Men uchun unutilmas kun
… Hovlida yangrayotgan karnay-surnay sadolari uyda telefonda gaplashayotgan otamning ovozini bosib ketaman deydi. Otam ham yon bermaydi – ovozini bir parda ko‘taradi:
… “So‘g‘diyona” stadionini bilasan… Ha-ha, sayilgoh ham bor. Unga yonma-yon ko‘p qavatli yangi uylar keladi. O‘shalar bilan bir qatorda”.
Otam gapini tugatib, telefonni deraza tokchasiga qo‘yar ekan, dasturxonning kam-ko‘stiga qarayotgan onamga hazil qiladi.
– Shu tog‘alarigayam qoyilmasman, – deydi orada menga ko‘z qisib, – Jizzaxning markazi haqida gapiryapman, ular bo‘lsa nima, qayerda, deydi qayta-qayta. Boshqalarning yetib kelganiga yarim soat bo‘ldi-ku!
O‘sha kunni eslasam, hozir ham yayrab ketaman. Xayol xayollarga ulanadi.
…2018 yil 24 iyun, yakshanba. Otam bilan shaxmat o‘ynayotgan edik. Yoshlar ittifoqidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Mas’ul xodim 30 iyun kuni yangi uyni tantanali topshirish marosimi bo‘lishini, erta-indin ko‘chib o‘tishimiz lozimligini aytdi.
– Shu gap chinmi ishqilib? – onam javobimni kutmay davom etadi. – Bolamga davlat uy berdi, deb qo‘ni-qo‘shniga maqtanib qo‘yganman-a?! Birin-ketin uyli-joyli bo‘layotgan tengqurlaring safiga qo‘shilganing rost bo‘lsin, ilohim…
Hovlida o‘ynayverib terga botgan o‘g‘limning “Ena, choy-choy” deyishi onamning gapini bo‘lib qo‘ydi.
– O‘ttiz shanba bo‘ladi, – deydi otam “fil”ni bir katak surib, “shoh” berar ekan. – Onang aytganiday uy haqida unga-bunga gap ochib qo‘yganmiz. “Qulluq bo‘lsin”ga qishloqdan ham 20-25 besh chog‘li odam boradi. Yana bola-chaqa deganday. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rish kerak.
Qo‘shaloq bayram tantanasi
Kutilganidek 30 iyun kuni qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Jizzax shahridagi Kimyogar mahallasida 32 xonadondan iborat to‘rt qavatli “Yoshlar uyi” foydalanishga topshirildi. Barcha xonadonlar mehmonga, ular sabab fayzga to‘ldi.
Qutlovchilar orasida maktabda ona tili va adabiyotidan dars bergan, hozir keksalik gashtini surayotgan o‘qituvchim Meliboy Beknazarov ham bor. Ustozga razm solaman, nazarimda u mendan ham ko‘proq xursand edi. Hech kimga gap bermaydi.
– Shu xonadonlarga Baxmaldan uch kishi munosib ko‘rilibdi, – deydi ustoz to‘lib-toshib. – Ana shu uchtaning biri bizning shogird bo‘ladi. Men bir narsaga qoyil qoldim. Choydan quy… “Hovli olma, qo‘shni ol”, degan maqol bor. Bunda hikmat ko‘p. To‘g‘ridagi xonadon egasi dzyudo bo‘yicha jahon chempioni ekan, bu yon tomondagisi esa shoira. Ana endi shu muhitda o‘sgan nevaralarimiz qanday insonlar bo‘lishini tasavvur qilavering. Zo‘r-a? Bunaqasini biz orzu ham qilolmaganmiz.
…Uy qurgan bir-ikki sinfdoshning hasharida qatnashganman. Imorat qilish yaxshi. O‘ziga yarasha xarajati, shirin tashvishi bor. Bunday tashvishlarga doim havas qilganman. Havas murodga eltadi, deb shuni aytsalar kerak-da. Ishdan horib kelganingda uy o‘zingniki ekanini his qilish charchoqlaringni aritadi. Ko‘ngling xotirjam, orzu-rejalaring bir olam. Yana o‘z uyingga mehmon chaqirishning ham gashti bo‘lakcha. O‘zimda his qilganman buni. Ijara uyning shiftiga qarab emin-erkin xayol surish, orzu qilish, reja tuzish oson emas. O‘sha kayfiyat ba’zan farzandingga miriqib ertak aytishinga ham xalal beradi.
Bir safar shu gaplarni Germaniyada magistratura bosqichida ta’lim olayotgan o‘rtog‘imga aytganimda, u jilmayib qo‘ygandi.
– Yevropaning ko‘p davlatlarida bo‘lganman, – degandi u o‘shanda. – Uy masalasi u tomonlarda boshqacha. Ko‘pchilikning o‘z boshpanasi yo‘q, umr bo‘yi ijarada yashaydiganlar ham oz emas. O‘ylashimcha, jamiyatda faol, uy-joyga ehtiyoji bor yoshlarga yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga davlat tomonidan imtiyozli shartlar asosida uy berilishi dunyoda kamdan-kam hodisa, ehtimol, o‘xshashi yo‘q amaliyotdir.
Rost gap. O‘zim ham kasbim taqozosi sabab yangi uylar topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan ko‘p tadbirlarda ishtirok etganman.
Bekobod tumanida harbiy xizmatchilar oilalari uchun uy topshirish marosimida bir otaxon aytgan gaplar yodimda: “Borar manziling tayin, oilangdan ko‘ngling to‘q bo‘lsa, ishingda unum bo‘ladi. Shuning uchun ota farzandiga uy-joy qilib bermaguncha tinchimaydi. Besh o‘g‘ilni katta qildik, o‘qitdik. Qo‘ldan kelguncha boshpanali qildik. Faqat kenjamizga qo‘limiz sal kaltalik qilib turgandi. Mana, davlat uy berdi – tashvishim aridi. Endi xotirjamman. Menday ming-minglab keksa otalarga shunday xotirjamlik berayotgan, bolalarimizning ertasini bizdan ko‘ra ko‘proq o‘ylayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz. Endi sizlardan, bolalarim, shu g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lish, el-yurt tinchligi va farovonligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratni ayamaslik talab etiladi”.
…Noutbuk monitorini yopaman. Beixtiyor shiftga qarayman. Shift esa ijara uyda qilgan orzu-armonlarimni yodga soladi. Ovozimni baland qo‘yib “Yetkazganiga shukr!”, deyman. Bunday shukrona keltirayotgan yosh oilalar, otalar esa yurtimizda ko‘p. Ushbu qoralamalarni o‘qiyotganlar orasida ham ular ko‘pligiga ishonchim komil.
Yangi uy, o‘z xonadoningiz muborak, aziz tengdoshim!
Ikrom AVVALBOYEV,
O‘zA muxbiri
“Obod qishloq” dasturini bo‘yicha 2018 yilda mamlakatimizning 174 ta tumanidagi 368 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini kompleks ravishda yangilash chora-tadbirlari qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 127 ming 143 ta uy-joyni ta’mirlash, ularning tomini, tashqi ko‘rinishi, yon-atrofini obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.