Tilla zanjir azobi

“Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi” deydi dono xalqimiz. Biroq, Abdumajid bu hikmatga hech qachon amal qilmagan. Amal qilganda edi, bugun qilmishidan uyalib, el oldida, yaqinlari orasida uchinchi marotaba yuzi shuvit bo‘lmas edi. Agar biror ishni mahkam boshini tutib, oila, ro‘zg‘or uchun jonsarak bo‘lganda edi, bugun unga navbatdagi sud hukmi o‘qilmagan bo‘lardi…

Kuni bo‘yi uyda o‘tirib zerikkan Abdumajid tezda ko‘chaga otlandi. Tanish-bilishlariga qo‘ng‘iroq qildi, aksiga olib hamma o‘z ishi bilan band. Hafsalasi pir bo‘lgan Abdumajid “Yalang‘och” mavzesidagi bozorcha atrofida xuddi o‘lja poylayotgan tulkidek aylanib qoldi. Bir mahal bozorcha atrofida sayr qilib yurgan ikki ayol uning e’tiborini tortdi. Yosh ayolning bo‘ynidagi katta tilla zanjiriga ko‘zi tushgan yigit bir yutinib qo‘ydi.

“Ona-bola shekilli, bir-biriga judayam o‘xsharkan. Qo‘lidagi chaqaloq nabirasi bo‘lsa kerak” tusmolladi u. Darhol qing‘ir reja tuzdi. Uning xayolini chaqaloqni ovutolmay xunob bo‘layotgan kelinchakning bo‘ynidagi tilla zanjir tamoman band qilgan edi. U payt poylay boshladi. Go‘yo telefonda gaplashib ketayotgan yo‘lovchidek ayolning yoniga yaqinlashdi.

Shayton izmiga bo‘ysungan Abdumajid ayolning bo‘yniga qo‘l soldi. Taqinchoqni yulib oldi-yu, o‘zini ko‘p qavatli uylar orasiga urdi va bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ona-bolaning dod-faryodidan, yordamga chaqirgan hayqirig‘idan voqeaga guvoh bo‘lib turgan 3-4 odam o‘g‘rining orqasidan chopdi. Ikki jabrdiyda ko‘rguligidan shu hududda xizmatda bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari xabar topishdi.

Oradan hech qancha fursat o‘tmasdan tilla zanjirning vaqtincha “xo‘jayin”i qo‘lga tushdi. Xodimlarning tezkor xarakatlari tufayli uzoqqa ketolmagan “qaxramonimiz” taqinchoqni o‘z qo‘li bilan egasiga qaytardi.

O‘zganing mulkini talon-taroj qilib, qabih rejasi amalga oshmagan yigit bugun yana qora kursida. Oson pul topish ilinjida noto‘g‘ri qo‘yilgan qadam hech qachon xayrli bo‘lmagan. Shunday kilib, sud Abdumajidni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,166-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, Jinoyat kodeksining 25,166-moddasi 1-qismi bilan JKning 60,61-moddalariga asosan ilgarigi hukm yuzasidan o‘talmagan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 7 (etti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

 

Farrux TURAXODJAYEV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi

Yana o‘qing:  Ishsizlik bo‘yicha sug‘urtalash tizimi joriy etiladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: