Sotilgan hovli
Do‘stimning iltimosi bilan unga hamroh bo‘ldim. U shahar chekkasidagi chala bitgan imoratni sotib olgan, ayni paytda uyni qabul qilib olishga borayotgan ekan.
Imorat deganlari pastakkina devor bilan o‘ralgan, darvozasiz, ikkitagina kichik xonadan iborat “vremenka” ekan. Do‘stimning aytishicha, turmush o‘rtog‘i avtomobil halokatida vafot etgan ayol uyni sotib, qishloqqa, qarindoshlari yoniga ko‘chib ketishga majbur bo‘libdi.
Uyning sobiq sohibasi ko‘ch-ko‘ronini yig‘ib, taraddudlanib turgan ekan. Kalitni do‘stimga tutqazdi-yu, xayrlashib, ko‘chada turgan eski yuk mashinasiga o‘tirdi.
Do‘stim bilan hovlini aylanib ulgurmagan ham edik, ko‘chada yana yuk mashinasi kelib to‘xtadi. Undan halloslab tushgan uyning sobiq sohibasi do‘stimdan uzr so‘radi-yu, qo‘lidagi “baklashka”dan hovliga zeb berib yashnab, turgan ikki tup atirgulga suv quydi. Ancha vaqt gullarga termulib turdi. Ko‘chadan mashina signali eshitilgach, u uyqudan uyg‘ongandek, cho‘chib tushdi.
– Uzr, ukajon, – dedi ayol do‘stimga yuzlanib. – Sizdan iltimos, gullarimga yaxshilab qarang. Qo‘shnining echkisi yomon…
Nuriddin EGAMOV