Boqiy hurriyat
Iftixor bayrami bu,
Istiqlol ayyomi bu,
Baxtu shodlik dami bu –
Mustaqillik kuni.
Hilpiraydi bayrog'im,
Istiqbolim mayog'i,
Ey, ko'zimning qarog'i,
Mustaqillik kuni.
Taralar rayhon bo'yi,
O'z tuprog'im, o'z uyim.
O'zbekning katta to'yi –
Mustaqillik kuni.
El bir tan, bir jon bo'lar,
Ezguliklar jam bo'lar,
Jo'sh urur sof tuyg'ular –
Mustaqillik kuni.
Boqiy bo'lsin hurriyat,
Xalq farovon, yurt obod.
Bolalar ham quvnoq, shod
Mustaqillik kuni.
Porlar iqbol quyoshi,
Oqil sarbon Yurtboshi.
Qutlug' bo'lsin, yurtdoshim,
Mustaqillik kuni!