Bilimdon bola qanday tarbiyalanadi?
Yozgi ta’til ham tugashiga kam vaqt qoldi. Ha, demay, farzandlarimiz yangi o‘quv yilini ham boshlab yuboradi. Uzoq dam olishdan keyin o‘qish jarayoniga ko‘nikish ular uchun biroz qiyin kechadi. Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan bolajonlarimizni yangi hayotga o‘rgatish muhim sanaladi.
Maktabda ta’lim olish ijtimoiy-psixologik va fiziologik jihatdan bola hayotidagi murakkab va mas’uliyatli davrdir. Uning qalbida o‘qishga bo‘lgan xohishni so‘ndirmaslik, bilimga chanqoqlikni saqlab turish uchun bolani intizomli bo‘lishga o‘rgatish lozim.
Mazkur holatda ota-ona va o‘qituvchining hamkorligi muhim hisoblanadi. Bolalarga berilayotgan yordam uch yo‘nalishda bo‘lishi lozim.
Birinchi yo‘nalish – bola uchun kun tartibini tashkillashtirish. O‘quvchi uchun o‘quv yuklamasini oson bajarishga, asab tizimini charchashdan himoya qilishga, ya’ni sog‘ligini mustahkamlashga imkon yaratish. Bundan tashqari mashg‘ulotlarning aniq tartibi mehnatning asosi hisoblanadi. Kun tartibiga qishloq yoki shaharda yashash sharoitidan kelib chiqib, uy-xo‘jalik yumushlarini kiritish lozim. Bunday yumushlar kam bo‘lishi, lekin bola bu boradagi vazifalarini doimiy bajarishi kerak.
Shuningdek, kun tartibiga kunlik kitob o‘qish, vazifalarni astoydil bajarish va bolani dars tayyorlashda zeriktirmaslik kerak. Ko‘p kitob o‘qigan bola aqlan tez rivojlanadi, bexato yozishga o‘rganadi, masalani yechishda qiynalmaydi. Agar siz undan o‘qigan hikoya yoki ertagini so‘zlab berishni so‘rasangiz, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Chunki uni eshita turib, talaffuzini, gap tuzishidagi xatolarini to‘g‘rilaysiz. Shunday qilib, bola o‘z fikrini bayon qilishga o‘rganadi.
Kun tartibini belgilashda yana bir muhim masala – bola sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishi uchun unga bo‘sh vaqt ajratish. Bu o‘rinda asosiysi, uni nazoratsiz qoldirmaslik va boshqa ishlar bilan chalg‘itmaslik kerak.
Ikkinchi yo‘nalish – uy vazifasini bajarishini nazorat qilish. Nazorat doimiy, boshlang‘ich sinflarda har kuni bo‘lishi lozim. Maktabga endi qadam qo‘ygan o‘quvchi sizning yordamingizga muhtoj bo‘ladi. Unga uyga vazifani bajarishni eslatish, darsini qilib bo‘lguncha bola bilan birga o‘tirish talab etiladi. Muhimi, vazifani bajarganligini emas, balki dars tayyorlash jarayonini nazorat qilish, ayrim qiyinchiliklarni yengib o‘tishida yordam ko‘rsatishdan iborat. Nazorat davomida bola bugun maktabda nimani o‘rganganini, o‘quv materialini qanday tushunganini, bajargan harakatlarini qanday tushuntirib berishi bilan qiziqsangiz maqsadga erishgan bo‘lasiz.
Farzandingiz sizdan maslahat yoki yordam so‘raganda unga mustaqil fikrlash, tahlil qilish, isbotlash, qilayotgan ishini oldindan rejalashtirishga o‘rgatish yo‘nalishida ish olib borish kerak. Shuningdek, bolada uy vazifasini so‘zsiz bajarish odatini shakllantirish lozim. Ya’ni, ob-havoning qanday bo‘lishi, qiziqarli teledastur borligi yoki tug‘ilgan kun nishonlanishi, mehmonga borish bunga ta’sir etmasigi kerak.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bola har kuni bir vaqtda dars tayyorlashga o‘tirishi, aqliy mehnat bilan shug‘ullanishga moyillik holatini keltirib chiqaradi. Dars tayyorlashda yana bir muhim jihat – bolaning ishlash tezligidir. Shuning uchun har bir vazifani bajarganda unga vaqt belgilash (oldida soat bo‘lishi) maqsadga muvofiq.
Uchinchi yo‘nalish – bolani mustaqil bo‘lishga o‘rgatish. Uy vazifasini tekshirayotganingizda farzandingiz yo‘l qo‘ygan xatoni ko‘rsatishga oshiqmang. Kamchiligini o‘zi topsin. Uning savoliga tayyor javobni bermang. Shunda bola fikrlaydi va sizdan to‘g‘ri javobni kutmaydi. Tushunmagan misolini o‘zi yechishga harakat qilsin. Keyin misolni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini unga tushintiring. Aks holda bolalar erkalik qilib, ular uchun kimdir ishlashini xohlaydilar.
Kichik yoshidan bolani mustaqil fikrlashga va darslarni o‘zi tayyorlashiga sekinlik bilan o‘rgatib boring. U sizning yordamingizga suyanib qolishidan ehtiyot bo‘ling! Shunda siz farzandingizni mustahkam bilim olishiga va kelajakda yuksak cho‘qqilarni egallashga imkoniyat yaratgan bo‘lasiz.
Dilfuza AZIMOVA