Osiyoda paralimpiya harakatini rivojlantirish yo‘lida
Poytaxtimizda «Osiyoda Paralimpiya harakatini rivojlantirish» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya uyushmasi tomonidan Osiyo paralimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Osiyoning 23 davlatidan tashrif buyurgan Paralimpiya qo‘mitalari vakillari, shuningdek, Inchon Paraosiyo o‘yinlari (Janubiy Koreya) tashkiliy qo‘mitasi a’zolari qatnashdi.
Osiyo paralimpiya qo‘mitasining ilk anjumani bo‘lgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy paralimpiya uyushmasi raisi Asatilla Salimov mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogiron va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, bu borada imkoniyati cheklangan insonlarning sport tadbirlarida ishtirok etishi va sportning paralimpiya turlari bilan shug‘ullanayotgan nogironlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 25 fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori bunga yorqin isbot bo‘la oladi.
2012 yili Londonda bo‘lib o‘tgan XIV Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik o‘n nafar paralimpiyachi yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Dunyoning 166 mamlakatidan qariyb 4200 paralimpiya sportchisi ishtirok etgan ushbu musobaqalarda dzyudochimiz Sharif Xalilov kumush medalga sazovor bo‘ldi. Suzish musobaqalarida qatnashgan 17 yoshli Kirill Pankov yozgi XIV Paralimpiya o‘yinlari tarixidan Osiyo rekordini ikki marta o‘rnatgan sportchi sifatida o‘rin oldi. O‘zbekiston paralimpiya sportchilarining bu va boshqa yutuqlari xalqaro sport tashkilotlari tomonidan bir necha bor e’tirof etilib, yuqori baholandi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Milliy paralimpiya uyushmasining samarali faoliyatini yuksak baholadi. Osiyo paralimpiya qo‘mitasining 2010 yil Guanchjouda bo‘lib o‘tgan Bosh assambleyasida mamlakatimiz paralimpiya uyushmasi Markaziy Osiyodagi eng faol va rivojlangan uyushma, deb topilgan edi. Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Dato Zaynal Abu Zarin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun Osiyoda paralimpiya harakatini rivojlantirishga qo‘shayotgan yuksak hissasini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Osiyo paralimpiya qo‘mitasi ordeni bilan taqdirlandi.
Xalqaro anjumanda 2020 yilga mo‘ljallangan Osiyo paralimpiya harakati dasturini rivojlantirish, uning ijrosini ta’minlash vazifalari muhokama qilindi, Osiyo paralimpiya harakatining 2020 yilgacha mo‘ljallangan Toshkent deklaratsiyasi ko‘rib chiqildi.
Bobur OBIDOV,
O‘zA muxbiri