bilan mashg‘ul bo‘lsangiz, miyangiz charchamas ekan. Sababi miyaning ilmga chanqoq shunday markazlari mavjud. Har bir shunday markaz alohida-alohida kichkina qutichalardan iborat deb tushunaman. Masalan, ilmiy ish bilan shug‘ullangan mahalingizda o‘sha quticha asta-sekinlik bilan to‘ldirib boriladi va oxirida quvvati yetmay qoladi yoki zo‘riqadi. O‘sha zo‘riqqan paytda siz charchoq sezasiz. Shunda boshqa soha bilan mashg‘ul bo‘lsangiz endi miyaning boshqa qutisi to‘la boshlaydi. Bu quti ishlayotgan paytda ilm jarayonidagi qutida to‘plangan axborot xotira markaziga o‘tadi. So‘ng o‘sha quti bo‘shab qoladi. Quti bo‘shagan mahalda siz yana ilm bilang shug‘ullanishda davom etsangiz ruhiyatingizda o‘zgacha kayfiyat va ishonch paydo bo‘ladi. Ishga o‘zgacha zavq bilan kirishasiz.

 

Yana o‘qing:  Kulgingdadir hayotning aksi

Jumanazar Beknazar o‘z ishidan, ilmiy va ijodiy mehnatdan zavq oladi. Ilhom bilan qalam tebratadi. Shu o‘rinda bir voqeani aytib o‘tdi:

 

Kikkuli degan mashhur kimyogar bo‘lgan. U charchagach, uyquga ketadi. Tush ko‘radi. Uzoqdan bir ilon dumlarini har xil shakllarga solib, o‘ynatib Kikkulining yaqiniga keladi va dumini tishlaydi. Kikkuli uyg‘onib ketadi. Tushidagi holatdan hayratlanadi. “Demak, zanjirsimon formulani olib kelib, bir-biriga aylantirib qo‘ysak bo‘ldi, bu siklik ravishdagi formula bo‘lar ekan!” degan fikrga keladi. Qarabsizki, benzol formulasi kashf etiladi. Kikkuli Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi. U bu darajaga yetguncha qancha tashvishlarni va ruhiy zo‘riqishlarni boshidan kechirdi. Ilmiy g‘oyasini amaliyotga tatbiq etgach esa qalbi zavqqa to‘ldi. Tibbiyotda ham adabiyotda ham xuddi shunaqa. O‘z ishingdan zavqlanishga ne yetsin?!

She’riyatda siz biror mazuni maqsad qilib turganingizda, go‘yoki koinotdan birorta so‘z yoki yangi g‘oya to‘satdan miyangizga uriladi. Shu zahotiyoq hozirgina miyangizga kelgan so‘zni, g‘oyani qog‘ozga tushirsangiz, she’r yaraladi. Qog‘ozga tushgan misralarni o‘qib, o‘zingiz ham lol qolasiz. Tibbiyotda ham qanchalik soha ichiga kirib borsangiz, yangiliklarni o‘ylay boshlaysiz. “Jarrohlik operatsiyasini mana bu tomonini sal bundayroq qilib o‘zgartirsam qanday bo‘larkin? Uning asoratlari kamayarmikan yoki bemorga nisbatan mana shu narsa yaxshi foyda berarmikan?” deb o‘ylayotgan paytingizda yangi g‘oya birdan miyangizga uriladi. Yangi g‘oya sizga ma’qul bo‘lgach: “Ha, shu yerda mana bu usulni qo‘llasam zo‘r bo‘larkan” deysiz. Yangi ilmiy g‘oyani amaliyotga tatbiq etsangiz va u o‘zingiz o‘ylagandanda muvaffaqiyatli chiqsa bormi, qalbingiz beixtiyor zavqqa to‘ladi. Siz go‘yo samoda uchasiz o‘sha onda…

 

Tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazar vaqtni nihoyatda qadrlaydi. O‘qib-o‘rganishdan, izlanishdan, mehnatdan sira erinmaydi. Shu bois, qaysi ishga qo‘l urmasin uning samarali bo‘lishiga erishadi. Uning ilmiy va ijodiy muvaffaqiyatlari fikrimiz dalilidir.

 

Abdulla AYIZOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: