Qalb hamdamim o‘zingsan, bolam…

Qaysiki ota-onadan “baxt siz uchun nima?” deb so‘rangiz, shubhasiz, “farzandimning sog‘-salomat bo‘lishi” deya javob beradi. Darhaqiqat, inson baxti, xotirjamligi, uning qora ko‘zlari, jondan aziz dilbandlarining salomatligi bilan bog‘liq. Ularning xasta bo‘lishi esa ota-ona qalbini butkul vayron qiladi…

Elyorbek va Nigoraxon oilasida dunyoga kelgan yangi mehmon yaqinlari qalbiga cheksiz quvonch olib kirdi. Qizdan so‘ng dunyo yuzini ko‘rgan durkun bolakayga yaqinlarining qalb hamdami, dilni yorutuvchi chirog‘i bo‘lsin, deya Dilyorbek deb ism qo‘yishdi. Afsuski, bir oz vaqt o‘tgach, Dilyorbek tug‘ma yurak xastaligi bilan tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi.

Xasta farzandining shifo topishini istab, ota-onaning yugurmagan joyi, kirmagan eshigi qolmadi. Dilyorbek Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi davolanayotgan kunlarning birida Nigoraxon shifokorlardan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi haqida eshitib qoladi. Bu xabarni zudlik bilan farzandining otasi Elyor akaga yetkazadi. Shundan so‘ng ota-onaning qalbida umid uchqunlari porlaydi.

Koreya Respublikasining Sejong klinikasidan tashrif buyurgan shifokorlar yurtimizdagi bemor bolalarni tekshiruvdan o‘tkazganida ular orasida Dilyorbek ham bor edi. Bolakay to‘liq tekshiruvlardan o‘tgach, unga Janubiy Koreyada operatsiya qilish uchun yo‘llanma beriladi.

 

– Koreyaga farzandim bilan birgalikda meni ham olib ketishdi. O‘g‘lim jarrohlik amaliyotiga kirib ketgach, go‘yo yuragim to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tgani haqidagi xushxabarni eshitgan onimni hech qachon unutmasam kerak. Ishonsangiz, o‘sha payt qayta dunyoga kelgandek bo‘ldim. Shu o‘rinda o‘g‘limning salomatligini tiklashda bizga beminnat yordam ko‘rsatgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining barcha fidoyi va jonkuyar xodimlariga, xususan, shifokorlarga o‘zimning chuqur minnatdorligimni bildiraman, – deydi Dilyorbekning onasi Nigora Karimboyeva.

 

Boylikning boshi – sog‘liq, deydi dono xalqimiz. Shunday ekan doimo salomatligimizga e’tiborli bo‘laylik.

 

X. HUSENOVA

Yana o‘qing:  “Kampirdevor” bitiklari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: