Tinchlik, bag‘rikenglik va do‘stlik tarannumi

Samarqand shahrida 27 avgust kuni «Sharq taronalari» to‘qqizinchi xalqaro musiqa festivali boshlandi.San’at ko‘ngillarni, millatlarni birlashtiruvchi juda kuchli ta’sir vositasidir. Ayniqsa, musiqa san’ati qaysi tilda ijro etilishidan qat’iy nazar, agar u dildan yangrasa, ko‘ngillarga yetib boradi va uni tushunish uchun hech qanday tarjimonning keragi yo‘q.

Mamlakatimizda ana shunday dildan chiqqan musiqa ijrochilarining «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish an’anaga aylanib ulgurgan.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan «Sharq taronalari» xal­qaro musiqa festivali xalqlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, musiqa va qo‘shiq orqali odamlar qalbida ezgu tuyg‘ularni uyg‘otish, mushtarak tomirlarni bir-biriga yaqinlashtirishdek olijanob maqsadlarga xizmat qilmoqda. 1997 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan mazkur anjuman dunyo xalqlarining noyob musiqiy merosi va an’analarini rivojlantirish, unutilayotgan uslub va maktablarni tiklash, mamlakatimizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.

27 avgust kuni mazkur anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Muhtasham Registon maydonining qadim minoralari, niliy gumbazlari rango-rang chiroqlar yog‘dusida jilolanadi. Ulug‘vor obidalar qalblarga bayramona ruh, anjumanga shukuh bag‘ishlaydi. Maydondagi ulkan amfiteatr an’anaviy «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimiga yig‘ilgan tomoshabinlar bilan to‘lgan. Ular orasida festival qatnashchilari va mehmonlari, san’at namoyandalari, musiqashunos olimlar, san’at ixlosmandlari, chet ellik jurnalist­lar, sayyohlar bor.

Davlatimiz rahbari «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur festivalning mazmun-mohiyati, jahonda tinchlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi, festival ishtirokchilariga ijodiy zafarlar tiladi.

Marosimda so‘zga chiqqan YUNYeSKO Bosh direktori Irina Bokova O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini, Prezident Islom Karimov tomonidan asos solingan «Sharq taronalari» festivali ana shu e’tiborning yuksak namunasi ekanini ta’kidladi.

«Sharq taronalari»ning mazmun-mohiyatida ana shunday umuminsoniy qadriyatlar mujassamligi bois ham bu festival dunyo jamoatchiligi e’tiborini tobora keng qozonmoqda. Festival jahondagi nufuzli musiqa anjumanlari qatoridan munosib o‘rin egalladi. Ko‘plab mamlakatlar, xalqaro madaniyat tashkilotlari, mashhur san’at namoyandalarining bu festivalga qiziqishi va e’tibori ortib, ishtirokchi mamlakatlar safi kengayib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Xususan, 1997 yilda o‘tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi anjumanga Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerikadagi 52 davlatdan san’at namoyandalari tashrif buyurdi. Festival Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNYeSKO shafeligida o‘tkazilayotgani ham anjumanning yuksak maqom va nufuzini ko‘rsatadi.

Yana o‘qing:  MEHMONDAGI MUHIM G‘ALABA

Ushbu festival yangi nomlarni kashf etish, san’at va san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ayni chog‘da milliy musiqa san’atimizni, mamlakatimiz taraqqiyoti va sayyohlik salohiyatini butun dunyoga namoyish etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Festival san’atkorlarning ijodiy izlanishi, o‘zaro fikr va tajriba almashishida ham muhim ahamiyat kasb etayotir. Anjuman doirasida o‘tkaziladigan turli madaniy tadbirlar, «Sharq musiqa an’analari zamonaviy madaniyat tizimida» mavzusidagi ilmiy konferensiya buning uchun keng imkoniyat yaratadi.

Festival qatnashchilari Registon maydonidagi asosiy sahnadan tashqari, shahardagi «Mo‘jiza» va «Nihol» amfiteatrlari, «Yoshlik» istirohat bog‘i, Samarqand, Pastdarg‘om, Jomboy, Oqdaryo tumanlarida konsert dasturlarini namoyish etishi, san’at ixlosmandlari bilan uchrashuvlar ko‘zda tutilgan.

Anjuman ishtirokchilari va mehmonlari Samarqandning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilish, afsonaviy Sharq timsoli bo‘lmish bozorlarimizni ko‘rish, istiqlol yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va mehmondo‘st xalqimiz bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xalqaro musiqa festivali ochilishiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan tomoshalar anjuman ishtirokchilari va mehmonlarida katta taassurot qoldirdi. Festival sun’iy yo‘ldosh orqali ko‘plab xorijiy mamlakatlarga uzatildi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: