Nihol parvarishi – eng xayrli ish
Kuni kecha san’at sohasida samarali ijod qilayotgan bir guruh iste’dodli yoshlarga «Nihol» Davlat mukofoti topshirildi. Taqdirlanganlar orasida yosh estrada xonandasi Sherzod Ortiqov (Sherzodbek)ning ham borligi muxlislarni quvontirdi.
Quyida muxbirimizning Sherzodbek hamda uning onasi Tuhfaniso Ortiqova bilan kechgan suhbatini e’tiboringizga havola qilamiz.
Muxbir: Sherzodbek, avvalo, mukofot muborak bo‘lsin! Eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan bu yana ham zavqli, yana ham hayajonli bo‘lsa kerak. Bugun mamlakatimizda yoshlarga juda keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda va o‘z o‘rnida rag‘batlantirilmoqda. Siz mana shu rag‘batdan bahramand yoshlardan biri – davlatimizning nufuzli «Nihol» mukofoti sovrindorisiz…
Sherzodbek: Rahmat. Chindan ham bugun yurtimizda biz yoshlarga katta imkoniyatlar yaratib berilmoqda. San’at sohasida, sportdami, barchasida bu yuksalishni ko‘rish mumkin. O‘tkazilayotgan tanlovlar, musobaqalarning hammasi yoshlarning iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Birgina sportning o‘zidan mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan uch bosqichli sport o‘yinlari – «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va «Unversiada» sport musobaqalari qancha-qancha sportchi yoshlarni kashf etdi. Shu kabi «Nihol» mukofoti uchun o‘tkazilayotgan tanlovlarda ham ko‘plab iqtidorli yoshlarning orzu-umidlari ushalmoqda. Faqat tinchlik hukmron, osmoni musaffo yurtda bayramlar bo‘ladi, tanlov va musobaqalar tashkil etiladi, mukofotlar beriladi. Yurtimizga ko‘z tegmasin!..
Ushbu nufuzli mukofot uchun o‘tkazilgan tanlovga qadar «Yagonasan, muqaddas Vatan!» respublika tanlovi, «Mardi maydon» qo‘shiqlar festivallarida ishtirok etganman. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi akademik litseyda o‘qib yurgan kezlarim «O‘zbeknavo» estrada birlashmasining maxsus stipendiyasiga sazovor bo‘lganman. O‘tgan yillarda «Nihol» mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovlarning saralash bosqichlarida qatnashganman.
Muxbir: Xalqimizda «ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar», degan ajoyib naql bor. Buning isbotini ayrim yosh ijrochilarning «ijod»ida ko‘ramiz. Sizda aksincha, bolaligingizdan bugungi kungacha ham musiqa ilmini o‘rganib kelmoqdasiz. Ustozlaringiz haqida so‘zlab bering.
Sherzodbek: 1-sinfdan Gliyer nomidagi musiqa maktabida o‘qiganman. Ustozim Murod aka Toshmuhamedovdan g‘ijjak musiqa asbobida kuy ijro etishning sir-asrorlarini o‘rgandim. U kishi birinchi bo‘lib qo‘limga soz ushlashni o‘rgatdi. Akademik litseyda ham g‘ijjak yo‘nalishida saboq oldim. Ustozim O‘tkir Qodirov shu yo‘nalishda bor bilim va mahoratini o‘rgatdi. Akademik litseyni tamomlayotgan kezlar ustozlarim ovoz imkoniyatlarimni sinab ko‘rib, Konservatoriyaning opera yo‘nalishiga hujjat topshirishimni tavsiya etishdi. Imtihonlardan yuqori ballar to‘plab, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida opera yo‘nalishida tahsil oldim. Ustozim Egamberdi Tursunovdan ushbu san’at sirlarini o‘rgandim. Eng quvonarlisi, ustozim hayotda ham maslakdoshim bo‘ldi.
Muxbir: Iste’dodning yuzaga chiqishida oiladagi muhit muhim rol o‘ynaydi. Bilamizki, oilangizdagilar san’atga begona emas. Iste’dod, sizning nazaringizda qanday tushuncha?
Sherzodbek: Oilamizda barcha san’atga qiziqadi. Dadam (rahmatli) boshqa sohada faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, rubobda maromiga yetkazib kuy ijro etgan va qo‘shiq kuylagan. Onam ham qo‘shiqchilik sohasida ijod qiladi. Xalqimizning an’analari – folklor qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro etadi. San’at sohasida muvaffaqiyatlarga erishishimda ustozlarim qatori, albatta, onamning ham o‘rni bor. Singlim ham musiqa maktabida tahsil olgan. Ammo u san’atning boshqa yo‘nalishini tanladi. Hozirda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olmoqda.
Nazarimda iste’dod insonning o‘zi bilan birga dunyoga keladi. Bir matbuot nashrida o‘qigan edim, har bir bola iste’dod bilan dunyoga kelar ekan. Faqat uni ota-ona o‘z vaqtida aniqlab, bolaning qiziqishlarini yo‘naltirishi lozim, deb yozilgan. Men ota-onamdan minnatdor bo‘laman, qo‘llab-quvvatlagani, qo‘limdan tutib musiqa maktabiga olib borgani uchun…
Muxbir: Ijodingizni doim kuzatib boraman, qo‘shiqlarni jonli ovozda ijro etasiz. Ko‘plab yosh estrada xonandalarida buning aksini ko‘rish mumkin. Bugun tobora taqchil bo‘lib borayotgan jonli ovozda qo‘shiq kuylash borasida qanday fikr bildirasiz? O‘zingiz qaysi hollarda fonogrammadan foydalanasiz?
Sherzodbek: Asl xonanda, albatta, jonli ijroda qo‘shiq kuylashi kerak. Lekin bu hammaning xohishi. Bu borada tahliliy fikr bildirishga hali tajribam yetmaydi, deb hisoblayman. Hatto to‘y-hashamlarda ham fonogrammadan foydalanayotgan hamkasblarimni ko‘rib, tanamga sig‘dira olmayman… Bilmadim, elning ishonchi san’atkorga eng yuksak baho, menimcha…
Ommaviy tadbirlarda, televideniye va radioda fonogrammadan foydalanaman.
Muxbir: O‘spirinlik pallasi – organizmda o‘zgarish davri. Jumladan ovoz sohasida ham. Bu paytda baland pardalarda qo‘shiq kuylash ovoz sohasida nuqson keltirib chiqarishi mumkin. Ulug‘ san’atkorlarimiz o‘tish davrida ovozni zo‘riqtirmasdan, musiqa asboblarida kuy ijro etishni o‘rgangan ekan, hozir ham bunga amal qilinadimi?
Sherzodbek: O‘smirlik davrimda akademik litseyda tahsil olardim. O‘sha kezlar qo‘shiq kuylamaganman, bu albatta ustozlarimning ko‘rsatmasi bilan amalga oshgan. G‘ijjak sozida kuy ijro etishni mukammal o‘rganganman. Sahnada qo‘shiq kuylayotgan har bir san’atkor biror sozni maromiga yetkazib chala olishi kerak.
Muxbir: Bugun yoshi ulug‘lar «hozir yoshlar kitob o‘qimaydi», degan gapni ko‘p takrorlaydi. Bu fikrga munosabatingiz…
Sherzodbek: Barcha yoshlarni nomidan fikr bildira olmaymanu, ammo men ijodkorman. Bo‘sh qolgan paytlarimda matbuot nashrlari va badiiy kitoblarni o‘qib turaman. Onam ham, ustozlarim ham bolaligimdan shunga o‘rgatgan. Ayniqsa, she’riy kitoblarni onam bilan birga mutolaa qilamiz. Yaxshi she’r chiqsa, u albatta, qo‘shiq bo‘ladi.
Yana bir gap, musiqa maktabida o‘qib yurgan kezlarim she’rlar ham qoralab turardim. So‘ngra qo‘shiq qilib xirgoyi qilardim.
Uka-singillarimga shuni tavsiya qilar edimki, kitob o‘qigan odamning o‘z fikri, munosabati bo‘ladi. Fikri borning so‘zi butun bo‘ladi. «Hozir yoshlar kitob o‘qimaydi», degan «katta»larning samimiy tanbehlari bir taraflama qarash. Hozir yurtimiz yoshlari ko‘plab sohalarda dunyoni lol qoldirmoqda. Masalan, sportda, musiqa, rassomlik, aniq fanlar yo‘nalishida xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Muxbir: Tuhfaniso opa, sizga ham mukofot muborak! Ona uchun farzandning baxtu kamolini ko‘rish, uning ortidan iliq so‘zlarni tinglashdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Shunday emasmi?
