Bugundan boshlab respublikamizning barcha hududlarida maktab yarmarkalari faoliyati boshlanadi

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga qaraganda 10 sentyabrga qadar jami 1325 ta maktab yarmarkalaridan umumta’lim maktablari o‘quvchilariga asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechak va poyabzallar sotib olish mumkin bo‘ladi.

Maktab yarmarkalarining 931 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilib, ularga 5941 ta maktablar biriktirilgan. Bu yarmarkalardan 3 mln. nafardan ortiq o‘quvchilar, 293 ta aholi gavjum bozorlar hududi va atroflarida tashkil etilgan 528 ta yirik savdo komplekslari va do‘konlarda esa 2 mln. nafardan ortiq o‘quvchilar foydalanishi rejalashtirilgan.

Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etiladi.

Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan.

Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, “O‘zdavkitobsavdota’minoti”, “Sharq” kompaniyasi va “Sharq ziyokori” MCHJ yetkazib beradi. Yetkazib berilgan mahsulotlarning saqlanishi, ularni yong‘indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda boshqa zaruriy xavfsizlik choralari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Mahalliy hokimliklar, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda maktab yarmarkalarida savdosi tashkil etilayotgan mahsulotlarning O‘zbekiston Respublikasidagi amaldagi standartlar talablariga javob berishini hamda ularning sifatini nazorat qiladi.

Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narx-navolarining sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularda to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy hokimliklar va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan,-deyiladi vazirlik ma’lumotida.

O‘zA

Yana o‘qing:  Toshkent poliklinikalari tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsata boshlaydi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: