XVIII Osiyo o‘yinlari: musobaqa qizg‘in pallada
Indoneziya poytaxti Jakarta hamda Sumatra orolidagi yirik shaharlardan biri Palembang mezbonlik qilayotgan XVIII Osiyo o‘yinlariga qiziqish har qachongidan-da yuqori, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, bu galgi bellashuvlar 2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida tashkil etiladigan navbatdagi Olimpiya o‘yinlari oldidan qit’amiz sportchilari uchun o‘ziga xos ko‘rik vazifasini o‘tab beradi.
Qit’amizning 45 mamlakatidan jami 9 704 nafar atlet 42 ta sport turi bo‘yicha 476 ta medallar jamlanmasi uchun bahslarga kirishdi. Ushbu nufuzli sport anjumanining biz uchun yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, milliy kurashimiz XVIII Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi.
Aytish kerakki, mezbon mamlakat mazkur yirik musobaqaga katta tayyorgarlik ko‘rdi. Jumladan, bir qator sport inshootlari qurildi, mavjudlari kapital ta’mirdan chiqarildi. Musobaqalar bo‘ladigan asosiy sport inshootlari esa mamlakat poytaxti Jakarta shahrida joylashgan. Bundan tashqari Palembang shahridagi qator sport inshootlarida ham bir necha sport turlari bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sport delegatsiyasi tarkibidan jami 331 nafar sportchi o‘rin olgan bo‘lib, ular 32 ta sport turida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Hamyurtlarimiz so‘nggi vaqtlarda boks, erkin va yunon-rum kurashi, sambo, og‘ir atletika, qilichbozlik, tennis, karate, taekvondo VTF kabi sportning o‘nlab turlarida qit’ada yetakchilik qilayotganligini inobatga olsak, bu safargi bellashuvlarda natijalarimiz har qachongidan-da yuqori bo‘lishiga ishonch bor.
Shu kunlarda bellashuvlar o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. To‘rtinchi kungi bahslar oldidan terma jamoamiz medallar jamg‘arish bo‘yicha jadvalda 11-o‘rinni egallab turibdi. Jamoamiz hisobida 1 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza, jami 10ta medal bor.
Kuchli uchlikda Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya terma jamoalari joylashgan. Shu kungacha yigirma ikkita davlat sportchilariga kamida bitta medal olish nasib qilgan. O‘n oltita mamlakat terma jamoalari hisobida esa kamida bir nafar Osiyo o‘yinlari – 2018 chempioni bor.
Birinchi kungi bahslarda erkin kurash bo‘yicha 74 kg vazn toifasida hamyurtimiz Bekzod Abdurahmonov Osiyo o‘yinlarining finalida qozog‘istonlik Daniyar Kaisanovga qarshi gilamga ko‘tarildi. Qiziqarli kechgan bahs Bekzod Abdurahmonovning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Taekvondo musobaqasida ikki hamyurtimiz – Dmitriy Shokin va Niyoz Po‘latov kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda vazni 67 kilogrammgacha bo‘lgan hamyurtimiz Nigora Tursunqulova yarim finalda Janubiy Koreya vakilasi Jandi Kimga qarshi dayanga ko‘tarildi. Afsuski, ushbu bahsda yosh sportchimizga biroz omad yetishmadi. Shu tariqa, Nigora Osiyo o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, umidli taekvondochi qizimiz Svetlana Osipova ham bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Palembang shahrida Osiyo o‘yinlarining tennis musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Unda hamyurtimiz Nigina Abduraimova qozog‘istonlik Anna Danilinani 0:6, 6:2, 6:2, mamlakatimizning birinchi raqamli raketkasi Sabina Sharipova esa vyetnamlik Ksilla Fodorni 7:5, 6:3 hisobida yengdi. Shuningdek, yakkalik bahslarning erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida Denis Istomin pokistonlik Oqil Xonni 6:3, 6:1, Jo‘rabek Karimov livanlik Jovani Samaxani 6:4, 7:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Juftlik bahslarida qatnashayotgan Iroda To‘laganova hamda Sabina Sharipova Xitoy Taypeyi vakilalari –Piyechi Li va Chiyenxu Xsuga qarshi kortga chiqdi. Ushbu o‘yinda hisob 2:1 bo‘lib turganda Li va Xsu uchrashuvni o‘tkazishdan bosh tortdi va mag‘lubiyatini tan oldi.
Erkaklar o‘rtasida Denis Istomin va Farrux Do‘stov pokistonlik Muhammad Obid va Muzammil Murtazoni birinchi setda tay-brekda ikkinchi setda esa 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Og‘ir atletika bo‘yicha ishtirok etgan hamyurtimiz Adhamjon Ergashev dast ko‘tarishda 136 kg, siltab ko‘tarishda 162 kg toshni o‘ziga bo‘y sundira oldi va jami 298 kg natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Akademik eshkak eshish sport turi bo‘yicha bugun yakkalik, ikki va to‘rt kishidan iborat eshkak eshuvchilarimiz yarim final bahslarida ishtirok etishdi. Jasurbek Mavlonov yakka qayiqda umumiy beshinchi natija bilan B finalida ishtirok etadigan bo‘ldi. Shahboz Xolmurzayev va Shahboz Abdujabborovdan iborat ikki kishilik guruh esa 2000 metr masofani 7 daqiqa 05.19 soniyada bosib o‘tib, finalga yo‘l oldi. Zafar Usmonov, Islom Mambetnazarov, Shehroz Hakimov va Otamurod Rahimovdan iborat to‘rt kishilik qayiqdagi sportchilarimiz marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va final uchun yo‘llanmani naqd qildi.
Kanoechilarimiz Alibek Temirgaliyev va Abubakir Bukanov finalga chiqdi. Temirgaliyev saralashda ikkinchi, Bukanov esa o‘ninchi natijani ko‘rsatdi. Final 22 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Slalomda eshkak eshish bo‘yicha saralash bahslarida Ramil Kirpichev va Jonibek Temirgaliyev ishtirok etdi. Temirgaliyev 10, Kirpichev 13-o‘rinni olib finalga chiqdi.
Sarvar IS’HOQOV,
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mutaxassisi
PS: Gazetamizning ushbu sonini tayyorlash paytida Indoneziyadan ajoyib xushxabar tarqaldi. 80 kg vaznda dayanga chiqqan mohir taekvondo ustamiz Nikita Rafalovich barcha raqiblarini mag‘lub etib, yakunda Osiyo o‘yinlari g‘olibi degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.