“Ko`ngil maxzanining qulfi til…”
Har bir millatning o`zligini anglatuvchi xush kalomi uning tilida bayon etiladi. Til boyligini asrash shu xalqning kelajagini asrash demakdir. Til – millat ko`zgusi. Darhaqiqat, fikr bayonimizni faqat tilimiz orqali so`zlash barobarida ifoda etamiz. O`z tilini anglagan inson o`z eliga e'tiborli bo`ladi.
Birinchi navbatda tilimizni yorqin namoyon eta olishimiz uchun so`z boyligimizni ko`paytira borishimiz zarur. Til eng avvalo madaniyat bilan birga yuksaladi. Uning ta'sirchan kuchi beqiyosdir. Til xalqning tarixi, madaniyati, uning bosib o`tgan yo`lidir. Shu aziz, shu mukarram til bayoni sabab ellar birlashib, do`stlik rishtalari bog`langan.
Buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganidek, «Ko`ngul maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalidin so`z bil». Aytayotgan so`zimiz fikrimiz ifodasi, xush zabonimiz esa xushxulqlik ifodasidir.
Bizga saboq berayotgan ustozlarimiz tilimiz sofligini asrashimiz haqida bot-bot uqtirishadi. Yozayotgan insho va bayonlarimizdagi so`z boyligimizni ko`paytirib, uni bexato ifoda etishimizni talab etishadi. So`zlayotgan so`zimizni ega kesimi joyida bo`lsa, u yanada mukammal bo`lib, tinglovchi oson tushunishini ustozimizdan bilib olganman.To`g`ri so`zlash kishining xulqini belgilaydi. Shoshma-shosharlik bilan so`zlashdan avval fikrni jamlashni o`rganish lozim, – deydi ustozimiz. Biz bunga hamisha amal qilishga intilamiz. Maktabimizda o`tayotgan turli bayram tadbirlari, qiziqarli bellashuvlarda go`zal tilimizda she'rlar aytib, qo`shiqlar kuylashdan nafaqat men, balki butun sinfdoshlarimning yuzida mamnunlik hissini tuyaman.
Onajon tilim har tong bobojonim, buvijonim, otam-onam qarshisida eng mo'tabar kalomim “assalomu alaykum” bilan boshlanasan. Shunda ko`ksim osmon qadar yuksalib, yuzim quyosh kabi yashnab ketadi.
Ona allasi bilan qon-qonimizga singib ketgan til boyligimizni jon qadar e'zozlaymiz. Yillar osha, asrlar osha seni asrayveramiz, o`zligimiz bayoni ona tilimiz.
Nodira OMILXONOVA,
«Nafis g`unchalar» to`garagi a'zosi