Tuhfaniso opa: Rahmat! Bu kunlar mening osmon orzularim edi. Ba’zan yig‘lab kutganman. Xalqimiz farzandlari barchasi iste’dodli, iqtidorli. Mening farzandlarim ham ular qatorida o‘qib, izlanib, o‘z ustida ishlab muvaffaqiyatlarga erishmoqda. O‘g‘lim Sherzodbekning ijodi, iste’dodini yuqori baholab nufuzli «Nihol» Davlat mukofoti bilan taqdirlaganidan bag‘oyat mamnun bo‘ldim.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, elning turmushi obod, jumladan yoshlar uchun ham barcha shart-sharoitlar muhayyo. Ona sifatida farzandlarimning yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan barcha imkoniyatlardan foydalanishiga zamin yaratdim. Shukronalar bo‘lsin, ana shu mehnatlarim mevasidan bahra olayapman.
Hayot pastu balandliklar, chig‘irig‘u sinovlardan iborat. Boshimdan mushkul damlar kechgan. Umr yo‘ldoshim(rahmatli) Sherbo‘ta akaning qattiq betob bo‘lib to‘shakda qolgani, ro‘zg‘or qiyinchiliklari… Lekin o‘sha kezlarda ham farzandlarimning ilm olishi uchun tirishqoqlik bilan harakat qilganman. Bugun ana shu chekkan zahmatlarim, qilgan mehnatlarimning ortidan farzandlarim kamoli va yutuqlarini ko‘rib turibman.
Muxbir: Bugun o‘zbek san’atiga «shou biznes» degan tushuncha kirib keldi. Haqiqiy iste’dodni yuzaga chiqishida shou biznes qanchalik muhim?
Sherzodbek: Mening nazarimda shou biznesda iqtidorli yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarib uning ortidan daromad ko‘riladi. Bu butun dunyoda ommalashgan. Yurtimizda ham shou biznes ko‘magida ko‘plab iqtidorli yoshlarning orzu-umidlari ro‘yobga chiqmoqda. Ular elning suyukli xonandalariga aylangan.
Muxbir: Yaqinda muhtasham «Istiqlol» san’at saroyida jonli ijroda ilk hisobot konsertingizni muxlislaringizga taqdim etasiz. Nafaqat yosh ijrochilar, balki elimiz sevgan ko‘plab san’atkorlar ham bu saroyda jonli ijroda konsert berishga cho‘chiydilar. Bu borada sizning tutgan yo‘lingiz tahsinga loyiq…
Sherzodbek: Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik kunidan so‘ng muxlislarimiz uchun konsert berishni rejalashtirganmiz. Joriy yilning 10 sentyabr kuni ilk yakkaxon konsert dasturini o‘tkazamiz. To‘g‘ri, jonli ijroda qo‘shiq kuylashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, birinchi navbatda muxlislarning salobati bosadi. So‘ngra musiqa va ovoz uyg‘unligi zarur. Buning uchun katta tayyorgarlik kerak bo‘ladi. Ammo baribir qo‘shiqlarni jonli ijro etish men uchun maroqli…
Muxbir: Sog‘lom turmush tarziga to‘la rioya etish sana’tkorlar hayotida muhim o‘rin tutadi. Siz ham bo‘sh vaqtlaringizda sport bilan shug‘ullanib turasizmi?
Sherzodbek: Nafaqat san’atkorlar, sog‘lom turmush tarziga rioya etish har bir inson uchun muhim. Tongda uyg‘onib, yengil gimnastika qilgan inson kuni bo‘yi ziyrak, kayfiyati chog‘ yuradi.
Bolaligimda musiqa bilan birga sport to‘garaklariga ham qatnashganman. Sportning taekvondo turi bo‘yicha bir necha belbog‘lar sohibiman. Akrobatikadan ham boxabarman…
Muxbir: Sizning bir paytning o‘zida sportchi ekaningiz muxlislar uchun yangilik… omad hamisha tark etmasin. Sherzodbek, mazmunli suhbat uchun rahmat!
Suhbatdosh:
Sherzod Xudoyqulov