Badiiy gimnastika yuksalish yo‘lida
Badiiy gimnastika – sportning nafis turi bo‘lib, keyingi yillarda yurtimizda u bilan shug‘ullanuvchi qizlar soni tobora ortib borayotir. Buni gimnastaikachilarimizning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlarida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Aytish mumkinki, mustaqillik yillarida badiiy gimnastikani rivojlantirish va ommalashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Natijada barcha viloyatlarda mazkur sport turini keng targ‘ib qilish va u bilan shug‘ullanuvchi qizlar safini kengaytirish sezilarli darajada yaxshilandi. Sportchi qizlarimiz badiiy gimnastika texnikasi, sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirib, o‘z tajriba va mahoratlarini kun sayin oshirib bormoqdalar. Gimnastikachilarimizning erishayotgan yutuqlaridan, ayniqsa, ota-onalar behad mamnun bo‘lmoqda. Jumladan, Andijon viloyatidan Ulug‘nor gimnastika maktabi tarbiyalanuvchisi Madina Nuraliyevaning onasi Oqilaxon Marahimova qizining qo‘lga kiritgan g‘alabalaridan faxrlanib shunday dedi:
– Bugun mamlakatimizda bolalar sportiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizning har jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida ko‘plab sport inshootlari bunyod etilayotir. Yoshlarimiz ham bunga javoban sport bilan muntazam shug‘ullanib, xalqaro maydonlarda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishmoqda.
Madinani ilk bor chiroyli, zamonaviy gimnastika zaliga yetaklab borganimda, kelajakda uning mohir gimnastikachi bo‘lib yetishishini orzu qilgan edim. Shukrki, qilgan ezgu niyatlarim amalga oshib, bugun farzandim sportda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda.
Joriy yilda sportning badiiy gimnastika turi bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan qizlar soni 35 ming 854 nafarga yetdi. Vaholanki, ushbu ko‘rsatgich 2003 yilda 1 ming 646 nafarni tashkil etgan.
Sportga qaratilayotgan bu kabi e’tibor sabab ko‘plab nufuzli sport musobaqalari yurtimizda o‘tkazilmoqda. Xabaringiz bor, joriy yilda poytaxtimizdagi «Universal» sport saroyida badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon Kubogi bosqichi musobaqalari va «Happy Caravan» xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Mazkur sport anjumani Xalqaro gimnastika federatsiyasi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etildi. Musobaqada dunyoning eng kuchli gimnastikachilari bilan bir qatorda yurtimizning eng iqtidorli sportchilari ham g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. XVI yozgi Osiyo o‘yinlarining kumush medali sohibasi Ulyana Trofimova, jamoa bellashuvlarida kumush medallarni qo‘lga kiritgan Jamila Rahmatova va Zamira Sanaqulova mazkur musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qildi. Bundan tashqari, Jahon Kubogining mazkur bosqichi musobaqalarining jamoaviy bahslarida Feruza Aminova, Luiza G‘aniyeva, Olga Kiryakova, Zarina Qurbonova, Yekaterina Safronova va Yayra Serjanova kabi iqtidorli gimnastikachi qizlarimiz ham ishtirok etishdi.
Mustaqil O‘zbekistonni bugungi kunda haqli ravishda sport mamlakati deb atash mumkin. Buni nufuzli xalqaro turnirlar, qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida sportchilarimizning qo‘lga kiritayotgan g‘alabalari ham tasdiqlaydi.
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimiz zamirida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir».
Muhabbat XO‘JAMURODOVA