Illatning oldini olgan afzal
Inson o‘tkir spirtli ichimlik tayyorlashni o‘rganib olgandan buyon ushbu ofat domiga tushib qolmaslik uchun kurashib keladi. Afsuski, bugungi kunga kelib hatto o‘smir yoshlar o‘rtasida ham ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlik singari illatlarga ruju qo‘yish holatlari ko‘paymoqda.
Albatta, hech kim kashanda, giyohvand yoki «tug‘ma ichuvchi» bo‘lib dunyoga kelmaydi. Bunga ko‘proq muhit ta’sir o‘tkazadi, bir necha omillar sabab shu ko‘yga tushadi. Masalan, tug‘ilgan kun, turli oilaviy tadbirlar va to‘y-tantanalarda aksar hollarda biz, kattalarning qistovi bilan «oz-oz»dan boshlanadi. Bora-bora bu odat tusiga kiradi. Tungi klub, restoran yoki barda tun yarmigacha qolib spirtli ichimlik iste’mol qilish esa bu illat domiga tushib qolganlikni anglatadi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ichkilikbozlik kabi tuzalishi qiyin bo‘lgan «vabo» tarqalishiga ota-onalarning o‘z yumushi bilan bandligi, bolalarni nazoratsiz qoldirishi, oilaviy nizolar, ortiqcha boylik orttirishga ruju qo‘yish va boshqa omillar sabab bo‘lmoqda. Natijada ichkilik oqibatida sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlar, zo‘ravonlik, tan jarohati yetkazish kabi jirkanch hodisalarga guvoh bo‘layapmiz. Xo‘sh, bu muammoni qanday yechish mumkin?
Yevropa mamlakatlarida ham spirtli ichimliklar iste’moliga ma’lum bir cheklovlar mavjud. Masalan, Turkiyaning Antaliya viloyatida rasmiy mehmonxona va ichkilik ichiladigan manzillardan tashqarida alkogol iste’mol qilish taqiqlangan. Taqiq parklar, bog‘lar, xiyobonlar, turar joy dahalari va sayr hududlariga taalluqli. Shuningdek, spirtli ichimlikni atrofdagilar noroziligiga sabab bo‘ladigan tarzda iste’mol qilish ham man etilgan. Mazkur cheklovlarga rioya qilmaganlar 100 turk lirasi (28 AQSH dollari) miqdorida jarimaga tortiladi. Ushbu davlatda kechki soat 23.00 dan so‘ng spirtli ichimliklar sotilmaydi. Ukrainada esa spirtli ichimlik 22.00 gacha sotiladi, xolos. Undan keyin bu «balo» bilan savdo qilishga qonun yo‘l bermaydi.
Shunday ekan, bizning yurtimizda ham mazkur illatning oldini olish maqsadida alkogolli ichimliklarni kech soat 21.00 dan keyin sotishni taqiqlash tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘z kelajagini o‘ylagan jamiyat shunday yo‘l tutmog‘i har tomonlama o‘rinli va maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Jo‘ldas Abdujamilov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.