Ta’lim sifati va samaradorligi oshirilmoqda

Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirishga bo‘lgan e’tibor yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, umumta’lim maktablari uchun ta’lim standartlari talablariga muvofiq yuqori samarali multimediya vositalari hamda o‘quv adabiyotlari va qo‘llanmalarning kompyuter elektron turlarini yaratishning yo‘lga qo‘yilganligi soha rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida «Ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan tizimli ravishda ta’minlash masalalari, dars jarayoniga axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish borasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar» mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida ham ushbu masala xususida so‘z bordi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov­ so‘zga chiqib, o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Yangi o‘quv yilida umuta’lim maktablarining 1-, 4-, 6-, 7-sinf o‘quvchilari uchun jami 392 nomda 22 million 533 ming 772 nusxadagi darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, joylarga yetkazildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Omonulla Yunusov 2013-2014 o‘quv yilida nashr qilingan darsliklarning chop etish jarayoni, ularning sifati xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, anjumanda nashr qilingan darsliklarning elektron shakli www.uzedu.uz saytiga joylashtirilgani, 1-sinflar uchun yaratilgan «Kids' English» ingliz tili darslik majmuasiga qo‘shimcha ravishda o‘qituvchilar va ota-onalar uchun o‘zbek tilida 446 ming 84 nusxa hamda rus tilida 59 ming 974 nusxa qo‘llanma chop etilib, joylarga to‘liq yetkazilgani ta’kidlandi. Bundan tashqari tadbirda zamonaviy o‘quv kompyuter sinflari bilan ta’minlangan umumta’lim maktablarining soni ortib, ATKdan foydalanish samaradorligi oshirilib borayotganligi xususida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir so‘nggida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.

Jamila HAYDAROVA

Yana o‘qing:  Talabalarimizning dastlabki medallari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: