Obod diyorda qadrimiz baland
Turg‘un AZLAROV,
O‘zbekiston Qahramoni,
Shayxontohur tumanidagi 40-umum-ta’lim maktabi matematika va informatika fanlari o‘qituvchisi
– O‘zbekistonda yoshlarimizning mustahkam bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ularning iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida ko‘plab ijtimoiy loyihalar amalga oshirilayotir. El farzandlari ham o‘z navbatida ana shu e’tibor va g‘amxo‘rliklarga munosib tarzda javob berishmoqda. Zero, qaysi sohada bo‘lmasin, yurtimiz dovrug‘ini yanada oshirayotgan yoshlarimiz talaygina.
Hozirda diyorimizda yashayotgan hamma millat va elatlar farzandlari bir xil – zamonaviy qulayliklarga ega ziyo maskanlarida tahsil olmoqda, san’at va sport sirlarini mukammal o‘rganmoqda. Shunga mushtarak ravishda xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, dunyo maydonlarida o‘zbekistonlik yoshlar nimalarga qodir ekanligini namoyon etmoqdalar.
Bu yutuqlarning barchasi mustaqillik sharofati hamda yoshlarga yaratilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor samarasidir.
Shu bilan birga biz o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor ham mana shu ezgu ishlarning davomidir.
Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz kamtarona mehnatlarimni yuqori baholab, «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga munosib topgani inson qadri baland yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmasligiga yaqqol misol bo‘ladi. Bu esa qalbimda yuksak g‘urur va iftixor hislarini uyg‘otdi.
Mana shunday yuksak e’tiborga loyiq topilganimdan nihoyatda mamnun bo‘ldim. Shu bilan birga bu ishonch zimmamga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Shu mukofotni oqlarmikanman degan fikr bilan, hali oldinda qilinajak ishlarim bisyor ekanligini his etdim.
Tez orada yangi o‘quv yili ham boshlanadi. Maktabimiz bilan bir qatorda men ham yangi o‘quv yiliga yangi rejalar tuzib, katta tayyorgarlik ko‘rmoqdaman.
Shu munosabat bilan barcha yurtdoshlarimizni ulug‘ bayramimiz, mustaqilligimizning 22 yillik tantanalari bilan qizg‘in muborakbod etaman.