Ana, “olabo‘ji” kelyapti yoxud bolalar nega qo‘rqadi?

Ertalab har galgiday barvaqt ishga otlandim. Eshik oldida kerakli narsalarimni bir qur ko‘zdan kechirayotsam, o‘g‘lim Azizbek yugurib yonimga keldi-da, “Oyi, uyda kimdir bor” deya meni mahkam quchoqlab oldi. Bu holatdan o‘zim ham vahimaga tushgan bo‘lsamda, ichimdagi qo‘rquvni yengishga harakat qildim. Keyin bilsam ko‘chadagi kuchli shamol sabab bolalar xonasining eshik va derazalari g‘ichirlab, ovoz chiqarayotgan ekan.

Buni qarangki, qo‘rquv bolalardagina emas, balki kattalarda ham tez-tez kuzatiladigan holat hisoblanadi. Lekin har qanday vaziyatda ham insonlar o‘zidagi qo‘rquvni yenga olishi, vahimaga tushmasligi zarur. Aks holda bu organizmdagi ichki, salbiy hissiyotlarning ortib ketishiga sabab bo‘ladi. Aslida kishi hissiyotlarini boshqara olsa, o‘zidagi ishonch va dadillik ortadi.

 

Yosh bolalar ko‘pincha uyda yolg‘iz qolganida qo‘rquvni his etadi. Agar ota-onalar e’tiborsizlik qilsa, qattiq qo‘rqish natijasida ularda jiddiy kasalliklar kelib chiqadi, – deydi psixolog Lola Inagamova. – Qo‘rquvlar ko‘pincha bola o‘zini yolg‘iz his qilganda sodir bo‘ladi. Qolaversa, ular ota-onalarning “ana kuchuk kelayapti, hozir seni yeydi yoki qorong‘uda nimadir seni poylab turibdi”, degan yolg‘on qo‘rqitishlaridan ham vahimaga tushadi.

 

Aslida farzandlaridagi qo‘rquvning sabab va oqibatlarini ota-onalar his etishi, tahlil qilishi lozim. Masalan, bola vahimaga tushganida “Qo‘rqqaningda sen nimani his qilding? Bu holat qanday vujudga keldi?, deb, undan so‘rash va muammoning ildizini topish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari bolalar uyda yolg‘iz o‘zi qolishdan qo‘rqsa, vahimaga sabab bo‘layotgan narsaning ko‘rinishini rangli bo‘yoq va qalamlar yordamida tasvirlash va bu orqali ulardagi qo‘rquvni oldini olish kerak. Qolaversa, loy yoki plastilindan qo‘rqayotgan narsani yasab, so‘ng ularni g‘ijimlab “Ana ko‘rdingmi, sen qo‘rqayotgan narsani butunlay yo‘q qilib tashladik” deya ularni ishontirish kerak bo‘ladi. Bu usul muammoni hal etishda ijobiy samara beradi.

Bundan tashqari qo‘rqayotgan narsani qog‘ozda tasvirlab, so‘ng uni olovda yoqib yuborish bilan ham bolani vahimadan xalos etish mumkin. Bu usul ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch va ichki xotirjamlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, ota-onalar farzandini bezovta qilayotgan salbiy omillarga e’tiborli bo‘lishlari, beg‘ubor bolajonlarni yoshligidan sog‘lom va jasur qilib tarbiyalashlari zarur.

Yana o‘qing:  Ultratovush me’da-ichakda dorilar so‘rilishini tezlashtiradi

 

Dilfuza AZIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: