Bilim maskanlari yangi o‘quv yiliga shay
Poytaxtimizdagi Milliy Matbuot markazida Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.
Tadbirda boshqarmaning mas’ul xodimlari, Toshkent shahar o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, «Yoshlik» ko‘ngilli sport jamiyati vakillari, «Ta’lim-ta’minot» korxonasi, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudirlari, ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Ular yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik borasida o‘quv binolarini ta’mirlash, investitsiya dasturining bajarilishi, o‘qituvchilarning navbatdagi o‘quv yiliga tayyorgarligi, Avgust kengashlarining tashkil etilishi, yosh kadrlarni ishga jalb etish, darsliklar bilan ta’minlash, «Maktab bozorlari» faoliyati yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Aytish mumkinki, o‘quvchilar va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida shahardagi 24 ta umumta’lim maktablarida 1 avgustdan 1 sentyabrga qadar “maktab bozorlari” faoliyat ko‘rsatadi.
Anjumanda «maktab bozorlari»da sotilayotgan o‘quv qurollari, o‘quvchilar kiyimi hamda yangi o‘quv yilida nashr etilgan darsliklar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha hamda 1-sinfdan chet tillarini o‘qitishga tayyorgarlik borasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z bordi.
Mazkur anjumanda ko‘rilgan masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
M.XO‘JAMURODOVA